23:00 / 08.07.2018
19 195

Nefrit ko‘li

Nefrit ko‘li
Ugom-Chotqol milliy bog‘ida, dengiz sathidan 1227 metr balandlikda joylashgan noyob tabiiy suv havzalari bor — Urung‘och ko‘llari. «Urung‘och» so‘zi uyg‘urchadan «yorqin nefrit», deya tarjima qilinadi. Kichik Urung‘och ko‘li Bo‘stonliq tumani markazidan 90-100 chaqirim olisda joylashgan. Suvning harorati 7-8 darajadan oshmaydi va unda hech qanday jonzot yashamaydi. Uzunligi uch yuz ellik metr, eni yetmish sakkiz metr, chuqurligi o‘n metr atrofida. Undan boshqa yana bir, Yuqori Urung‘och ko‘li ham bor. Ikki ko‘l bir-biridan kattaligi, o‘lchami bilan farq qiladi. Yuqori Urung‘och ko‘li hech qachon qurib qolmaydi. Uning suvi feruza tusda va juda muzday.

Ko‘llar va unga yondosh go‘zal tabiat manzaralarini tomosha qilish, zavqlanish uchun kuniga 200-250 nafargacha sayyoh tashrif buyuradi. Ularni ko‘proq suvning nefrit va feruza tusda jilvalanishi mahliyo etadi.

Yomg‘ir hidini olib kelgan shamolning kuchli g‘uvullashiga ham parvo qilmay, tog‘ so‘qmog‘idan Kichik Urung‘och ko‘li tomon yo‘lga otlandik. Tabiatning bu go‘zal makoni atrofiga chodir tikib, yashayotgan sayyohlarga ham duch keldik.

Mahalliy aholi qushlarning bu makonda ko‘p turib qolmasligiga, baliqlarning uchramasligiga suvning juda sovuqligi sabab, deyishadi. Hamrohim izoh berdi: «Qarang, jonivorlar ham, bu suvda bemalol suzib bo‘lmasligini, unda ozuqa deyarli yo‘qligini yaxshi biladi. Ba’zan ularning fahmiga qoyil qolasan kishi!»

Viqorli tog‘lar bag‘rida ko‘l suvining nefrit tusida jimirlashi tabiatda nihoyatda kam kuzatiladigan hodisa. Ko‘lda cho‘milish tavsiya etilmaydi. Bunga ham ko‘l chuqurligi-yu va suvining sovuqligi sabab.

Ko‘lning ko‘plab sayyohlar tashrif buyuradigan go‘shaga aylanishiga ishonamiz. Bunga yetarlicha sabab va asoslar bor...
Ulug‘bek JUMAYeV

Manba: Oila davrasida

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nefrit ko‘li