12:42 / 15.02.2018
4 889

Samarqandga keluvchi sayyohlar ko‘payadi, chunki...

Samarqandga keluvchi sayyohlar ko‘payadi, chunki...
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda turistik xizmatlar bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lgan 85 firma, 107 mehmonxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 4500 ga yaqin sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

– Turizm sohasi sub’ektlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan so‘rovnomalar shuni ko‘rsatadiki, aksariyat sayyohlar O‘zbekistonga kirish uchun viza olish shartligi va bu jarayonning uzoqligidan shikoyat qilishgan, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov. – Shu sababli Prezidentimizning 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolariga yurtimiz hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilangani, shuningdek, 39 davlat fuqarolari uchun turizm vizalarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgani mamlakatimizga, xususan, Samarqandga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni keskin oshishiga xizmat qiladi.

Bu, ayniqsa, viloyatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga keng yo‘l ochadi. Chunki, aynan Indoneziya, Malayziya va Turkiya davlatlaridan kelayotgan sayyohlarning deyarli barchasi Islom olamidagi buyuk allomalarimiz nomi bilan bog‘liq maskanlar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish maqsadida yurtimizga tashrif buyuradi. Keyingi yillarda aynan ushbu davlatlardagi sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda charter reyslar orqali O‘zbekistonga sayohatlar tashkil etildi. Endi bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayadi. Bu esa bizning zimmamizga juda katta mas’uliyat yuklaydi.

Yurtimizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida hamda davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar asosida viloyatda ushbu yo‘nalishda bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazi qurilishi jadal olib borilmoqda. Ziyoratchilarni qabul qilish uchun Imom Buxoriy majmuasi atrofida musulmonchilik qoidalari va xalqaro standartlarga javob beradigan 30 ga yaqin zamonaviy mehmonxona komplekslari, ovqatlanish, dam olish maskanlari, bog‘, xiyobonlar va boshqa zarur infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda.

Majmuaga olib boradigan yo‘l kengaytirilib, atrofi obod etilayotir. Ushbu ob’ektlarni qurishga Indoneziya, Rossiya, Malayziya, Saudiya Arabistoni va Hindistondan ham investorlar o‘z loyihalarini taklif etgan.

Viloyatda mavjud mehmonxonalar, restoran va sayyohlik ob’ektlarida ham ziyorat turizmi yo‘nalishi bo‘yicha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Har bir davlatdan keladigan sayyohlar turmush tarziga mos yashash sharoiti yaratish, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda, taomnomalar tayyorlashga e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda Samarqand dunyoning 20 ga yaqin shahari bilan birodarlik aloqalarini o‘rnatgan. Joriy yilda esa ular safiga Ispaniyaning Valensiya, Yaponiyaning Nara, Turkiyaning Istanbul shaharlari qo‘shiladi. Ayni paytda birodarlashgan shaharlar o‘rtasida sayyohlik sohasida ham hamkorlikni kuchaytirish borasida muzokaralar olib borilmoqda.

Viloyatda tarixiy-madaniy, ziyorat turizmi bilan birga, eko va agro, gastronomik, ekstremal va boshqa sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun joylarda zarur infratuzilma yaratilayotir. Jumladan, olis tumanlarda katta mehmonxona qurish iqtisodiy jihatdan samarasiz ekani hisobga olinib, uy-mehmonxona tizimini rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Birgina joriy yilda Qo‘shrabot, Urgut va Samarqand tumanlarida 30 ta uy-mehmonxona tashkil etiladi.

Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida bu yil Samarqand xalqaro aeroporti orqali Indoneziya, Rossiya va boshqa davlatlarning bir qator shaharlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tomonidan Turkiyaning Istanbul shahriga aviaqatnov haftasiga 2 marta amalga oshiriladi. O‘z navbatida, Turkiyaning “Turkish Airlines” aviakompaniyasi Samarqandga haftasiga 3 ta reys tashkil etish taklifi bilan chiqqan. Shuningdek, Qozog‘istonning Almati va Tojikistonning Dushanbe shaharlari bilan avval charter reyslarni amalga oshirish, joriy yil oxiriga qadar esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

Ayni paytda viloyatdagi sayyohlik firmalarining 16 tasida zamonaviy turistik klassdagi 1875 o‘rinli 98 transport vositasi mavjud. Ularning 79 tasi turistik avtobus va 7 tasi mikroavtobusdir. Albatta, bu bir vaqtning o‘zida 3-4 ming nafar sayyoh tashrif buyurganda ularga sifatli transport xizmati ko‘rsatish imkonini bermaydi. Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, haydovchisi bilan 8 va undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan turizm toifasiga oid transport vositalarini mamlakatimiz hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etilishi ushbu muammoga ham yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Endi transport korxonalari qo‘shimcha yengilliklarga ega bo‘lgan holda, avtotransport parklarini kengaytirish imkoniyati yaratildi.

Samarqand – inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marta borib ko‘rishi shart bo‘lgan dunyoning ellik shahri qatorida e’tirof etilgan. Yer yuzining turli mintaqalarida yashovchi millionlab kishilar bu qadimiy kentni tomosha qilish, uning go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishni istaydi. Bugun yurtimizda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor nafaqat mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish va yurtimiz turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, balki bizga tanish va notanish, ammo xayrixoh bo‘lgan ana shu sayyohlar orzularining ushalishiga yordam beradi.
G‘olib Hasanov

Manba: uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandga keluvchi sayyohlar ko‘payadi, chunki...