07:02 / 07.06.2018
4 253

Endi talabaning o‘zlashtirishiga qarab professor-o‘qituvchilar faoliyatiga baho beriladi

Endi talabaning o‘zlashtirishiga qarab professor-o‘qituvchilar faoliyatiga baho beriladi
Endilikda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilar faoliyatiga baho talabalarning o‘zlashtirishiga qarab qo‘yiladi. Bu haqda Prezidentning 5 iyun kuni “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Xususan, unga ko‘ra, mamlakatimizda 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida “talabaning o‘zlashtirish darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘riladi. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlanishi belgilab berildi.

Bunda asosiy e’tibor baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta’lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirishga; ta’lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan, muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga; semestr yakuni bo‘yicha akademik qarzdor talabaning qayta topshirishi mumkin bo‘lgan fanlar sonini belgilashga va ularni topshirish muddatini o‘zgartirishga qaratiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi talabaning o‘zlashtirishiga qarab professor-o‘qituvchilar faoliyatiga baho beriladi