18:50 / 05.03.2018
5 378

Izza bo‘lgan, xor bo‘lgan ustoz...

Izza bo‘lgan, xor bo‘lgan ustoz...
Saytimizda ham, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham ta’lim tizimiga oid qator muammolar yoritildi. Xususan, o‘qituvchilarning maoshi yetarli emasligi, o‘sha oz maosh ham turli-tuman cho‘qilanishlardan o‘tishi, ta’lim sohasi xodimlari mardikor darajasiga tushirilishi haqida turkum maqolalar e’lon qilindi.

Bugun ham shunga yaqin, ammo chegaralangan bir muammo haqida yozib, mavzuni davom ettirish istagi tug‘ildi. Chegaralangan deyilganining boisi shuki, albatta bunga qarshi chiquvchilar, darhol masalaga narigi qirg‘oqdan ko‘z tashlovchilar, jabrdiydani aybdor, aybdorni jabrdiydaga aylantiruvchilar topiladi. Ammo hozir, ayni shu maqolada ustozlar tortayotgan azob haqida so‘z boradi, boshqasini boshqa maqolaga qoldirib turamiz.

Muddaoga ko‘chsak.

Muddao shulki – o‘quvchi o‘z ustozini pisand qilmay qo‘ydi!
Mushtday bola ko‘zini lo‘q qilib o‘z o‘qituvchisini kalaka qilishi, gap qaytarishi, ortidan yurib ermaklashi, darsini istagancha buzishi, eng dahshatlisi — bu masxaralar, xo‘rliklarni telefonga tushirib tarqatishi va zo‘r ish qilgandek maqtanishi oddiy holga aylandi.

Hozir gap darslarga tayyorlanib kelish, jamoat ishlarida faol qatnashish, muallimning ortidan bilim izlab yugurib yurish haqida ketmayapti. Ko‘pchilik o‘quvchilar uchun bu xislatlar yot bo‘lib ulgurdi. Gap oddiy odob qoidalarining ham unutilayotgan, ustoz va shogird o‘rtasidagi hurmat tuyg‘usi ayovsiz toptalayotgani va bu oddiy holga aylanayotgani haqida ketmoqda.


Poytaxt maktablaridagi holatga e’tibor bering: ustoz qayta-qayta tanbehlarga qaramay tinch o‘tirmagan o‘quvchining qo‘liga yog‘och chizg‘ich bilan uradi. O‘quvchi jazavaga tushadi va otasini yetaklab keladi. Natija: qator majlislar, o‘qituvchining izza qilinishi va sharmandalarcha ishdan haydalishi...

O‘z fanining fidoyisi bo‘lgan muallimning bu qadar xor qilinishiga chiday olmagan boshqa hamkasblari ham bo‘shash haqida ariza yozishadi. Maktab direktori vaziyatni o‘nglash uchun ota-onalar majlisi chaqiradi. Shunda qiziq holat yuz beradi – ona-onalarning aksariyati agar o‘z farzandlari ustozlarining so‘ziga amal qilmasa, bemalol urib jazolash mumkinligini aytib, ko‘pchilik oldida bunga ruxsat berishadi.

Albatta, o‘qituvchining o‘quvchiga kuch ishlatishi, jarohat yetkazishini umuman oqlab bo‘lmaydi. Lekin tan olaylik, o‘qituvchi qo‘l ko‘targanda jarohat yetkazishni, bolani mayib qilishni maqsad qilmasligini hammamiz yaxshi bilamiz-ku. Farzandlarimiz gapga kirmay qo‘yganidan, ba’zan po‘pisalar ham kor qilmayotganidan bexabarmizmi yoki?

Kamiga ustozlarini ochiqdan-ochiq kalaka qilishni odat qilishayotgani, ko‘z o‘ngimizda telefon degan balodagi yasama shon-shuhrat uchun hech narsadan tap tortmaydigan avlod shakllanib borayotganini hammamiz ko‘rib, his qilib turibmizku.

Qolaversa, majburlikdan o‘z o‘quvchisiga qo‘l ko‘targan ustozning o‘zi ham keyinchalik bu ishidan pushaymon bo‘lishi ham, ko‘nglida og‘ir yuk bilan yurishi ham bor gap.

O‘ylab ko‘raylik, lozim bo‘lsa, farzandimizga yarim soat dars qildirguncha necha marta po‘pisa qilib, yolg‘ondan bo‘lsa-da qo‘l ko‘taramiz. Xo‘sh, nega yarim kun davomida shuncha bolani eplab, ham mavzuni tushuntirib, ham o‘ttizdan ortiq o‘quvchidan uy vazifasini so‘rab, tartibni saqlab, yana kamiga mingta rahbarning ko‘ngliga qaraydigan, o‘zi shundoq ham ko‘cha supurishu metallom-obunalardan to‘yib turgan muallimning jahli chiqishi mumkinligini hazm qilolmaymiz, jazavaga tushamiz?!

Yana ta’kidlayman – men o‘quvchilarga nisbatan kuch ishlatishni yoqlab maqola yozayotganim yo‘q. Demoqchimanki, o‘qituvchini shu darajaga olib boradigan, quyushqondan chiqaradigan o‘quvchilar borligini unutib qo‘ymaylik, shunday vaziyat bo‘lganda darhol muallimning yoqasidan olishga shoshilmaylik!

Yana bir gap, bu ayniqsa o‘g‘il bolalarga tegishli, o‘g‘illarimizning haqiqiy er yigit, asl erkak bo‘lib ulg‘ayishi uchun aynan mana shunday holatlar juda muhim. Agar o‘g‘limizning arzimas arzlari ortidan yugurib boraveradigan bo‘lsak, xalq tili bilan aytganda ilimiliq bir shaxs tarbiyalanishiga zamin yaratamiz. Kimgadir suyanib shikoyat qilaverishni odat qilgan boladan tashabbus, shijoat kutishning o‘zi ahmoqlik. O‘g‘illarimizni haqiqiy mard qilib tarbiyalaylik, erkak qilib voyaga yetkazaylik!


Maqolamni ijodkor ukamiz Shuhrat Sattorovning “Qadr-qimmatini yo‘qotayotgan millat me’mori” maqolasidan parcha bilan yakunlamoqchiman:

Kaltak yeyotgan — o‘qituvchi!
2013 yilda o‘zimdan uch yosh kichik, kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan, poytaxtning Uchtepa tumanidagi maktablardan birida o‘zbek tili va adabiyotidan dars beruvchi tanish yigit ishxonamga yo‘qlab keldi.

“Qishloqqa qaytayapman. Bu yerda ishlash bizga emas ekan, aka”, — dedi tushkun holatda, bir yog‘i ko‘kimtir tus olgan yonog‘ini bekitishga urinib.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilaridan biri mazax va masxaralashni oshirib yuborgani uchun tanishim uning yuziga shapaloq tortib yuborgan, so‘ng bolaning otasi kelib o‘qituvchini hammaning oldida “yumaloq yostiq” qilgan ekan...
Abror Zohidov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Izza bo‘lgan, xor bo‘lgan ustoz...