13:26 / 12.07.2018
6 199

Senat bir oylik harbiy xizmatni isloh qilishni taklif qilmoqda

Senat bir oylik harbiy xizmatni isloh qilishni taklif qilmoqda
Senatorlar bosh vazirga chaqiruv yoshini kichraytirish va qator muammolarga e’tibor qaratish taklif qilingan parlament so‘rovini yubordi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati chaqiruv yoshini 27 dan 25 ga kichraytirishni taklif qilmoqda. Bu haqda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati yuzasidan bosh vazir Abdulla Aripovga yuborilgan parlament so‘rovida so‘z boradi. Mazkur so‘rov Senatning 29 iyundagi 15-yalpi majlisda ma’qullangan edi.

Senatning mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev so‘rovni izohlar ekan, unda bir oylik harbiy xizmat — safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni tashkil etish va o‘tash, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarini yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi bo‘yicha malakali o‘qituvchilar va o‘quv darsliklari bilan ta’minlashdagi muammo hamda kamchiliklar ko‘rsatib o‘tilganini ma’lum qildi.

Jumladan, senator oilalarning ijtimoiy va moddiy holatini baholash to‘g‘risidagi nizomning yo‘qligi, bu safarbarlik chaqiruv rezervida bir oylik xizmatni o‘tash uchun badal pulini joriy etishda korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklar uchun juda qulay sharoit yaratib berayotganiga e’tibor qaratdi.

Aniqroq aytganda, aksariyat chaqiriluvchilar safarbarlik chaqiruv rezervidan o‘tmagan. Statistikaga ko‘ra, agarda har yili 100 foiz chaqiriluvchilar harbiy xizmatni o‘tashi lozim bo‘lsa, bunday imkoniyat 33 foizni tashkil etmoqda xolos.

Qonun osti aktlarida chaqiruv yoshidagi fuqarolarning huquq va erkinliklarini cheklovchi ayrim cheklovlar mavjud, deya davom ettirdi qo‘mita rahbari. Masalan, harbiy guvohnomaga ega bo‘lmagan chaqiruv yoshidagi fuqaro chet elga chiqmoqchi bo‘lsa, mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limdan chiqishga qarshilik mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma olishi lozim.

OTM qabul komissiyalari ham abituriyentlardan armiyada xizmat qilishdan kechiktirish to‘g‘risidagi ma’lumotnomani talab qiladi.
Bunda mudofaa ishlari bo‘limlari zarur hujjatlarni berish uchun kelgusida harbiy xizmatdan o‘tish va pul to‘lovini amalga oshirish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashni talab qiladi.
Bularning barchasi fuqarolarning noroziliklarini keltirib chiqarmoqda, ma’lumotnomalar yig‘ish uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashiga olib kelmoqda, dedi Farrux Dadaxo‘jayev.

U bir oylik harbiy xizmatdagi ta’lim uslublarini ham tanqid ostiga olib, ularning zamon talablariga mos kelmasligini aytib o‘tdi.

Shulardan kelib chiqib, Senat safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni tubdan isloh qilish, rivojlangan mamlakatlar tajribalarini har tomonlama o‘rganish va ushbu yo‘nalishdagi qonunchilikni takomillashtirishni taklif qilmoqda.

Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonlarida shtat birliklarining cheklangani va chaqiruv yoshidagi fuqarolarni harbiy xizmatga to‘liq qamrab olish imkoniyati yo‘qligi sababli chaqiruv yoshini tinch vaqtlarda 27 dan 25 ga kichraytirish taklif qilindi.

Farrux Dadaxo‘jayev so‘zi oxirida bir oylik harbiy xizmatni bosqichma-bosqich tugatish masalasini ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senat bir oylik harbiy xizmatni isloh qilishni taklif qilmoqda