09:26 / 31.05.2018
3 869

Sherzod Shermatov: “Biz ham «sigirsiz sutni” xohlayotgan bo‘lib chiqmaylik!» (video)

Sherzod Shermatov: “Biz ham «sigirsiz sutni” xohlayotgan bo‘lib chiqmaylik!» (video)
Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov o‘zining “Facebook”dagi sahifasida MIT professori Loren Grexem nega Rossiyada yangilik yaratuvchilar ko‘p bo‘lgani bilan innovatsiyani joriy qilishdan doimo orqada qolayotganini sodda qilib tushuntirib berganini izohlaydi.

Aytilishicha, Rossiyada (sobiq SSSRda) juda ko‘p yangiliklar yaratilgan. Lekin ulardan moddiy foydani aynan g‘arb davlatlaridagi kompaniyalar ko‘rmoqda. Rossiyalik olimlarda lazer sohasida ikki nafar Nobel mukofoti laureati bor, lekin Rossiya lazer texnologiyalari bozorida deyarli hech qanday o‘ringa ega emas. Elektr chirog‘iniyam birinchi bo‘lib Rossiyalik olim o‘ylab topgan bo‘lsa-da, u bozorga dastlab AQSHda joriy etilgan. Birinchi radio va birinchi sun’iy yo‘ldosh Rossiyada (SSSRda) yaratilgan, lekin telekommunikatsiya bozoridagi Rossiyaning o‘rni deyarli bilinmaydi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Nega Rossiyada yangiliklar yaratish shunchalik yaxshi rivojlangan bo‘lsa-da, ularni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha Rossiya juda orqada? Bu savolga javob qayerda? Professorning fikricha, ko‘pchilik rahbarlar rivojlanish uchun aynan yangi texnologiya kerak deb hisoblab kelgan, lekin ijtimoy-iqtisodiy muhitning muhimligini esdan chiqarishgan.

Bunga professor bir misol keltirgan, deb yozadi vazir o‘rinbosari: MIT universiteti vakillari Rossiyaga kelib universitetlardagi uchrashuvlar davomida, ko‘pchilikni qiziqtirgan “innovatsiyalarning rivojlanishiga asosiy sabab nimada? Qanday qilib biz ham MIT darajasiga chiqishimiz mumkin?” degan savollariga MIT rahbari “bu aynan universitetda, Bostonda va umuman AQSHda yaratilgan muhit, ya’ni qonun ustuvorligi, tadbirkorlarning erkinligi, o‘z fikrini ayta olishi, mualliflik huquqlarining himoyasi, xato qilib bankrot bo‘lishdan qo‘rqmaslik va hokazo” desa, Rossiya universitetlari vakillari tushunmay, “Qanday aniq yuqori texnologiyalar ishlatasizlar?”, “Qanday qilib biz ham shunday yuqori texnologiyalarni qo‘llay olishimiz mumkin?” va shu kabi savollar beraverishadi. Bu kabi savollardan MIT rahbari taajjubga tushib, sizlar “sigirsiz sut”ni so‘rayapsizlar degan ekan. Ya’ni, avvalo tegishli muhit – ekosistemani yaratish (sigirni parvarishlash), undan keyin esa innovatsiyalarni hayotga joriy etishning ommaviylashishi (ya’ni sigirning sut berishi) kuzatilishini tushuntirishga harakat qilgan.

Professor Grexem o‘z nutqida: “Hali hanuz Rossiyada bu masalaning muhim ekanligini tushunib yetishmagani ko‘rinib turibdi”, – deya ta’kidlaydi.

“Ushbu postdan maqsad, – deydi Sherzod Shermatov. – Rossiyada qanday yomon ahvol ekanligini ko‘rsatish emas, balki ikki davlat orasida tarixiy bog‘liqlik bo‘lganiga Rossiyadagi holatni misol sifatida keltirdim”.

“Prezidentimiz bir necha bor olimlar bilan uchrashuvlarda bizda ham innovatsiyalarni hayotga joriy etishdagi holatning yomonligi haqida ta’kidlab o‘tganlar”, – davom etadi vazir o‘rinbosari. – “Millionlab dollarga so‘nggi texnologiyalarni olib kelib qo‘yilgani bilan, ulardan foydalanadigan olimlarga erkin faoliyat yuritishga sharoit yaratilmasa va o‘z ilmiy izlanishlari natijalarini bemalol erkin raqobat muhitidagi xususiy sektor orqali hayotga joriy etishga imkoniyatlar berilmas ekan, biz ham «sigirsiz sutni” xohlayotgan bo‘lib chiqamiz».

Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, Global innovatsion indeksda ham birinchi eng katta ko‘rsatkichlar guruhi bu – aynan “Boshqaruv institutlari”. 2015 yildagi hisobotda O‘zbekistonga tegishli qismida ko‘rinib turibdiki, bu yo‘nalishda hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Shuning uchun, ishlab chiqarilayotgan Innovatsion rivojlanish strategiyasida bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlarga ham alohida e’tibor qaratishga harakat qilmoqdamiz. Ko‘pchilik haligacha Innovatsiya vazirligi olimlar tomonidan yaratilgan ishlanmalarni sotib berishi (kommersializatsiya qilishi) kerak degan fikrda yurishibdi. Vaholanki, har qanday vazirlik tijorat bilan shug‘ullanmasligi kerak. Davlat organlarining vazifasi aynan xususiy sektorga tijoratlashtirish bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratib berishi kerak, – deya o‘z xulosasini bildirgan vazir o‘rinbosari.

O‘z postida videodagi muhokamaning to‘liq matni havolasi hamda videoning to‘liq talqinini ham keltirib o‘tgan:

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sherzod Shermatov: “Biz ham «sigirsiz sutni” xohlayotgan bo‘lib chiqmaylik!» (video)