14:57 / 16.06.2018
11 463

Maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallar berish tiklanadi

Maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallar berish tiklanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini rag‘batlantirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasida aytilishicha, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga a’lo bilimi, namunali xulqi va faol jamoatchiligi uchun beriladigan oltin va kumush medallarni ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.

Loyihaga ko‘ra, oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, 10-11-sinflardagi barcha fanlar bo‘yicha oraliq, yakuniy nazoratlari hamda choraklik va yillik baholari a’lo, namunali xulqqa ega bo‘lgan va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi.

Kumush medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, 10-11-sinflardagi barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo, namunali xulqqa ega bo‘lgan va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan 11-sinf bitiruvchilariga beriladi.

Bitiruvchilarni oltin va kumush medallar bilan mukofotlashga tavsiya etish bitiruvchilarni oltin va kumush medal bilan taqdirlashga tavsiya etish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Bitiruvchilarga oltin va kumush medallar ta’lim muassasasida har yili 10 iyunga qadar tantanali ravishda topshiriladi.

Oltin medalga ega bo‘lgan o‘quvchiga respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavr bosqichiga kirish sinovlarida to‘plagan umumiy balliga 50 foiz, kumush medalga ega bo‘lgan o‘quvchiga to‘plagan umumiy ballining 30 foizi miqdorida ball qo‘shib beriladi.

Oltin va kumush medallarga ega bo‘lgan o‘quvchilarga beriladigan imtiyoz bir yilgacha amal qiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilariga beriladigan oltin va kumush medallar “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligining buyurtmasiga asosan tayyorlanadi.

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasida majburiy 11 yillik umumiy o‘rta ta’limga o‘tilishi munosabati bilan o‘quvchilarning ta’lim va tarbiyaga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish va ular orasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning sifatli ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida qabul qilinayotganligi bildirilgan.

Qaror loyihasi muhokamasi 28 iyunga qadar davom etadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Maktab bitiruvchilariga oltin va kumush medallar berish tiklanadi