21:42 / 03.03.2018
9 009

Lo‘li qiz orzusi: “Men ham o‘qishni istayman!”

Лўли қиз орзуси: "Мен ҳам ўқишни истайман!"
Azaldan yurtimiz ko‘p millatli xalq sifatida qadrlanadi. O‘zbekiston hududida yashayotgan boshqa millat vakillari ham o‘zbeklar qatori teng huquqqa ega. Bu Bosh Qomusimizda ham tasdiqlab qo‘yilgan. Unda lo‘lilar-chi, deysizmi? Keling, bu haqda maqolamizni o‘qib, xulosani o‘zingiz chiqaring, yaxshisi.

Poytaxtimizdagi Bektemir tumaniga qarashli “Chashma” mahallasida lo‘lilarga mansub aholi istiqomat qiladi. Biz ushbu mahallaga tashrif buyurib, ularning yashash tarzi, farzandlarining bilim olishi bilan qiziqdik. Marhamat, siz ham kuzatuvlarimizga hamroh bo‘ling.

“HЕCh KIMNING TILANCHILIK QILISHIGA YO‘L QO‘YMAYMIZ!”
— Mahallamizda 1322 nafar fuqaro bor, shulardan 60 nafari yosh oilalar, — deydi “Chashma” mahallasi ma’naviy-ma’rifiy diniy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi Zulfiya ERGASHЕVA. — 2011 yilda ish boshlagan paytlarim 20-25 nafar bola maktabda o‘qirdi. Uyma-uy yurib, tushuntirishlar orqali ularning anchasini o‘qishga jalb qildik. Hozirda 180 nafar bola hududimizdagi 293-maktabda o‘qiyapti. Kasb-hunar kollejida esa jami 9 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Ayni damda 15 nafar erkak, 5 nafar ayol tuman obodonlashtirish markazida ishlaydi. Aholining qolgan qismi ko‘proq norasmiy ishlar bilan mashg‘ul. Ayollar Yangi-obod bozoriga chiqib, savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi. Erkaklar temir-tersak, baklajkalar yig‘ib sotishadi. Ammo hech kimning tilanchilik qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

O‘QISHNI BILMASA HAM, PUL SANASHNI BILADI
— Yaqinda Oloy bozori va Suvsoz bo‘ylab qatnovchi marshrutkaga chiqqandim, — deydi bir hamkasbim. — Yonimdagi o‘rindiqqa bir lo‘li ayol uch bolasi bilan joylashib oldi. Ayol charchagan, shekilli, pinakka ketdi. Bolalarning kattasi “To‘rt karra to‘rt nechchi bo‘ladi?” deya savol berdi ukasiga. “Yigirma besh”, deya javob berdi biroz o‘ylanib turgan uka. “To‘g‘ri”, dedi aka o‘zini xuddi sanashni bilgandek tutib. So‘ng cho‘ntagidan bir qancha pul olib, avaylab ustma-ust taxladi. Taxlangan pullarni shunaqangi chaqqonlik bilan sanadiki, kuzatib turib, sanoqda adashmaganiga hayron qoldim. Karra jadvalini bilmasa ham, pul sanashda adashmaydi.

“O‘QUVCHILARNI IZLAB, ESHIKMA-ESHIK YURAMIZ”
— Sinfimizda 37 nafar o‘quvchidan 9 tasi lo‘li millatiga mansub bolalar, — deydi 293-maktabning 5-“D” sinf rahbari Shahnoza To‘raqulova. — Shulardan 5 tasi doimiy darslarga keladi. Qolgan 4 nafari esa kelmaydi. Darsdan so‘ng eshikma-eshik yurib, ota-onalari bilan suhbatlashamiz. Ular turli bahonalarni ro‘kach qilishadi. Beshinchi sinflarga tushdan so‘ng dars boshlanadi. Bitta o‘quvchimning onasi “Birinchi smenada o‘qisa boradi, bo‘lmasa bormaydi”, deydi.

Bolaning qaysi vaqtda maktabga borishining nima qizig‘i bor, hayronman? Ba’zilari esa farzandining maktabga kiyishga kiyimi yo‘qligini bahona qiladi. Ammo uyida qo‘sha-qo‘sha mashinalar turadi. Axir ularni kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatiga kirgazishning iloji yo‘q-da.

Ayrim lo‘li bolalar dars o‘tishimga xalaqit beradi. Tartibga chaqirsam, noto‘g‘ri tushunib, asabimga tegadigan qiliqlar qiladi. Ilgari 7-sinfgacha o‘qishardi. Hozir yuqori sinfni bitirib, attestat olishyapti. Natijalar yomon emas.

* * *
— Mening sinfimda 38 nafar o‘quvchidan 5 nafari lo‘li bolalar, — deydi 5-“Ye” sinf o‘qituvchisi Jadra Yunusova. — 3 nafari darslarga umuman kelmaydi. Uylariga borib, ota-onasi bilan gaplashsak, yuboramiz deyishadi, lekin, baribir, bolasi darsga kelmaydi. Har hafta eshigini taqillatib boraman, ammo ularga farzandining ta’lim olishi kelajagi uchun muhimligini tushuntirish ba’zida juda qiyin kechadi.

LO‘LILAR HAM QONUNGA BO‘YSUNADI!
— Lo‘lilar olamdan o‘tsa, mayitni ko‘rsatmaydi, degan gap yuradi. Bu yolg‘on. Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumaniga qarashli Iyik ota qishlog‘ida maxsus qabristonimiz bor, — deydi Sobira aya Turg‘unova. — Kimdir olamdan o‘tsa, barcha rasm-rusumlar joyiga qo‘yilib, ma’rakalar o‘tkaziladi.

— Ilgari bizda ham to‘y-marosimlar dabdaba bilan o‘tardi. Hozir anchayin qisqargan. Birorta odamning uyida to‘y yoki ma’raka bo‘lsa, oqsoqolimiz Kuntug‘mish Axqulov kelib, kamchiqim qilib o‘tkazishni talab qiladi. Negaki biz ham O‘zbekistondagi qonunlarga bo‘ysunamiz.

“KIMDIR 200,BA’ZILAR 1000 SO‘M TASHLAB KЕTADI”
“Maxtumquli” bekatidagi chorrahada tilanchilik qilib yurgan ayol shunday hikoya qiladi:
— To‘rt nafar farzandim bor. Pul topish ilinjida ba’zida bolalardan ham foydalanaman. Kimdir 200, ba’zilar esa 1000 so‘mgacha tashlab ketadi. Sadaqa so‘raganimizda mashina oynasini ochib, pulni qo‘limga bermay, otib yuboradiganlar ham bor. Nailoj, rizqimni terib olaman. Bolalarimning hayotini xavf ostiga qo‘yayotganimni bilaman. Lekin nachora, ularni boqish kerak. Kun bo‘yi eng gavjum joylardagi yo‘lak chetida poylab turamiz. Svetoforning qizil chirog‘i yonsa, mashinalar tomon yuramiz.

— Har bir ota-ona farzandni o‘zi uchun dunyoga keltiradi. Ammo uning taqdiri haqida, eng avvalo, hukumatimiz qayg‘uradi. Bugun yurtimizda bolalarning sog‘lom o‘sishi, bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ammo ana shunday qulayliklarga qaramay, bog‘cha va maktab nimaligini bilmay o‘sayotgan bolalarning ertangi kuni qanday kecharkin? Ushbu maqola yuzasidan fikr-mulohazalaringizni kutib qolamiz, aziz muxlis.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lo‘li qiz orzusi: “Men ham o‘qishni istayman!”