14:33 / 02.06.2018
11 947

Bolalar xo‘rlanib, qizlar zo‘rlangan mehribonlik uyidagi dahshatlarning yangi tafsilotlari

Bolalar xo‘rlanib, qizlar zo‘rlangan mehribonlik uyidagi dahshatlarning yangi tafsilotlari
Foto: «Repost.uz»
«Repost.uz» nashri Marg‘ilondagi 1-mehribonlik uyida sodir bo‘layotgan dahshatlar — bolalarning xo‘rlanishi, qizlarning zo‘rlanishi bilan bog‘liq hodisaning yangi tafsilotlari haqida maqola e’lon qildi.

2017 yilning dekabr oyida Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida joylashgan 1-mehribonlik uyida bolalarning zo‘rlanishi haqidagi dahshatli mish-mishlar keng tarqaldi. Ma’lumki, bunday muassasalardagi mavjud sharoitlar havas qiladigan darajada bo‘lmaydi. Bunday joylarda bolalar to‘yib ovqat yemasligi, ularning gigiyena qoidalariga rioya etishi uchun sharoit yaxshi bo‘lmasligi, toza buyumlar berilmasligi kabi ochiqchasiga tahqirlovchi holatlar haqida avvaldan aytilib kelinadi.

Tarbiyalanuvchilar faqat bayram kunlari, shahar rahbariyati yoki mamlakatning boshqa tumanlaridan tashrif buyurgan mehmonlar oldida chiroyli kiyintirilgan. Ammo bu holga allaqachon e’tibor berilmay qo‘yilgan. Ehtimol, ushbu mehribonlik uyidagi zo‘ravonliklar OAVda o‘z tasdig‘ini topmaganida bu mish-mishlar ham unutilib ketardi.

Haqiqatdan ham, hozirda ushbu mehribonlik uyi xodimlariga nisbatan jinoiy ish ochilgan. Ular katta miqdordagi pulni o‘zlashtirish hamda tarbiyalanuvchi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikda gumon qilinmoqda.

Hammasi nimadan boshlandi?

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi voqealarining yuzaga chiqishi borasida bir necha taxminlar mavjud:

1. Tarbiyalanuvchilaridan biri bilan yuz bergan «baxtsiz hodisa»dan so‘ng, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu mehribonlik uyiga e’tibor qaratgan. Mehribonlik uyining ismini oshkor qilishni istamagan xodimning so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilning kuzida tarbiyalanuvchi qizlardan biri o‘z joniga qasd qilishga uringan. Tirik qolgan qiz mahalliy shifoxonalardan biriga yotqizilgan. Shifokorlar qizning tanasida zasoslarga o‘xshagan, ko‘plab zo‘ravonlik alomatlarini aniqlashgan. Uzoq suhbatlardan so‘ng, qiz mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilarga nisbatan muntazam ravishda zo‘ravonlik sodir etilishini aytib beradi. Qiz bunga Mehribonlik uyining katta yoshdagi tarbiyalanuvchilari, xodimlari va begona shaxslarning daxldorligini ma’lum qiladi. Bu esa o‘z navbatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun tekshiruvlar uchun sabab bo‘ladi.

2. Yana bir taxminga ko‘ra, 2017 yili yolg‘iz ona mehribonlik uyiga qizini tashlab, o‘zi pul ishlash uchun chet elga ketadi. Ona bolasidan voz kechmaydi, qarindoshlari yo‘qligi sabab shunday yo‘l tutishga majbur bo‘ladi. Tanish ayol muntazam ravishda qizdan xabar olib, unga oziq-ovqat va kiyim-kechaklar yetkazib turadi. Bir kuni qiz tanish ayoldan onasi bilan gaplashishni iltimos qiladi. Ona bilan gaplashgan qiz, mehribonlik uyi xodimlari va katta yoshli tarbiyalanuvchilarning zo‘ravonligi haqida bor haqiqatni aytib beradi. Qizning onasi chet eldan qaytib keladi. Qizchaning psixolog bilan bo‘lgan suhbatidan so‘ng voqea o‘z tasdig‘ini topadi.

Har ikki voqeaning yakunida huquq-tartibot idoralari mehribonlik uyini kuzatishga tushadi. Ichki va tashqi video kuzatuv yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi videokuzatuv mehribonlik uyi qarshisida joylashgan poliklinika orqali amalga oshiriladi. Poliklinika palatalarining birida kuzatuv kamerasi o‘rnatiladi. Ichki kuzatuv esa «homiy tomonidan sovg‘a qilingan» televizor orqali amalga oshiriladi.

