21:53 / 21.03.2018
10 785

Jizzaxda jinoyat olamidagi mahalliy «avtoritet» pichoqlab o‘ldirildi…

Jizzaxda jinoyat olamidagi mahalliy «avtoritet» pichoqlab o‘ldirildi…
Fojia ikki hafta burun sodir etilgan. Jizzax shahridagi Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi xususiy avtobuslar hamda taksi haydovchilaridan «obщak» uchun ulush yig‘uvchi «avtoritet» 31 yoshli Zufar Tursunov avtobuslardan birining pattachisi tarafidan pichoqlab o‘ldirildi.

— Xususiy avtobuslar va taksilar turadigan «pitak»da, — deydi guvohlardan biri. — Bir kallakesar pattachi ishlaydi. Aynan o‘sha kallakesar «pitak»dagi barcha avtobus hamda taksilar haydovchilaridan katta pul yig‘ib Zufar Tursunovga topshirib kelgan. Ammo pullarning bir qisminigina Zufarga bergan. Qolganini bekitiqcha o‘zi uchun olib qolgan. Shu ishining misi chiqqan shekilli, o‘sha kuni ikkalasining orasida janjal yuzaga kelgan. Zufar baland ovozda uning ishdan haydalganini aytgan. Pattachini haydab solgan. Ana shunda kallakesar pattachi qo‘liga pichoq olib Zufar Tursunovga tashlangan. Zufar qochmoqchi bo‘lgan. Biroq ulgurmagan. Kallakesar pattachi uni yerga qulatgan-u, duch kelgan yeriga ko‘p marotaba tig‘ jarohatlari yetkazgan. Zufar kasalxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Bu voqea 2018 yil 12 martida Jizzax shahridagi «So‘g‘diyona» o‘yingohi yonida joylashgan «pitak»da bo‘lib o‘tgan.

Jizzax shahar prokuraturasi ushbu fakt bo‘yicha respublika jinoyat majmuasining 98- moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) ga asoslangan holda jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

— Bu «pitak», — deydi boshqa bir guvoh. — «So‘g‘diyona» o‘yingohi egasi Muzrob akaga tegishli bo‘lgan. U ilgari Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Zufar va yana boshqa mahalliy «avtoritet»lar Muzrob aka bilan kelishgan holda ish yuritishgan. Demak, yig‘ilgan pullarning qaysidir qismi unga berib borilgani aniq. Aks holda o‘z o‘yingohi yonidagi «pitak»ka ularni yaqinlashtirmagan bo‘lardi…

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Zufar sportchi bo‘lgan. Jizzax va Toshkentdagi jinoyat olami vakillari orasida yurib, ular bilan imi-jimida ish qilgan, katta pul to‘plagan…

Hozirgi vaqtda qotillik sodir etilgan «Pitak» yopib qo‘yilgan.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jizzaxda jinoyat olamidagi mahalliy «avtoritet» pichoqlab o‘ldirildi…