22:00 / 18.02.2018
7 724

Marg‘ilonlik ayolni o‘z joniga qasd qilishga nima majbur qilgan edi?

Marg‘ilonlik ayolni o‘z joniga qasd qilishga nima majbur qilgan edi?
Bu voqea yaqinda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga qaraganda, 42 yoshli Dilorom Mamirova ismli ayol boshqa boquvchisi yo‘q, qiynalgan fuqarolar kabi prezidentimizning ajoyib sovg‘asini olishga muyassar bo‘lgandi. Prezident farmoniga ko‘ra, uysizlarga sobiq kollej binosining birinchi qavatidagi xonalar yashash uchun hadya qilingandi. Diloromning aytishicha, yaqinda shahar hokimiyati vakillari kelib undan xonada yashayotgani uchun ijara haqi to‘lashni talab qilishgan. Bunday adolatsizlikka chiday olmagan ayol yashab turgan xona trubasiga o‘zini osgan. Bu harakatni u 2018 yil 12 fevral soat kechki oltilarga yaqin sodir etgan. Qo‘shnilardan biri shunday dedi:

— Dilorom sigaret sotardi. Shuning orqasidan tirikchiligini o‘tkazardi. Shu kuni men sigaret sotib olish niyatida uning eshigini taqillatdim. Hech kim javob bermadi. Eshikni turtsam, qulflanmagan ekan. Ichkariga kirdim-u, jonim chiqib ketayozdi. Dilorom trubaga osilib turardi. Xayriyatki, hali tirik ekan. Yugura borib uni ko‘tarib oldim. Qo‘shnilarni chaqirdim. Biz arqonni qirqib tashlab, Diloromni o‘ringa yotqizdik. Keyin esa «Tez yordam»ga xabar berdik…

Diloromning gapiga ko‘ra, bir oy burun prezidentimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra Marg‘ilon shahar hokimiyati jami 88 ta kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q oilalarga sobiq kollejning birinchi qavatidagi xonalarni yashash uchun hadya qilgan. Lekin bir necha kun burun ular kelishdi-da, ijara haqi talab qila boshlashdi. Dilorom bu adolatsizlikka chiday olmagan va joniga qasd qilgan.

— Ular ijara haqini uch oy uchun to‘lab qo‘ymasam, — deydi Dilorom. — Xonani tortib olishlarini aytishdi. Men hech qayerda ishlamasam, na oilam, na uyim, na boquvchim bor. O‘ylab-o‘ylab, jonimga qasd qilsamgina bu xo‘rliklardan xalos bo‘lishimga amin bo‘ldim. Nega mahalliy hokimiyat vakillari bunday yo‘l tutishadi? Axir, bu xonalarni bizga prezidentimiz hadya qilgandilar-ku!..

Voqeaga guvoh bo‘lganlar yana bir kutilmagan xabarni aytib qolishdi. Sobiq kollejning birinchi qavatidagi xonalarni kam ta’minlangan oilalarga yashash uchun hadya qilish marosimi 2017 yil 26 dekabrida bo‘lib o‘tgan. O‘sha kungacha hokimiyatdagilar barcha xonalar poliga gilamlar to‘shashgan, yumshoq mebel qo‘yishgan, pardalargacha tutib berishgan. Ro‘zg‘or uchun zarur jihozlar olib kelib joylashtirishgan. Biroq marosim o‘tishi bilan bularning barchasini qaytadan mashinalarga yuklab olib ketishgan. Shuning o‘zi ham ko‘zbo‘yamachilik, mamlakat prezidentining sha’niga dog‘ tushirishga urinish emasmi?

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Marg‘ilonlik ayolni o‘z joniga qasd qilishga nima majbur qilgan edi?