Kuzatuv natijalarida qizlar aytgan gaplar o‘z tasdig‘ini topadi. Ma’lum bo‘lishicha, uzoq vaqt davomida mehribonlik uyi bolalari zo‘rlab kelingan. Ammo bu qachondan boshlangan?

Avloddan-avlodga o‘tib kelinayotgan odat

Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ikki maktabda: 8-o‘zbek va 11-rus maktablarida ta’lim olishadi. Ular boshqa o‘quvchilardan nafaqat guruh bo‘lib kelishi bilan, balki xulq-atvori bilan ham farq qiladi. Bolalar tajovuzkor bo‘lib, katta yoshdagi bolalar kichik yoshdagilarni xafa qilishi ayniqsa ko‘zga tashlangan. Bir qarashda bunday hol oddiy oilalar farzandlarida ham kuzatiladigandek tuyuladi.

Ushbu kamsitishlar zamirida jinsiy zo‘ravonlik yotadi. Jumladan, 3-sinfda o‘quvchi qizni 6-sinfda o‘quvchi bola ochiqchasiga xafa qilgan. Har ikkisi ham 8-maktab o‘quvchisi hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari.

Ushbu o‘quvchilar bilan tarbiyaviy suhbat davomida bunday harakatlar katta yoshdagi o‘quvchilar zo‘ravonligining natijasi ekanligi aniqlanadi. Bolalar tanasidagi zo‘ravonlik izlari esa buning tasdig‘i bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xuddi shu maktabning o‘g‘il bola o‘quvchilari g‘ayriijtimoiy jinsiy xatti-harakatlar sodir etayotgan vaqtda bir necha marotaba ushlangan. Ular bilan bo‘lgan suhbatda mehribonlik uyida «jinsiy tarbiya» faol ravishda amaliyotga tatbiq etilgani aniqlanadi.

Ammo hibsga olingan mehribonlik uyi tarbiyachilari aytgan gapi yanada dahshatlidir. Suhbat chog‘ida ular yuz bergan voqealarning qo‘rqinchli narsa emasligini, xotirjam ravishda ta’kidlashgan. Tarbiyachilar aytishicha, ular mehribonlik uyida tarbiyalangan davrda ham, ularning tarbiyachilari xuddi shunday qilishgan.

Bundan chiqdi, zo‘ravonlik bir emas, bir necha o‘n yillar davom etgan.

Maxfiylik grifi ostida

Ani paytda mehribonlik uyi xodimlaridan aniq ma’lumot olishning imkoni yo‘q. Hamma sarosimada va ular uchun matbuot bilan aloqa qilish o‘z joniga qasd qilish bilan teng. Faqatgina muassasaning 10 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgani, 167 million so‘mdan ko‘proq zarar aniqlangani ma’lum. Shuningdek, muasassa xodimlari qasddan bolalarga jismoniy shikast yetkazgani, abort qilishga majburlagani, voyaga yetmagan shaxslar bilan jinsiy aloqa qilgani ham tasdiqlandi.

Biroq, bolalarning mehribonlik uyi xodimlaridan tashqari, hayr-ehson qiluvchi «saxovatpesha» insonlar tomonidan ham zo‘rlanganligi noaniqligicha qolmoqda. Hozirda Marg‘ilondagi haydovchilar, mehribonlik uyi xodimlarining qarindoshlari, umuman, bu dahshatli voqeadan xabari bor deyarli har bir odam shu haqda gapirmoqda. Taxminlarga ko‘ra, «saxovatpesha» insonlar homiylik qilish niqobi bilan yashirinib, o‘zlariga «o‘lja» tanlagan. Ayrimlarini mehribonlik uyi hududida zo‘rlagan, boshqalarini esa boshqa joylarga olib ketishgan. Eng dahshatlisi, ular orasida 8—9 (!) yoshdagi bolalar ham bo‘lgan.

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi bo‘yicha ko‘p savollar ochiqligicha qolmoqda. Eng asosiylari: vaziyat o‘zgaradimi, shundoq ham ko‘ngli yarim bo‘lgan bolalarga ozor yetkazish to‘xtatiladimi? Kattalarning ahloqsiz xatti-harakati sabab ruhiyati buzilgan bolalar taqdiri nima bo‘ladi?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolalar xo‘rlanib, qizlar zo‘rlangan mehribonlik uyidagi dahshatlarning yangi tafsilotlari