O‘g‘rilikni odat qilgan ayol mahallaga maslahatchi bo‘ldi

  • 28-03-2018, 22:30
  • 2 113
  • Jamiyat
  • O‘g‘rilikni odat qilgan ayol mahallaga maslahatchi bo‘ldi
    Ellikqal’a tumanida istiqomat qiluvchi Altinay Sag‘inbayeva (ism-sharifi o‘zgartirilgan) bir necha marta o‘g‘irlik qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan bo‘lsa ham, bundan tegishli xulosa chiqarmadi.

    So‘nggi marta qishloqdoshlarining qimmatbaho narsalarini o‘g‘irlayotganida qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu ish jinoyat ishlari bo‘yicha Ellikqal’a tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, Altinay O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan aybdor, deb topildi, deyiladi «O‘zA»da e’lon qilingan maqolada.

    Eng qizig‘i, u Ellikqal’a tumani xotin-qizlar ko‘mitasi kafolat xati bilan sud zalidan ozod etilib, kelajakda huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik, fe’l-atvorini yaxshilash maqsadida o‘zi yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

    Tuman hokimi o‘rinbosari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi u bilan bevosita shug‘ullanishga kafolat berdi.

    – Bunday g‘amxo‘rligi uchun tuman xotin-qizlar ko‘mitasi raisiga minnatdorlik bildiraman, – deydi Altinay Sag‘inbayeva. – Kelajakda bundan tegishli xulosa chiqarib, hayotda o‘z o‘rnimni topishga harakat qilaman.

    Shuni ta’kidlash joizki, Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, birinchi navbatda, huquqbuzarlikka moyilligi bo‘lganlar bilan yakka tartibda ish olib borish hamda jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan xotin-qizlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashishi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlikni ta’minlash xotin-qizlar qo‘mitalarining asosiy faoliyat yo‘nalishidan biri qilib belgilangan edi.

    » » O‘g‘rilikni odat qilgan ayol mahallaga maslahatchi bo‘ldi