09:05 / 18.04.2018
5 067

Buxoro viloyati hokimi: «Oldin paxtaga olib chiqmasa, ishdan olardik»

Buxoro viloyati hokimi: «Oldin paxtaga olib chiqmasa, ishdan olardik»
17 aprel kuni prezident tashabbusi bilan bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Vazirlar Mahkamasida jamoat ishlariga majburiy jalb qilishni taqiqlash, bu borada rahbarlar mas’uliyatini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda bosh vazir kun tartibidagi asosiy masala bo‘yicha har bir viloyat rahbarining axborotlarini tinglab, qabul qildi.

Aripov Qashqadaryo, Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilik holatlari kuzatilganini qayd etib o‘tgandi.

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev so‘zga chiqib, bundan buyon majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi fikrlarga qo‘shilishini bildirib, o‘zi rahbarlik qilayotgan hududda bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berdi.

«Prezidentimizning Sirdaryoda gapirgan barcha gaplarini yaxshilab eshitdik. Bu gaplardan keyin viloyatdagi rahbarlar, tumanlar va shaharlar hokimlari bilan qat’iy kelishib oldik, bundan keyin hech kimni majburiy mehnatga jalb qilmaymiz.

Prezidentimizning siyosati bunday yo‘nalishda bo‘lganidan keyin prezidentimizning bu masalalarga jiddiy qarayapmiz.

To‘g‘risini aytish kerak, oldingi siyosatda paxtaga olib chiqmasa, ishdan olardik. Endi vaziyat boshqa. Lekin hali buni ko‘pchilik tushunib yetmayapti. Prezidentimizning oxirgi gaplaridan keyin ko‘pchilikka yetib borgan deb o‘ylayman. Hammaning mas’uliyati o‘zida. Bundan keyin vaziyatni tuzatish uchun keskin choralarni ko‘ramiz», — dedi Buxoro viloyati hokimi.

Bosh vazir uning bu so‘zlarini ma’qullab, to‘ldirib o‘tdi: «To‘g‘ri. Ha, avval o‘zimiz majbur qilardik, o‘zimiz bosh bo‘lardik. Lekin endi siyosat o‘zgardi. Yurtboshimiz xalqparvar siyosat e’lon qildi.

Prezidentimiz BMT minbarida turib avvalgi kamchiliklarni tan olgan holda, yangicha siyosat haqida e’lon qildi. Endi yeng shimarib, qonun doirasida ish olib boramiz», deya Abdulla Aripovning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoro viloyati hokimi: «Oldin paxtaga olib chiqmasa, ishdan olardik»