18:27 / 06.07.2018
21 432

Asakada yurtimizda birinchi bo‘lib banan yetishtirish yo‘lga qo‘yildi

Asakada yurtimizda birinchi bo‘lib banan yetishtirish yo‘lga qo‘yildi
Ko‘z tegmasin, bozorlarimiz turli mevalarga serob. Zaminimizda yetishtirilgan mevalar xushta’mi bilan ­dunyoga mashhur. Shu bilan birga, bobodehqonlarimiz hatto, xorijda o‘sadigan mevalarni ham tuprog‘imizga, iqlim-sharoitimizga moslashtirmoqda. Ma’lumki, ko‘p sitrus mevalar chetdan kattagina valyuta evaziga keladi. Shu bois narxi ham ancha qimmat. Agar ular o‘zimizda yetishtirilsa-chi?

Asaka tumanidagi «Sabo hamkor» mas’uliyati cheklangan jamiyati issiqxona kompleksida joriy yilning 15 aprelida 5 ming tup banan ko‘chati o‘tqizildi. Banan yetishtirish — O‘zbekiston uchun yangilik.

— Turkiyaning «Asiya Modern Serachilik» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan, issiqxona uskunalarini keltirib montaj qildik, — deydi «Sabo hamkor» MChJ rahbari Muhammadjon DADAJONOV. — Ajratilgan 5,8 gektar yer maydonining 3 gektarida issiqxona kompleksi barpo etdik. Uning 2 gektariga banan, 1 gektariga gidroponika usulida pomidor ekdik.

— Issiqxonada banan yetishtirish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

— Turkiyalik hamkorlarning issiqxonada banan yetishtirishini ko‘rib, «O‘zimizda ham yetishtirsa bo‘lmasmikan?», degan fikrni o‘yladim. Olib kelib sinab ko‘rdik, o‘xshadi. Mana, issiqxona qurdik va ekdik.

— Ilgari ham banan ekib ko‘rish tajribasi kuzatilganmi?
— Ha, kuzatilgan. Ayrimlar o‘z hovlisida banan ekib sinab ko‘rgan. Albatta, faqat o‘zi uchun. Ammo mana bunday sanoat miqyosida, innovatsion texnologiyalar asosida yetishtirish birinchi marta amalga oshirilmoqda.

— Qachon va qancha muddatda hosil olinadi?
— Aslida banan ko‘chatining o‘suv davri 11 oy. Ya’ni, birinchi marta shuncha muddatda mevasi pishadi. Ammo o‘sish (vegetatsiya) davrida tanasida, deylik, ikki-uch oylardan so‘ng, qo‘shimcha shoxlar o‘sib chiqadi va ular ham hosilga kiradi. Xullas, borib-borib, har 7-8 oyda hosil olinaveradi. Bir tup banandan o‘rtacha 45-50 kilogrammgacha hosil olish mumkin.

— Hozir qaysi navlaridan o‘tqizgansiz?
— Serhosil «Pastak Kavendish» navi o‘tqizilgan. Ta’mi juda shirin. Tez qorayib ketmaydi. Uning bir marta ekilgan ko‘chatidan 12-15 yil davomida hosil olish mumkin. Banan aslida daraxt emas — o‘t.

— Bu ish ketgan xarajatlarni qancha vaqtda oqlaydi?

— Hisob-kitoblarga qaraganda, ikki yil ichida kreditni to‘liq yopib, uchinchi yildan sof daromad ola boshlash mumkin.

— Parvarishi qanday? Injiq ekin emasmi?
— Injiq emas. Faqat issiqxona ichida banan yaxshi ko‘radigan harorat va namlik me’yorida ushlab turilsa, vaqtida sug‘orilsa bas. Banan +14 dan +30 darajagacha bo‘lgan haroratni yaxshi ko‘radi. 14 darajadan past bo‘lsa, uyquga ketadi, 30 dan yuqori bo‘lsa, mevasi va guli to‘kilib ketadi. Quyoshsevar o‘simlik emas. Namlik darajasi issiqxona ichida 70-80 foiz bo‘lishi lozim. Kesib tashlangan shoxlari va chiqitlari maydalab tuproqqa aralashtirsa, juda yaxshi o‘g‘it bo‘ladi. Hatto, unumsiz, oriq yerning ham hosildorligini oshiradi. Issiqxonada shamollatish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Yomg‘irlatib, tomchilatib sug‘orish, oziqlantirish ishlarini atigi bitta operator bajaradi.

— Sug‘orish-chi?
— Bu ishni ikki xil usulda tashkil etganmiz. Yuqoridan yomg‘irlatib, pastdan tomchilatib. Banan tagidagi tuproqning loy bo‘lib ketishi yoki juda qaqrab ketishini yoqtirmaydi. Sug‘orish jarayonida suvga kerakli minerallar, o‘g‘itlar va oziq moddalar qo‘shiladi. Agar o‘simliklarda biror kasallik aniqlansa, yuqoridan dorili aralashma purkaladi.

— Necha kishi ish bilan ta’minlangan?
— Birgina banan yetishtirishda 25 kishi doimiy ish bilan band. Ular boshlamasiga o‘rtacha 700-800 ming so‘m oylik olmoqda. Hosil mavsumida va kelgusida ishlar to‘la yo‘lga qo‘yilganda maoshlari yanada oshadi, albatta.

— Faoliyatingizni yanada kengaytirish niyatingiz bormi?
— Albatta. Davlatimiz rahbari Asakaga qilgan tashrifi chog‘ida ham buni butun respublikaga yoyish borasida qimmatli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. Agar respublikamizda banan yetishtirishni xohlovchi tadbirkorlar bo‘lsa, yordamga tayyormiz. Ularga ana shunday issiqxonalar qurish, banan ekish va uni qanday yetishtirishda tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.

— Banan, pomidordan tashqari yana qanday ekinlar ekishni yo‘lga qo‘ymoqchisiz?
— Kelgusida Gruziyadan mandarinning «Satsuma» navini olib kelib issiqxonaga ekmoqchiman, yana ananas yetishtirishni niyat qilganman.

Banan:
• ichak mikroflorasini yaxshilaydi;
• ovqat hazm bo‘lishiga yordam beradi;
• tarkibidagi temir anemiya profilaktikasida muhim hisoblanadi;
• immunitetni mustahkamlaydi;
• suyaklar mustahkamligini ta’minlaydi.
Nurpo‘lat NURQULOV
yozib oldi.

Manba: Oila davrasida

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Asakada yurtimizda birinchi bo‘lib banan yetishtirish yo‘lga qo‘yildi