Diniy ta’lim maktabda berilishi kerakmi? (Germaniya misolida)

  • 18-03-2018, 18:25
  • 1 731
  • Jamiyat
  • Diniy ta’lim maktabda berilishi kerakmi? (Germaniya misolida)
    Bismillahir rohmanir rohiym. Olamlar Robbisi Allohga hamdlar, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovatu durudlar bo‘lsin. Bugungi kunning ba’zi yoshlari o‘z imkoniyatlaridan va vaqtlaridan unumli foydalanish o‘rniga bir birini ayovsiz kaltaklab hattoki o‘lim bilan yakunlangan holatlargacha olib kelishi, har xil buzg‘unchi diniy oqimlarga aralashib qolishi yoki ota-ona va murabbiylarini o‘gitlariga quloq osmasligini albatta sababi bo‘lishi kerak. O‘ylab o‘ylab oxiri bu diniy tarbiyani yetishmasligi bo‘lsa kerak degan fikrga keldim.

    Har birimizga ma’lumki, Islom dini tinchlik dinidir. Bundan tashqari diniy tarbiya insonni jamiyatda o‘z o‘rnini topishida juda muhim vazifaga ega. Sababi Islom dini ota-onaga hurmat, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, vaqtdan unumli foydalanish, ilm olish hattoki qanday yotish va turishgacha bo‘lgan foydali ko‘rsatmalarni o‘zida mujassam etgani hammaga ma’lum. Shuning uchun ham ko‘plab mashhur insonlarni bu dinga bo‘lgan qiziqishi va dunyoda musulmonlar sonini ortib borayotganligi ajablanarli emas. Ba’zi insonlar bunga qarshi fikr bildirishi albatta tabiiy. Men yuqoridagi o‘z fikrimni Yevropaning eng rivojlangan davlatlaridan biri bo‘lgan Germaniya misolida buni tushuntirishga harakat qilaman.

    Germaniyada boshlang‘ich maktablarga bolalar jismoniy va aqliy holatiga qarab 6 yoshdan boshlab qabul qilinadi. Bunda sinflar ikki turga ajratiladi: «Etika» o‘qitiladigan va «Din» o‘qitiladigan sinflar. Bu fanlar haftasiga ikki soat o‘qitiladi. Maktabga qabul oldidan ota-ona farzandini qaysi sinfda o‘qitishni o‘zlari hal qiladi. Bola 14 yoshga to‘lgandan boshlab o‘zi tanlash huquqiga ega, qolgan darslarda esa hech qanday farq yo‘q. Etika darsida nimalar o‘qitilishi barchamizga tushunarli bo‘lsa kerak, shu sababli din darsiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

    Germaniya aholisining asosiy qismini xristianlar tashkil etganligi sababli bunday sinflarda xristian dini o‘qitiladi. Uyga vazifa berilmaydi, xristian dini haqidagi umumiy ma’lumotlar har xil qiziqarli qissalar asosida o‘rgatiladi. Shuningdek, maktablarda darsdan keyin qizlar va bolalar uchun basketbol, futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi va shuningdek arab tili to‘garaklari ham mavjud. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimanki, ota-ona va o‘qituvchi o‘rtasidagi aloqani o‘quvchining kundaligi bajaradi, bolaga nima kerak, qanday muammosi bor, barchasi kundalikka yoziladi, ota-ona va farzandga xam o‘z fikrlarini yozishi uchun alohida joy ajratilgan.

    Germaniyada o‘qitish tizimining samaradorligi shunda bo‘lsa kerak balki, biror yangi o‘qitish uslubi taklif qilinsa, albatta bu uslub sinov sifatida ba’zi bir o‘quv muassasalariga tatbiq etiladi va ma’lum vaqtdan so‘ng boshqa maktablar bilan samaradorligi taqqoslanadi, agarda foyda bersa yangi uslubga barcha maktablar o‘tadi. Biz musulmonlar uchun quvonarli jihati shundaki, maktablarda muslima qizlarning ro‘mol o‘rashi tabiiy qabul qilinadi. Shuningdek Germaniyada katolik maktablar xam mavjud bo‘lib, bu yerda, dars va darsdan tashqari vaqtlarda diniy tarbiyaga yanada ko‘proq e’tibor beriladi.

    Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Farzandlarimizga sof islomni o‘rgatishni qachondan boshlashimiz kerak?» Ular ulg‘ayib, o‘z erkinligiga ega bo‘lib mustaqil ravishda qaysidir yo‘lida uchragan «diniy bilimdonlar» yoki zamonaviy gadjetlar yordamida ijtimoiy tarmoqlardagi qo‘shtirnoq ichidagi islom rahnamolari yordamida diniy tushunchalari shakllanib bo‘lishini kutamizmi yoki bizning har bir so‘zimizni to‘g‘ri deb biladigan bola chog‘idan sof islomiy diniy tarbiya berishni boshlaymizmi?

    Insof bilan aql yuritadigan inson uchun javob bitta: Qancha erta bo‘lsa shuncha yaxshi. Shuning uchun diniy tarbiyani boshlang‘ich sinflardan boshlash juda ham muhim. Lekin shu o‘rinda unutmaslik kerakki, islom dini haqidagi darslarni albatta diniy ilmga ega bo‘lgan , namunali xulq egalari olib borishlari zarur. Shoshqaloqlik bilan bu darslarni maktabdagi qaysidir adabiyot yoki jismoniy tarbiya o‘qituvchisiga yuklab bo‘lmaydi. Bola bugun o‘qituvchisining og‘zidan ichishning islomda taqiqlangani va nima uchun taqiqlangani haqida eshitsayu, ertasiga uni ko‘chada mast holda uchratsa bu bola nafaqat o‘qituvchiga balki diniga nisbatan ham ishonchni yo‘qotadi.

    Har qanday demokratik jamiyatda kuzatilganligi kabi diniy ta’limni hamma ham qo‘llab-quvvatlamasligi aniq. Demak shunday ekan maktabda farzandiga din o‘qitilishini xohlamaydiganlar yoki boshqa din vakillari uchun Germaniya uslubini qo‘llash kerak ya’ni bu kabi insonlar farzandlarini etika o‘qitiladigan sinfga beradi. Agar xar bir maktab uchun diniy mutaxassislar yetishmasligi kuzatilsa, bu muammoni har bir hududda aholining talabidan kelib chiqqan holda islomiy maktablar ochish orqali hal qilish mumkin. Bunday maktablarda ham barcha fanlar boshqa maktablar kabi o‘qitiladi, faqat islomiy ta’limga biroz ko‘proq vaqt ajratiladi.

    Ma’lumot o‘rnida shuni aytishim mumkinki, Kanadada ko‘plab islomiy maktablar mavjud bo‘lib, davlatdagi kuchli maktablar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadigan 20 ta maktabdan (hamma maktablarni bali bir xil va barchasi birinchi o‘rinda turadi) deyarli yarmi islomiy maktabligi ham qiziqarli fakt. Ana shunday islomiy maktablardan biri hisoblanmish «Iqro» nomli maktab matematika bo‘yicha davlatda eng yuqori o‘rinni band etgan, qolgan maktablarni o‘rtacha ko‘rsatkichi 2,5 bo‘lsa Iqro maktabiniki 4,0 ya’ni tengsiz, o‘qish va yozish bo‘yicha ham aynan shunaqa ko‘rsatgichga ega.

    Shu o‘rinda agarda bizning maktablarda diniy ta’lim yo‘lga qo‘yilsa, maktabda din o‘qitiladigan sinfda nimalar o‘qitiladi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga Alixonto‘ra Sog‘uniy rahmatullohning quyidagi jumlalari javob bo‘ladi deb o‘ylayman, “Bilmak kerakkim, har bir musulmon bolasi, xohi er kishi, xohi xotun kishi, xohi yosh, xohi qari, mana shu tubandagi to‘rt narsaning tarixini bilishi albatta lozimdur.

    1. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom tarixlari.
    2. Qur’oni karim tarixi.
    3. Dini Islom tarixi.
    4. Ka’batulloh tarixi.
    Shuning uchun, men faqir Alixonto‘ra Shokirxonto‘ra o‘g‘li Sog‘uniydurmankim, bizlardin keyingi avlod nasllarimizga va ham boshqa turkiy tillik vatandosh, din qarindoshlarimizga mendan yodgor bo‘lsin deb yuqoridagi to‘rt narsa tarixini har qandoq kishi tushungudek qilib, ochiq turkiy tilida yozdim. Bu kitobga «Tarixi Muhammadiy» deb ot qo‘ydim. Buni o‘qiguvchilar faqirni duolarida yod qilib qo‘yishlarini umid qilurman”.

    Ushbu ma’lumotlar dinimiz uchun foydali bo‘lishiga umid qilaman.
    Hurmat bilan
    Germaniyadagi “Friedrich-Schiller” Universiteti
    talabasi Sherzod

    Manba: Azon.uz

    » » Diniy ta’lim maktabda berilishi kerakmi? (Germaniya misolida)