07:03 / 12.04.2018
7 580

Toshkentda endi kvartiraning kadastr pasporti joriy etiladi

Toshkentda endi kvartiraning kadastr pasporti joriy etiladi
Toshkentda kvartiralarning kadastr pasportlari joriy etiladi ko‘p qavatli uylarda joylashgan kvartiralar uchun kadastr pasportlari berilishi boshlanadi. Bu haqda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi ma’lum qildi.

«Toshkent shahridagi ko‘p qavatli turar uylarda joylashgan kvartiralarga kadastr hujjatlarini shakllantirish jarayonini soddalashtirish va muddatini qisqartirish, shuningdek, kvartira egalari tomonidan bitimlar tuzishda qulayliklar yaratish maqsadida Davergeodezkadastr qo‘mitasining buyrug‘iga muvofiq, Toshkent shahrida 16 apreldan boshlab mulkdorlarning murojaatiga asosan kvartiralar texnik inventarizatsiyadan va huquq turi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan so‘ng kadastr yig‘ma jildi hamda ‘Binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtlarga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma’ o‘rniga kvartira egalariga kvartiraning kadastr pasporti beriladi», — deyiladi xabarnomada.

Kvartiraning kadastr pasporti qalbakilashtirishdan himoya qiluvchi elementlari, ya’ni «suv belgisi» bilan himoyalangan maxsus blankdan iborat bo‘lib, quyidagi ma’lumotlarni pasport berilgan kun holatiga aks ettiradi: kvartiraning texnik parametrlari, kadastr qiymati, kvartira tarxi, mulkdor va kvartiraga bo‘lgan xuquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot.

Shu bilan bir qatorda, kvartiraning kadastr pasportida QR-kod mavjud bo‘lib, u orqali onlayn tarzda kadastr pasportining maqomi va haqiqiyligi, shuningdek, kvartiraning pasportda qayd etilgan texnik parametrlariga mos kelishi, kvartira haqida qo‘shimcha ma’lumotlar hamda onlayn tarzda tekshirish holatiga ko‘ra taqiq va cheklovlar bor yo‘qligi haqida ma’lumotlarni tekshirish imkoniyati mavjud.

Yangi ko‘rinishdagi kadastr pasporti kvartiraga bo‘lgan huquq yangi egalariga o‘tgan yoki avval taqdim etilgan kadastr hujjati yo‘qotilgan taqdirda, kvartiraning yangi egalari arizalariga binoan taqdim etiladi.

Avval taqdim etilgan kadastr hujjatini yangilash talab etilmaydi va ushbu kadastr hujjati kvartiraga bo‘lgan huquq bekor qilingunga qadar amal qiladi hamda haqiqiy hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda endi kvartiraning kadastr pasporti joriy etiladi