08:04 / 29.03.2018
3 942

Shavkat Mirziyoyev: "Afg‘onlar — urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar" (video)

Шавкат Мирзиёев: "Афғонлар — уруш, муҳтожлик ва қийинчиликлардан чарчаган одамлар" (видео)
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqi davomida Afg‘onistonning 40 yillik urush davrida voyaga yetgan xalqi «boy berilgan avlod» emas, balki urush va qiyinchiliklardan charchagan odamlar ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Biz shu kunlarda bahor va yangilanish bayrami bo‘lgan Navro‘z ayyomini keng nishonlamoqdamiz. Azal-azaldan bu faslda urush-janjallar to‘xtatilgan, odamlar eski gina-kuduratlarni unutib, bir-birini kechirgan va hatto eng murakkab, hal etib bo‘lmaydigandek tuyulgan masalalar bo‘yicha ham kelishib, hamjihatlikka erishgan.

Ishonchim komil, bugun biz ham davrimizning eng o‘tkir mintaqaviy va global muammolaridan biri – Afg‘onistondagi qarama-qarshilikni hal etishni amaliy ruhda muhokama qilib, birgalikda umumiy bir yechim ishlab chiqishga qodirmiz.

Ming afsuski, jafokash Afg‘oniston zaminidagi bu to‘qnashuv qariyb 40 yildan buyon davom etmoqda.

Ma’lumki, «urush olovi» afg‘on xalqiga chetdan tiqishtirildi, bu – uning tanlovi emas.

Ana shu yillar mobaynida yuz minglab tinch aholi urush qurboniga aylandi, millionlab insonlar o‘z uylarini tashlab ketishga va boshqa mamlakatlardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi.

Bu mojaroga yangi-yangi kuchlarning jalb etilishi uning mislsiz darajada keskinlashib ketishiga olib keldi. Ushbu urush nafaqat Afg‘onistonning muammosi, balki tobora murakkablashib borayotgan xalqaro muammoga aylandi.

Afg‘onistonda xalqaro terrorchi guruhlar sonining kengayishi, zo‘ravonlik va qon to‘kishlar, narkobiznesning barham topmayotgani – bularning barchasi bu mamlakatdagi vaziyatni jahon jamoatchiligi tomonidan inkor etilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

Eng yomoni, Afg‘onistondagi qurolli qarama-qarshilik va zo‘ravonlik sharoitida butun bir avlod voyaga yetdi. Lekin bu, ayrim ekspertlar andishasizlarcha ta’kidlayotganidek, «boy berilgan avlod» emas. Ular urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar, xolos. Ular o‘zaro nizolarga chek qo‘yib, tinch hayotga, o‘z mamlakatini taraqqiyot va farovonlikka olib boradigan bunyodkor mehnatga qaytishni xohlaydi va shunga intiladi.

Men qat’iy aminman: afg‘on xalqida o‘z farzandlari va kelajak avlodlarning baxt-saodati yo‘lida yangi, tinch hayotni boshlash va barpo etish uchun kuch-g‘ayrat, donishmandlik, mardlik va matonat yetarli
.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: "Afg‘onlar — urush, muhtojlik va qiyinchiliklardan charchagan odamlar" (video)