20:01 / 23.02.2018
9 546

Urgut tumanidagi “qiz ovchilari”ning nayranglari

Urgut tumanidagi “qiz ovchilari”ning nayranglari
Odam savdosi va oqibatlari haqida ko‘pchilik biladi. Ammo biz aytmoqchi bo‘lgan, turli mish-mishlarga sabab bo‘layotgan, odam savdosidan ham oshib tushayotgan mana bu voqealarni eshitib, ochig‘i, nima deyishni ham bilmay qolasan.

Eshturdi yolg‘iz qizini uzatish maqsadida chet davlatdan uch-to‘rt so‘m ishlab keldi. “Xayrli ishning erta bo‘lgani yaxshi”, deyishadi. Kunlardan bir kuni olis qishloqda yashaydigan qaynisi ikki notanish odamni boshlab keldi. Mehmon hamisha aziz. Dasturxon yozilib, noz-ne’matlar qo‘yildi. Mehmonlar tanishtirilgach, muddaoga o‘tildi.

– Biz Xorazmdan qulchilikka keldik, – dedi mehmonlardan biri.

Avvaliga bu gapdan Eshturdi gangib qoldi.

Oraga qayni qo‘shildi. Gap quda-anda bo‘lishga borib yetdi. O‘rtaga pul, boylik aralashgach, Eshturdi qanday qilib “Xo‘p, roziman”, deb yuborganini bilmay qoldi. Hangomaning qizig‘i to‘y kuni bo‘ldi. Qiz kuyovni o‘sha kuni ko‘rdi.

Bazmu jamshid paytida qayerdandir bir juvon paydo bo‘ldi. Odamlar bu ayolni Eshturdining qaynisi yashaydigan qishloqda ko‘rishganini aytishdi. To‘y chiqimlari, xususan, restoranga, san’atkorlarga beriladigan va boshqa sarflanadigan xarajatlar haqida ikki quda kelishib olishgandi. Ayol bu sirlardan qanday voqif bo‘lganligini o‘sha paytda hech kim sezmagandi. To‘y avjida ayol xorazmlik qudani chetga chaqirib, kelin tomondan qudasi bilan kelishilgan pullarni berishini, to‘yxona egalari talab qilayotganini aytadi. Mehmon ikkilanmay pullarni ayolga topshiradi. Voqea to‘y tugagach, oydinlashadi. Ayol ham, pul ham izsiz yo‘qolgandi. Kuyov tomon kelishilgan pulni berganini aytsa, to‘yxonadagilar hech qanday pul olmaganini bildirishadi. O‘rtada og‘irlik Eshturdiga tushadi. Ikki-uch kun o‘tgach, mol-holini sotib, pulni restoranga eltib berishga majbur bo‘ladi. Molidan ayrilgan Eshturdi hozirgacha boshini changallab yuribdi.

– Bunday hol Urgut tumanida tez-tez sodir bo‘lib turibdi, – deydi qishloq oqsoqollaridan biri. – Eshitishimizcha, boshqa viloyatdan ikki-uch kishi qishloqma-qishloq kezib, qiz “ovlab” yurganmish. Ayrim soddadil odamlarni, avrash yo‘li bilan qizlarini kelin qilib olib ketayotganmish. Ahvol shu darajaga borib yetibdiki, uch-to‘rt nafar qizi bor xonadonlarga kirib, “Unisini emas, bunisini kelin qilaman”, deya saralab olmoqda ekan.

Bunday “ovchi”larga “homiylik” qilayotganlar begona emas, o‘zimizdan. Ular qaysidir qishloqda yashovchi kishi bilan oshno tutingan. Qiz oldi-berdisi shu uyda “pishiriladi”. Besh-olti so‘m egasi bo‘lib qolgan boyagi shaxs qaysi qarindoshida nechta qiz bor, qaysi xonadon nochor, kimni chuv tushirish mumkinligi haqida ma’lumot to‘plab yuradi va mehmonlarni shu joyga olib boradi.

Mana bunisini eshiting. Qizni uzatib borgach, kuyov tomonidan elga to‘y berish odatimiz sanaladi. Qizni kuzatib borgan mehmonlarga mezbon: “To‘y qoldirildi. Bobomiz vafot etdi”, deya yolg‘on gapirib, mehmonlarni qaytarib yuboribdi.

Bunday ishlar boshqa joylarda ham uchrayotgani sir emas. Nega shunday bo‘lyapti?…

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Urgut tumanidagi “qiz ovchilari”ning nayranglari