21:20 / 10.02.2018
7 025

Notariusda navbatda turmaslik uchun nima qilish kerak?

Notariusda navbatda turmaslik uchun nima qilish kerak?
Kundalik hayotimizda eng ko‘p ishimiz tushadigan davlat idoralaridan biri bu — notarial idora.

Hali ishonchnoma olish, hali u yoki bu ma’lumotni notarial tasdiqlatish zarurati tug‘iladi. Ammo ular ko‘rsatayotgan xizmatdan ba’zan ko‘nglimiz to‘lmaydi. Nega? Buning javobi turlicha. Ba’zan yugur-yuguri ko‘p, ba’zan esa uzundan-uzun navbat. Harqalay, kerakli paytda ishimiz bitmaydi.

Shuni inobatga olib, notariuslar ish faoliyati yuzasidan Adliya vazirligiga ayrim savollar bilan murojaat etdik. Ularga vazirlik mas’ul xodimi Doniyor YoQUBOV javob berdi.

— 2018 yildan boshlab xususiy notariuslar faoliyati tiklanishi haqida ma’lumotlar chiqqan edi. Bu qachon amalga oshadi?

— Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 116-bandida notariatning faol byudjetdan tashqari modeliga bosqichma-bosqich o‘tish va uni fuqarolik-huquqiy hamda xo‘jalik nizolarini oldini olishga qaratilgan institut sifatida yanada rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Davlat dasturining mazkur bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasida notariat institutini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda hukumatga kiritilgan.

— Xususiy notarius ish boshlagach, fuqaro u orqali barcha notarial harakatlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladimi yoki bunday notarius faqat muayyan xizmatlarni ko‘rsatadimi?


— «Notariat to‘g‘risida»gi qonunning 1-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasida notariat qonunlarda nazarda tutilgan notarial hamda ular bilan bevosita bog‘liq huquqiy va texnik tusdagi harakatlar notariuslar tomonidan amalga oshirish yo‘li bilan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga da’vat etilgan huquqiy institutdir. Shunga ko‘ra, qonunda nazarda tutilgan barcha turdagi notarial harakat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

— Ma’lumki, Toshkent shahrida doimiy propiskasi bo‘lmagan fuqaroga ko‘chmas mulk bilan bog‘liq har qanday notarial harakatlarni amalga oshirishga huquq beradigan ishonchnoma berilmaydi. Bu tartib bekor qilinishi rejalashtirilganmi?

— O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga ko‘ra, bir shaxs (ishonch bildiruvchi) ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun bergan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. O‘z navbatida, ishonchli vakil o‘ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.

«Notariat to‘g‘risida»gi qonunning 47-moddasiga muvofiq, notarius bir yoki bir necha shaxs nomidan bir yoki bir necha shaxs nomiga yozilgan ishonchnomalarni tasdiqlaydi. Shuningdek, ushbu qonunning 39-moddasiga ko‘ra, amalga oshirilgan notarial harakatni, uni kechiktirish yoki amalga oshirishni rad etish to‘g‘risidagi qarorni noto‘g‘ri deb hisoblagan manfaatdor shaxs bu xususda notarial idora turgan joydagi sudga shikoyat qilishga haqli.

Shu bilan birga, notarius notarial harakatni rasmiylashtirishni noqonuniy rad etgan taqdirda Adliya vazirligining «1-008» ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.

— Sir emaski, notarius xizmatidan foydalanishda uzundan-uzun navbatlar yuzaga keladi. Oldindan biror kun belgilab, shu mahal kelish talab etiladi. Notariusga murojaat etgan fuqaro o‘sha kunning o‘zida uning xizmatidan foydalana olishi uchun ayni paytda nima ishlar qilinmoqda?

— «Davlat notarial idoralarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini navbatma-navbat qayd etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomning (2014 yil 30 dekabr) 1-bandida jismoniy va yuridik shaxslar bevosita kelib yoki telefon orqali, yozma, yoxud elektron shaklda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali o‘zi uchun qulay va aniq vaqtda notarius tomonidan qabul qilinishni so‘rab murojaat etishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, mazkur Nizom talablariga ko‘ra, notarius qabul qilishi xususidagi murojaatlar «Notarial harakatlarni amalga oshirish haqidagi murojaatlarni navbatma-navbat qayd etish daftari»ga yozib boriladi. Bu daftarni notariusning yordamchisi yuritadi. U kelib tushgan har bir murojaatni navbat bo‘yicha daftarga kiritadi.

