14:53 / 23.02.2018
5 878

Prezident “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni qattiq tanqid qildi

Prezident “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni qattiq tanqid qildi
Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab sayyohlarning qariyb 60 foizi eng qimmat ekaniga qaramasdan, havo transportidan foydalanadi. Shunday ekan, turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

22 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida ichki turizmni yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasinig bu boradagi sustkashligi qattiq tanqid qilindi.

— Aviachiptalar narxini optimallashtirish, yangi reyslar ochish, tranzit yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini oshirish va aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish bo‘yicha natijali ish olib borilmayapti, - deya, alohida ta’kidladi Prezident.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi oldiga qator vazifalar qo‘yildi. Ularga muvofiq aviakompaniya tizimiga zamonaviy marketing joriy etiladi, dunyo aeroportlarida mavjud bo‘lgan maxsus moslamalar, mobil aloqa vositalari yordamida aviachipta sotib olish imkoniyatlari yaratiladi.

Chet el tajribasini o‘rganish asosida “Qarshi” aeroportida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilinib, sayyohlarga keng erkinlik yaratilmoqda. Kelgusida shunday tizim Andijon, Nukus va Navoiy aeroportlarida ham qo‘llanadi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi.

Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident “O‘zbekiston havo yo‘llari”ni qattiq tanqid qildi