11:02 / 15.05.2018
7 637

Toshkent shahriga yangi bosh imom-xatib tayinlandi

Toshkent shahriga yangi bosh imom-xatib tayinlandi
Shu vaqtgacha Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari va Chilonzordagi «Sobitxon hoji» jome masjidi imom-xatibi sifatida ishlab kelgan Ergash Rustamov Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabar berishlaricha, 14 may kuni Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidida Toshkent shahar imom-xatiblarining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgan. Unda, jumladan, shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov hozirda betob bo‘lib turgani sabab, Ramazon oyida diniy sohada ish hajmining ortishi, ko‘plab tadbirlar va xayriya loyihalarida mas’ullar yuklatilishi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi (O‘MI) buyrug‘i bilan Ergash Rustamov shahar bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangani ma’lum qilingan.

1959 yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan Ergash Rustamov 1997 yilda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tamomlagan. 1996—1997 yillarda Toshkent islom instituti prorektori, 1996—2017 yillarda Chilonzordagi «Sobitxon hoji» masjidi imom-xatibi, 2006—2010 yillarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, 2012—2017 yillarda O‘MIning Surxondaryo viloyati vakili, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi lavozimlarida ishlagan.

Ergash Rustamov 2017 yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari va Chilonzordagi «Sobitxon hoji» jome masjidi imom-xatibi sifatida ishlab kelayotgan edi.

Ma’lumot uchun, aprel oyi boshida Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov mikroinsultni boshdan kechirgani, may oyi boshida esa komadan chiqqani haqida xabar berilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent shahriga yangi bosh imom-xatib tayinlandi