So‘ng, notariusning ish kuni va vaqtini hamda murojaat qiluvchi uchun qulay paytni inobatga olgan holda, notariusning qabul kuni va soatini belgilab, bu haqda murojaat etuvchini xabardor qiladi. Murojaat qiluvchi belgilangan vaqtda notarius qabulida hozir bo‘lishi shart. Belgilangan vaqtdan boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.

— Ba’zan notariusga navbat masalasida e’tiroz bildirilsa, u «Qayoqqa borsang, bor» deya qo‘pol munosabatda bo‘lish hollari ham uchraydi. Shunday paytda fuqaroning haq-huquqini kim himoya qiladi? Kimga murojaat etish kerak?

— Adliya vazirining 2016 yil 30 martdagi buyrug‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlarining odob-axloq qoidalari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, adliya organlari va muassasalari xodimlari, shu jumladan, notariuslar o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, yuksak kasbiy mahorat darajasida bajarishga, umume’tirof etilgan axloq qoidalariga rioya etishga, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lishga, yurish-turish, kiyinish va muomalada o‘z hamkasblariga ijobiy tomondan o‘rnak bo‘lishga majbur. U fuqarolar bilan munosabatda sabr-toqatli bo‘lishi, ularni hurmat qilishi shart.

Agar notarial idora xodimlari fuqaro bilan qo‘pol muomalada bo‘lganlik holatiga duch kelinsa, Adliya vazirligining «1-008» raqamli ishonch telefoniga yoki bevosita markaziy idoraning o‘ziga murojaat qilish mumkin. Bunday xodimlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

— Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq notarial harakatni amalga oshirish uchun bir nechta hujjatlarni to‘plab, yig‘ib kelish talab etiladi. Hozir ushbu jarayonni to‘liq notariusning o‘zidan bitirish imkoni yaratildimi? Bu qancha vaqt ichida amalga oshiriladi?

— Qonun hujjatlariga muvofiq, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlashda jismoniy va yuridik shaxslardan soliqlar, kommunal xizmatlar (gaz, isitish tizimi, issiq va sovuq suv, elektr energiyasi) dan qarzdorlik yo‘qligi, kadastr xizmatining bino va inshootning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 27 fevraldagi qarori bilan soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi, bino va inshootning tegishliligi haqidagi ma’lumotlarni fuqaro qog‘oz ko‘rinishida yig‘ish amaliyotiga chek qo‘yildi.

2017 yil 1 iyuldan boshlab Toshkent shahri bo‘yicha ushbu ma’lumotlarni notariuslar «Notarius» axborot tizimi orqali elektron tartibda o‘zlari olishi belgilandi. Bugungi kunda notarial idoralarda fuqarolar nomidan elektron arizalar to‘ldirish orqali ushbu ma’lumotlar 5 daqiqa ichida qo‘lga kiritiladi.

— Notarius orqali ijara shartnomasini tasdiqlash uchun ham bir qancha hujjat talab qilinadi. Bu esa, tabiiyki, ko‘p vaqtni oladi. Shu jarayon fuqaro uchun qulay bo‘lishi, uni yanada soddalashtirish choralari ko‘rilyaptimi?

— Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning (2010 yil 30 mart) 136-bandiga asosan, ko‘chmas mulk (uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi va boshqalar) ijaraga berilishida ijara shartnomasini notarial tartibda tasdiqlashda notarius quyidagilarni talab qiladi:

— ko‘chmas mulk ob’ektining kadastr yig‘majildi;

— ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan shaxslar haqida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan berilgan ma’lumotnoma yoki uy daftaridan ko‘chirma;

— mulkdorning ijaraga berilayotgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismida doimiy propiska qilingan voyaga yetgan oila a’zolarining (eri (xotini) va ularning farzandlari) roziligi.

— Notarius bilan bog‘liq ishini bitirmoqchi bo‘lgan kishi aksariyat hollarda birinchi martadayoq ko‘zlagan maqsadiga erishmaydi. Negaki, ko‘pincha hujjatlarida kamchilik topiladi. Bu holat bir necha bor qaytarilishi mumkin. Shuni inobatga olsak, notariuslarda aholiga uzluksiz huquqiy jihatdan yordam berishga ixtisoslashgan xodim biriktirish imkoni bormi?

— Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 2 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Notarial okrugda notariuslar lavozimlari sonini belgilash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 8-bandiga asosan, notariusning yordamchisi va notariusning kotibi lavozimi, qoidaga ko‘ra, har bir notarius lavozimiga 1 birlikdan (shtatdan) joriy etiladi.
Shahobiddin RASULOV
yozib oldi.

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Notariusda navbatda turmaslik uchun nima qilish kerak?