Amaldorning 130 nafar mehmon ishtirok etgan to‘yi “duv-duv” gap bo‘ldi

  • 29-03-2018, 14:05
  • 2 773
  • Jamiyat
  • Amaldorning 130 nafar mehmon ishtirok etgan to‘yi “duv-duv” gap bo‘ldi
    “Mahalla” xayriya jamoat fondi Mirzacho‘l tumani bo‘limi raisi Quvondiq Abduqodirov to‘ylarni ixcham va kamchiqim qilib o‘tkazishni o‘z oilasidan boshlab berdi. Tuman markazidagi Mustaqillik mahallasida 130 nafar mehmon ishtirokida o‘tgan to‘y ming kishilik to‘ylarga qaraganda ko‘proq “duv-duv” gap bo‘ldi, deb yozmoqda O‘zA.

    “Juda yaxshi ish qildi. Asl to‘y shunday bo‘ladi”. “O‘zi bu ishda ham rahbarlar, mas’ul xodimlar shaxsiy ibrat ko‘rsatishi kerak. Ana endi Quvondiq akaning to‘yni ixcham, kamchiqim o‘tkazish haqidagi talabiga hech kim e’tiroz bildirolmaydi”. “Ota-onasining gapini ikki qilmagan farzandlarga ham rahmat. Kelin-kuyovning do‘stlari ham to‘yni diskotekaga aylantirib yubormadi. Binoyiday tartibli o‘tdi.”

    Ko‘pchilik shunday fikr bildirdi. Ammo “duv-duv” gaplar orasida “Birinchi kelini ekan, kattaroq qilsa ham bo‘lardi. Amaldorligi uchun qo‘rqqan bo‘lsa kerak-da” deguvchilar ham topildi, albatta.

    Bu gaplardan qat’iy nazar, Quvondiq aka va u kishining turmush o‘rtog‘i, tuman poliklinikasi hamshirasi Ra’noxon opa, qudalar –Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidan Pardaboy aka To‘raboyev to‘yning chiroyli, mazmunli o‘tganidan mamnun. Albatta, bu mamnunlik farzandlarining baxti, kelin-kuyov – tuman davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassisi Abdimurod, Xalq bankining Oqoltin tumani filiali xodimi Dildora ota-otalarining fikriga qo‘shilib, to‘yni ixcham o‘tkazishni ma’qullagani tufaylidir.

    – Dabdabali to‘ylar yoshlarning baxtli hayotini kafolatlamaydi, – deydi Ra’noxon Abduqodirova. – To‘ydan so‘ng yoshlarga uy-joy zarur. Shuning uchun farzandlarimizga namunali uylardan alohida turar joy olishida ko‘maklashishni niyat qilganmiz.

    To‘ylarni ixchamlashtirishni aholi o‘rtasida targ‘ib qilishga, avvalo, mahalla mas’ul. Bu targ‘ibotni samarali yo‘lga qo‘yishda fuqarolar yig‘inlariga amaliy yordam ko‘rsatish esa “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limining asosiy vazifasi. Ko‘p yillardan buyon ushbu bo‘limni boshqarib kelayotgan Quvondiq Abduqodirov vazifasiga qanchalik mas’uliyat bilan qarashini o‘z oilasi misolida ko‘rsatdi.

    Qizilqumni o‘zlashtirishning dastlabki yillarida paydo bo‘lgan Mirzacho‘l tumanidagi qishloq va mahallalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ularning baynalmilalligidir. Azaldan o‘zbek va qozoq tug‘ishgan aka-ukadek yonma-yon yashab kelgan bu hududni o‘zlashtirish davrida sobiq ittifoqda yashaydigan turli millat va elatlar vakillari ko‘chib kelgan.

    Asrlar davomida mahallada shakllangan qo‘ni-qo‘shnilarning yaxshi-yomon kunlarda birga bo‘lish, barcha ishlarni bamaslahat hal qilish kabi o‘lmas qadriyat va odatlar bugun ham insonlarni ezgu maqsadlar yo‘lida birlashtirayotir. To‘y-ma’rakalarni birgalikda o‘tkazish ham ana shu umrboqiy an’analardan biridir.

    Biroq to‘ylarning yildan-yilga kattalashib, ortiqcha dabdababozliklar ko‘payib borayotgani azaliy qadriyatlarga putur yetkazib, odamlar o‘rtasida tafovut yuzaga keltirayotgani ham ko‘pchilikni tashvishga solayotgan edi. Shuning uchun to‘y-ma’rakalarni ixchamlashtirish to‘g‘risidagi tashabbusni mirzacho‘lliklar astoydil qo‘llab-quvvatladi.

    – To‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgan targ‘ibot kutilgan samara bermagani barchaga ma’lum, – deydi Q.Abduqodirov. – To‘y-marosimlarning tobora milliylik, odob-axloq chegarasidan chiqib borayotgani ularni tartibga solish uchun huquqiy-me’yoriy hujjat zarurligini ko‘rsatdi. Bu masalaga Prezidentimiz alohida e’tibor qaratayotganining sababi ham shu. Endi bu ish amalga oshadi, shunday davom etishiga yo‘l qo‘yish aslo mumkin emas. Mahallalarda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bilan birga, aniq amaliy ishlarga e’tibor qaratamiz.

    Bayram va to‘ylar yurt tinchligi va farovonligi belgisidir. Bunday ulug‘ kunlarni ixcham, kamchiqim, hammabop, mazmunli o‘tkazish uchun tumandagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Bu ishda, birinchi navbatda, Quvondiq akaga o‘xshagan, el orasida hurmat-e’tibor qozongan faollar, faxriylarning shaxsiy ibrat ko‘rsatishi targ‘ibot samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    » » Amaldorning 130 nafar mehmon ishtirok etgan to‘yi “duv-duv” gap bo‘ldi