Haydovchilik guvohnomasini tekshiruvchi “elektron qurilma” yaratildi

  • 22-02-2018, 13:12
  • 1 287
  • Jamiyat
  • Ҳайдовчилик гувоҳномасини текширувчи "электрон қурилма" яратилди
    Toshkentdagi “Yashnobod” innovatsiya texnoparki rezidenti bo‘lgan “My Air Group IT Service” MCHJ tomonidan mutaxassislari tomonidan havdovchilik guvohnomalarini tekshirishning avtomatlashtirilgan tizimi yaratildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” nashri xabar bermoqda.

    Ma’lum qilinishicha, mazkur tizimni amalga oshirish uchun ko‘p funksiyali nazorat kassa mashinasi (KNKM) “ASA” qurilmasidan foydalaniladi. Ya’ni bu qurilma kamera orqali xodimning haydovchi bilan muloqotini videotasmaga yozib olish imkonini beradi.

    IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari avtomobilni to‘xtatib, KNKM “ASA” qurilmasidagi “Hujjatlarni tekshirish” tugmasini bosadi. Shunda ushbu qurilma avtomatik tarzda kamerani ishga tushiradi.

    Bundan tashqari, uskuna YHX xodimining transport vositasini to‘xtatgan vaqtdan boshlab, avtomobil egasi bilan muloqotini uzluksiz ravishda yozadi. Bu esa xizmat vazifasini suiiste’mol qilish yoki haydovchi bilan qo‘pol muomalada bo‘lish kabi kelishmovchiliklarga chek qo‘yadi. Buyurtmachining xohishiga ko‘ra, yozuv avtomatlashtirilgan rejimda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida joylashgan serverga uzatilishi ham mumkin.

    Haydovchilik guvohnomasi “ASA” qurilmasining tegishli nuqtasiga yaqinlashtirilsa, onlayn tarzda server bilan sinxronlashuv ro‘y beradi va ekranda haydovchi haqidagi ma’lumot aks etadi. Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlariga doir ro‘yxat (agar ular mavjud bo‘lsa) ko‘rinadi hamda intizomning buzilishi haqidagi axborot ifodalangan chek chiqarib beradi.

    E’tiborlisi, ushbu qurilma orqali jarimani shu joyning o‘zida to‘lash mumkin. Buning uchun NFC (kontaktsiz tranzaksiya) huquqlarini tekshirishdan so‘ng, tegishli intizom buzilishi bo‘limi tanlanib, so‘ng “Jarimani to‘lash” tugmasi bosiladi.

    KNKM “ASA” barcha turdagi to‘lov manbalari, ya’ni plastik kartochkalar, naqd pul, mobil ilovalarni qabul qiladi.

    Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari yo‘llagan Murojaatnomasida yo‘l-patrul xizmati xodimlarining kameralar bilan ta’minlashi davr talabi ekanini ta’kidlagan edi. “Kamera bo‘lmasa u pora olish payida bo‘ladi”, degan edi davlat rahbari.

    » » Haydovchilik guvohnomasini tekshiruvchi “elektron qurilma” yaratildi