09:22 / 03.03.2018
6 378

O‘z otamdan voz kechdim...

O‘z otamdan voz kechdim...
Hali-hamon vijdon azobidaman. Chunki men o‘z otasidan voz kechgan noinsof o‘g‘ilman. Bundan sakkiz yil oldin sakson yoshdan oshgan otamni o‘z qo‘llarim bilan qariyalar uyiga topshirib keldim.

Oilada bir o‘g‘il, bir qizmiz. Otam men bilan yashardi. Otam nafaqaga chiqqunlaricha savdo sohasida ishlagan. Singlim bilan meni hech narsaga zoriqmaganmiz, qiyinchilik ko‘rmay o‘sganmiz. Ota-onam bizga hamma sharoitni muhayyo qilgan ekan-u, ammo…

Men ularni bizga yaxshi tarbiya bermaganlikda ayblamoqchi emasman. Ammo bemehr bo‘lib voyaga yetganimiz aniq. Otam savdo ishlari bilan shug‘ullangani uchun ko‘proq chet elda yurardi. Onam ham hamshira bo‘lib ishlar va tungi navbatchilikda ko‘p qolardi. To‘g‘ri, biz bebosh bolalarga qo‘shilmadik, sayoq yurmadik, ammo oilamizda mehr tanqisligi tufayli odamovi bo‘lib o‘sdik. Oilamiz bilan kamdan-kam dasturxon boshida jamul-jam bo‘lardik. Bir-birimiz bilan deyarli ishimiz bo‘lmasdi. Shuning uchunmi, bemehrroq edik.

Onam bundan o‘n yil oldin vafot etdi. Otam esa biz bilan qoldi. Singlim o‘z oilasi bilan ovora. Har zamonda bir keladi. Men va xotinim ertayu kech ishdamiz. Farzandlarim maktabda o‘qishadi. Xotinim rus maktabda o‘qigani uchun kelinlik vazifasi qanday bo‘lishi kerakligini his qilavermaydi. Bolalarim ham o‘zlari bilan o‘zlari ovora. Biz tez-tez oilaviy chet el sayohatlariga ketamiz, mehmonga boramiz, restoran va qahvaxonalarda kechki ovqatni oilaviy birga qilamiz. Shunday paytlarda otam biz uchun muammoga aylanadi. Birga olib yurishning iloji yo‘q, chunki hassada zo‘rg‘a yuradi. Axiyri, xotinimning “ming‘ir-ming‘ir”i jonimga tegib, otamni qariyalar uyiga tashlab keldim. Har oyda bir bor xabar olib turdim. Shu taxlit oradan sakkiz yil o‘tdi.

Otam doimo bizning oilaga talpinib yashadi. Har borganimda “Meni qachon olib ketasan?” derdi. “Erta-indin” deya aldab keldim. Mana, yaqinda otam olamdan o‘tdi. Rasm-rusumini joyiga qo‘yib, oxirgi manziliga kuzatib keldim. Ammo otamni butunlay yo‘qotganimdan keyin qadri bilina boshladi.

Yaqinda o‘g‘lim institutni bitirib, xorijga ishlashga ketdi. Yana bir o‘g‘lim esa uylandi-yu, alohida yashayapti. Hayhotday hovlida turmush o‘rtog‘im bilan o‘zimiz qoldik. O‘g‘lim xotini bilan ahyon-ahyonda keladi. Xotinim ham kasalvand, ba’zida o‘zim ovqatni o‘zim pishiraman. Shunday paytda otamni o‘ylayman. O‘g‘illarimning yo‘llariga ko‘zlarim nigoron bo‘lgan paytlarda otamning holati ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi.

Anglaganim shu bo‘ldiki, otam bizga o‘z vaqtida mehr berolmadi, men otamga. Endi esa men bolalarimning mehriga zorman…
P.

Manba: tasvir.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘z otamdan voz kechdim...