07:02 / 19.05.2018
25 867

Arzon uy-joylarning joriy yilgi narxi qancha?

Arzon uy-joylarning joriy yilgi narxi qancha?
Har bir inson o‘z uy-joyiga ega bo‘lishga haqli, ayniqsa, yosh va turarjoyga muhtoj oilalar. Ushbu masala bugun g‘oyat dolzarb. Davlatimiz bugun ana shunday oilalarni boshpana bilan ta’minlashga jiddiy ahamiyat qaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 22 noyabrdagi qarori asosida 2017-2021 yillarda shaharlarda arzon ko‘p qavatli uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturi qabul qilingan. Dasturga muvofiq Toshkent shahrida hamda respublikamizning boshqa shaharlarida 191 ta ko‘p qavatli uylar qurilib, shu kunlarda egalariga topshirilmoqda. Xo‘sh, bu yilgi rejalar qanday?..

Joriy yilda 335 ta ana shunday uy qurilib, aholiga imtiyozli ravishda berilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda ushbu ko‘p qavatli kvartirali uylarni qurish boshlab yuborilgan. Biroq so‘nggi vaqtlarda o‘sha barpo etilayotgan uylar bilan bog‘liq ayrim muammolar yuzaga qalqib chiqa boshladi. Yangi uy-joyga aholining propiskaga qo‘yilmayotgan, kvartiraga egalik qilish huquqi to‘g‘risidagi hujjat berilmayotgani kabi muammolar odamlarni haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

— Siz aytgan holat haqiqatdan ham mavjud, — deydi «Ipoteka bank» ATB ipoteka va iste’mol kreditlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod QURBONOV. — Kvartiraga egalik qilish to‘g‘risidagi hujjat uy sohibiga uzog‘i bilan qirq besh kun muddatda beriladi. Shundan keyin boshqa muammolar ham o‘z-o‘zidan yechim topadi. Bunday katta hajmda uy qurishga birinchi bor kirishilgani sabab ba’zi muammolar paydo bo‘lmoqda. Hozirda bankimiz tomonidan 1985 xonadondan iborat 45 ta ko‘p qavatli uy moliyalashtirilmoqda. Shuningdek, qurilish ishlariga bank tomonidan 315,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu uy-joylar joriy yilning o‘zida qurib bitkazilib, imtiyozli ipoteka krediti asosida topshirilishi mo‘ljallangan.

— Uylarning bu yilgi narxi nega haligacha shakllantirilmagan?
— Buning qator sabablari bor. O‘ylaymanki, bu masala yaqin orada o‘z yechimini topadi. Joriy yilda Toshkent shahrida qurilayotgan uy-joylar narxi o‘tgan yilgidan biroz farqlanishi mumkin. Biroq viloyatlarda o‘tgan yilgi narx saqlanib qoladi. Hali uyning aniq narx-navosi ­tasdiqlangani yo‘q.

— Agar yangi, arzon uy-joyda ta’mir bilan bog‘liq muammo yuzaga kelsa, uyni qaysi tashkilot ta’mirlab beradi?
— Qurilishni bajargan, uyni qurgan pudratchi tashkilotning besh foiz mablag‘i bir yil davomida bank hisobida ushlab turiladi. Agar uy egasida e’tiroz tug‘ilsa, kvartira ana shu mablag‘ hisobidan qurilish tashkiloti tomonidan ta’mirlab beriladi.

— Arzon va ko‘p qavatli uylarni olish uchun aholidan shu paytgacha qancha ariza kelib tushdi?
— Masalan, birgina 2017 yilning o‘zida aholidan 27 mingta ariza tushgan. Fuqaroning murojaati to‘qqizta mezondan biriga mos kelsagina unga uy-joy beriladi.

— Arizalarni ko‘rib chiqish tartibi qanday?
— Har bitta murojaat e’tiborda bo‘ladi. Murojaatlar haftada bir, agar lozim bo‘lsa, uch martagacha ham ko‘rilishi mumkin.
Ulug‘bek JUMAYeV

Manba: «Oila davrasida»

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Arzon uy-joylarning joriy yilgi narxi qancha?