16:26 / 06.06.2018
4 748

Erkak o‘qituvchilar nega maktabni tark etdi?

Erkak o‘qituvchilar nega maktabni tark etdi?
Farida Xayrulla qizining «Xabar.uz» saytida chiqqan «Xavotir» degan maqolasini qiziqib o‘qidim. Men ta’lim sohasi bilan umuman aloqasi yo‘q odamman. Hozirgi kunda erkak o‘qituvchilar kamayib ketayotganining asosiy sabablarini hayotimda bo‘lib o‘tgan voqealardan kelib chiqib aytmoqchiman. Onam o‘qituvchi. Otam ham bir paytlar o‘qituvchi bo‘lgan. Otamning fikrlari va xayotining bir davri hozir erkak o‘kituvchilar nega yo‘q bo‘lib ketishiga misol bo‘la oladi. Demak:

1. Chet elga ish izlab ketish. Bu muammoning boshlang‘ich davri taxminim bo‘yicha 17 yil ilgari avj ola boshlagan. Asosan Rossiyada zo‘r daromadli ish topish ancha oson bulgan. Bir oylik maoshidan 10-20 barobar ko‘p pul jo‘natayotgan sherigini ko‘rgan o‘qituvchi qanday xotirjam dars o‘tadi? U ham sherigidan maslahatni olib, ish og‘ir bo‘lsa ham yuqori oylik olgani jo‘nab ketadi.

2. Oylik maosh kamligi. 17 yil ilgari boshlangan mo‘may pul topish davri 10 yilcha davom etdi. Bu paytda Rossiyadagi «dollar»ning tagi ko‘rina boshlaydi. Ko‘plari ortga qaytishga majbur bo‘lishdi. Maktab yoki litseyga qaytib kelishdi. Qarashsaki, oylik juda past. Yana boshqa yo‘nalishlar qidira boshlashdi.

3. Qog‘ozbozlik. Hech kimga sir emas, hozirgi kunda erkak o‘qituvchilarning ham, ayol o‘qituvchilarning ham birdek asabini o‘ynaydigan ta’lim tizimi mavjud. Onamning bu tizimdan kunda nolishlarini, lekin majbur ishlayotganini eshitaverib mening ham ta’lim tizimiga munosabatim yomonlashgan.

4. Kamsitish. Misol uchun onangiz, opa-singlingiz, turmush o‘rtog‘ingiz yoki qizingiz, xullas barcha oila a’zolaringiz birovning ko‘chasini, domining pod’ezdini tekinga tozalasa, uning ustiga uy egalaridan ustidan kulganday gaplar eshitsa, qisqa qilganda birovlarga XXI asr quli bo‘lsa, sizga qanday ta’sir qiladi? Paxta terimini-ku aytmasa ham bo‘ladi. Agar oila a’zolaringizning o‘rnida siz bo‘lganingizda shu kamsitishlarga erkak bo‘lib chiday olmas edingiz. Bu voqealarni oddiy xalq ko‘rib, hatto latifa ham to‘qigan.

Bir o‘qituvchi o‘quvchiga tanbeh berib: «Qachon odam bo‘lasan? Undan ko‘ra yaxshi o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lsang-chi», – desa, o‘quvchi: «Keyin sizga o‘xshab ko‘cha supurib yuramanmi?», — der emish...

5. Qachonki tepsa tebranadigan va o‘zboshimcha rahbarlar. O‘qituvchi Dianaxonning o‘limi barchaning ko‘zini ochdi. Oxiri hamma narsaning bo‘ladigani bo‘lib, hurmatli prezidentimizning bitta buyrug‘i bilan to‘xtadi. Agar shu buyruq berilmaganida bu holat kachongacha davom etardi? Yana necha kishining o‘limi kerak edi? Rahbarlarning o‘z qo‘l ostidagi muallimlarning kamsitilishiga jim qarab turganiga shu paytgacha hayronman. Shuncha gap-so‘zdan keyin yana ko‘chalarni tozalab yurgan o‘qituvchilarni ko‘rib hafsalang pir bo‘ladi kishi.

Bu muammolar qachon hal bo‘ladi-yu erkak o‘qituvchilar qachon maktabga qaytadi? Ularning qaytishi Farida Xayrulla qizi o‘z maqolasida to‘g‘ri ta’kidlaganidek xalqimiz uchun juda muhim, juda kerak...
Jasurbek Ibrohimov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erkak o‘qituvchilar nega maktabni tark etdi?