08:03 / 30.03.2018
5 178

Sobiq MXX ning vazifalari nima sababdan asossiz kengayib ketgan edi?

Sobiq MXX ning vazifalari nima sababdan asossiz kengayib ketgan edi?
Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati zimmasiga milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha jihatlari yuklatib qo‘yilgani mazkur idora bo‘linmalari vazifalarini asossiz kengayishiga olib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIV yalpi majlisida nutq so‘zlagan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev shunday fikr bildirdi.

Dadaxo‘jayevning aytishicha, «​Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»​gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni soha faoliyatini aniq belgilab berishdek muhim vazifani o‘tashi belgilangan. Gap shundaki, o‘tgan davr ichida sobiq MXX vazifa va vakolatlari asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘luvchi omillardan biri - soha faoliyatini tartibga soluvchi qonun mavjud emasligida edi.

«Ayni qabul qilinayotgan qonun Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining mustahkam huquqiy asoslarini yaratadi. Sir emaski, so‘nggi paytgacha MXX organlari faoliyati hukumat tomonidan, deyarli 27 yil avval tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshirilardi. Boz ustiga, mazkur Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar ijro etuvchi hokimiyatning yashirin normativ-huquqiy hujjatlari bilan kiritilgandi. MXX zimmasiga milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha jihatlari yuklatib qo‘yilgani mazkur idora bo‘linmalari vazifalarini asossiz ravishda kengayishiga olib keldi. Ularga jamiyat hayotining barcha sohalari va davlat organlari faoliyatiga aralashish uchun zamin yaratib berdi», deydi u.

Qo‘mita raisi qabul qilinayotgan qonun xizmatning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratib berishi, uning xalq uchun ochiqligini va qulayligini ta’minlashi haqida fikr bildirdi.

«Qonun Davlat xavfsizlik xizmati maqomi, vakolati, faoliyatdagi predmetlarini aniq belgilab beradi», deb qo‘shimcha qildi u.
Senatning XIV yalpi majlisida 78 nafar senator ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 77 nafari ushbu qonunni yoqlab ovoz berdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezident Shavkat Mirziyoyev ham Oliy Majlis a’zolari va jamoatchilikka bildirgan Murojaatnomasida hech qaysi tizim o‘z vakolatidan chiqib ketmasligi, biri boshqasining funksiyalarini takrorlamasligi va o‘zaro tiyib turish tamoyilini buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida gapirib o‘tgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sobiq MXX ning vazifalari nima sababdan asossiz kengayib ketgan edi?