21:12 / 16.02.2018
5 695

Ahmadboy: “Men xalqni aldamaganman! Maqsadim ishlash edi” (video)

Аҳмадбой: "Мен халқни алдамаганман! Мақсадим ишлаш эди" (видео)
Ahmadboy sud majlisida fuqarolarni aldamagan bo‘lmasa-da, xalqdan va prezidentdan kechirim so‘rashini bildirdi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanib, shunday fikrlarni bildirdi.

2018 yil 16 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida “Ahmadboy” nomi bilan dong taratgan Ahmadjon Tursunboyev hamda uning jinoiy sheriklari sifatida gumon qilinayotganlar ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudya Dilshod Komilov raisligida bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida “Ahmadboy” ishi sifatida ma’lum bo‘lgan jinoiy ish yuzasidan sudlanuvchilarga so‘ngso‘z taqdim etildi.

Jumladan, Ahmadjon Tursunboyev fuqarolarni aldamaganini bir necha bor ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning o‘zi unga pullarini olib kelib berishgan.

“Muhtaram sudya, o‘rtoq prokuror! Men fuqarolarni aldamaganman. Odamlar o‘z xohishlari bilan pullarni olib kelgan. Men dehqonchilik, qassobchilik va chorva bilan shug‘ullanganman. Shu paytgacha fuqarolarni aldamaganman. Ularning o‘zlari olib kelgan pullarini. Men hech qachon xalqni aldamaganman, birovning haqini yemaganman. Shu yoshimgacha hech qachon insonlarni aldamaganman. Lekin men qilgan ishimdan pushaymonman” – dedi Ahmadjon Tursunboyev.

Bundan tashqari, u biznes bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganini ta’kidladi.

“Meni maqsadim mana shu 20 ming bosh qoramolga ferma, 1 mlrd tovuq fermaga joy qilayotgandim. 2 ming gektarga baliqchilikka ko‘l barpo qilayotgandim. Meni maqsadim fuqarolar bilan ishlash bo‘lgan, aldash bo‘lmagan. Men shu vaqtgacha odamlarni aldamaganman. Agar men ularni aldaganimda, odamlar meni tinch qo‘yishmasdi. Lekin men hech kimning haqini yemaganman. Lekin ishimdan pushaymonman. Men Prezidentimizdan, xalqimdan, sudya va prokurordan kechirim so‘rayman!” – deya o‘ziga berilgan so‘ngso‘z imkoniyatidan shu tarzda foydalandi sudlanuvchi Ahmadjon Tursunboyev.

Sud majlisida mazkur jinoiy ish bo‘yicha boshqa sudlanuvchilar ham o‘zlarining so‘nggi so‘zlarini aytishdi. Xususan, sudlanuvchi Qo‘chqorov “ushbu ish bunday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bilmaganini, da’vogarlar sudlanuvchilarga nisbatan shaxsiy da’volari yo‘qligini, eski tizimdagi tergov jarayonlaridagi ba’zi bir tayziqlar evaziga ayrim narsalarni bo‘yniga olganini, kerak bo‘lsa dalil-isbotlar taqdim eta olishini” bildirdi.

Sudlanuvchilar Izzatilla Ibrohimov, Murodjon Tursunboyev, Oybek Tursunboyev, Aziz Turdiyev va Ravshan Ismoilovlar ham ushbu ishga aloqador bo‘lib qolganlaridan hamda qilgan ishlaridan pushaymon ekanliklarini ta’kidlab, xalqdan va prezidentdan kechirim so‘rashdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk moliyaviy piramidani tashkil etgan Ahmadboy va uning jinoiy sheriklari 2016 yil iyun oyida qo‘lga olingan.

Ular JKning 177-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandi (valyuta qimmatliklarini noqonuniy yo‘l bilan olish yoki sotish), 188-moddasi (davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, juda katta miqdorda nazoratsiz daromad ko‘rish), 189-moddasi (Savdo qilish yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddasi 2-qismi “a” va “v” (Litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) bandlarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Ushbu jinoiy ish bo‘yicha sud hukmi kelasi haftada e’lon qilinishi kutilmoqda.

Youtube'da ko‘rish


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ahmadboy: “Men xalqni aldamaganman! Maqsadim ishlash edi” (video)