16:12 / 13.03.2018
61 987

Bu yilgi mol-mulk va yer solig‘i miqdori necha so‘m qilib belgilandi?

Bu yilgi mol-mulk va yer solig‘i miqdori necha so‘m qilib belgilandi?
— Ilgari jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i mol-mulkning inventarizatsiya qiymatini har yili belgilanadigan soliq stavkalariga ko‘paytirgan holda hisoblab chiqilar edi. Prezidentimizning 2017 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qarorining 18-ilovasiga muvofiq, mulk solig‘i stavkalari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab mol-mulkka solinadigan soliq stavkalari uning kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblanishi belgilandi.

Mol-mulkning kadastr qiymati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi «Soliq solish maqsadida jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr qiymatini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroriga asosan aniqlanadi.

Shunga muvofiq, mol-mulkning kadastr qiymatiga nisbatan qo‘llaniladigan soliq stavkalari 2018 yildan boshlab quyidagicha belgilandi:

turar joylar, kvartiralar, dala hovli qurilmalari (umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan ortig‘i bundan mustasno), boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun 0,2 foiz miqdorida;

shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 dan 500 kvadrat metrgacha bo‘lgan turar joy va kvartiralarga 0,25 foiz miqdorida;

maydoni 500 kvadrat metrdan oshiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun 0,35 foiz miqdorida;

boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kvadrat metrdan oshiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar, dala hovli qurilmalari uchun 0,25 foiz miqdorida belgilandi.

Ta’kidlash lozimki, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish maqsadida mol-mulkning kadastr qiymati kadastr hujjatlaridan kelib chiqib, biroq 42 million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilandi. Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo‘yicha organlar belgilagan kadastr qiymati bo‘lmasa, soliq undirish uchun Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlarida 210 million so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 90 million so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymatidan olinadi.

Yana bir e’tiborli jihat: mol-mulkka kadastr qiymatidan kelib chiqib soliq solishga o‘tgandan keyin soliq yuki keskin o‘sishining oldini olish maqsadida, 2018 yilda kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi 2017 yilnikidan 1,2 baravardan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi ko‘rsatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar hokimliklariga tegishli Xalq deputatlari kengashi bilan kelishib, hududlarning hamda faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlaridan kelb chiqib, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va ulardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha belgilangan stavkalarga 0,7 dan 1,3 gacha pasaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni belgilash huquqi berildi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning shartli qiymatining ikki baravaridan kelib chiqqan holda undiriladi.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon umumiy maydonning 60 kvadrat metri hajmida qoldi.

Yer solig‘i bo‘yicha
Prezidentimizning 2017 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida»gi qarorining 19-ilovasiga muvofiq, yer solig‘i stavkalari tasdiqlandi. Yer solig‘i stavkalari 2018 yilda 1,15 baravarga indeksatsiya qilindi. Ilovaning 7 va 8-jadvallarida keltirilgan stavkalarga yer uchastkalari joylashgan joyidan kelib chiqib, quyidagi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi:

Toshkent shahri atrofida 20 kilometr radiusda — 1,30, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari atrofida 15 kilometr radiusda — 1,20, tuman markazlari atrofida 10 kilometr radiusda — 1,15 va boshqa shaharlar atrofida 5 kilometr radiusda — 1,10 ni tashkil etadi.

Yer uchastkalarigacha bo‘lgan masofa avtomobil yo‘llari bo‘yicha shaharlar va tuman markazlarining ma’muriy chegaralaridan boshlab belgilanadi. Agar yer uchastkasi ikki shahar yaqinida joylashgan bo‘lsa, shaharning yuqoriroq funksional vazifasiga muvofiq keladigan koeffitsiyent qo‘llaniladi. Jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan soliq yuridik shaxslar uchun tasdiqlangan stavkalar bo‘yicha undiriladi.

Ko‘p kvartirali uylarda joylashgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer solig‘i yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning yer maydonini qavatlar soniga bo‘lgan holda hisoblab chiqariladi.

Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab chiqarishda bazaviy stavkalar belgilangan normativlar doirasida yer uchastkalariga nisbatan qo‘llanadi, ulardan yuqori yer uchastkalari uchun bazaviy stavkalarga esa oshiruvchi koeffitsiyent — 1,5 qo‘llanadi. Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida yer uchastkalarining quyidagi normativlari qo‘llanadi:

Toshkent, Nukus va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar — 0,06 gektar;

boshqa aholi punktlari (dehqon xo‘jaliklari bundan mustasno) — 0,1 gektar.

Tugallanmagan qurilish ob’ektlari egallagan yer uchastkalariga agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, yer solig‘i ikki baravar stavkada to‘lanadi.
Dilshod BOZOROV
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i

Manba: od-press.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bu yilgi mol-mulk va yer solig‘i miqdori necha so‘m qilib belgilandi?