Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 33 nafar huquqshunos saylandi

  • 25 dekabr 2014, 13:53
  • 5 719
  • Jamiyat
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 33 nafar huquqshunos saylandi

    Markaziy saylov komissiyasi (MSK)ning 25 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va saylov okruglarida hamda O‘zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida saylangan deputatlar ro‘yxatga olindi. Bu haqda MSK raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lum qildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov bo‘yicha tuzilgan 135 ta saylov okrugidan 127 tasida bitta deputatlik mandati uchun 4 nafardan nomzod, 8 tasida 3 nafardan nomzod kurash olib bordi. O‘zbekiston bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga 20 million 789 ming 572 nafar saylovchining familiyasi kiritilib, saylovda 18 million 490 ming 245 nafar yoki saylovchilarning 88,94 foizi qatnashdi.

    Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 113 ta saylov okrugida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylandi. Ularning 47 nafari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan, 28 nafari O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan, 21 nafari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan va 17 nafari O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, 21 dekabr kuni O‘zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15 nafar deputati saylandi.

    Saylangan deputatlar orasida iqtisodiyot sohasi vakillari – 31 kishi, ta’lim sohasi vakillari – 26 kishi, huquqshunoslar – 33, ishlab chiqarish sohasi vakillari – 21, tibbiyot sohasi – 7, jamoat tashkilotlari – 3, boshqa soha vakillari – 7. Yosh bo‘yicha 29 yoshgacha – 6 nafar, 30-39 yoshdagilar – 39 nafar, 40-49 yoshdagilar – 44 kishi, 50 va undan katta yoshdagilar – 39 kishi.

    Deputatlarning 43 nafari magistr, fan nomzodi va fan doktori ilmiy darajalariga ega. Deputatlar tarkibida o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, koreys millatlarining vakillari bor. Saylangan 128 nafar deputatning 21 nafari xotin-qizlardir. Deputatlarning 38 nafari oldingi chaqiriq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari bo‘lgan.

    Foto: UzA
    Manba: Kun.uz

    » » Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 33 nafar huquqshunos saylandi