12:24 / 26.07.2018
4 501

Qoidabuzar piyodalarni jarimaga tortish tizimi o‘zgartiriladi

Qoidabuzar piyodalarni jarimaga tortish tizimi o‘zgartiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2018 yil 14 iyundagi buyrug‘iga asosan, «Piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha elektron shakldagi ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish va ma’muriy ish yuritish tartibi to‘g‘risida"gi yo‘riqnoma ishlab chiqildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonuni, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, piyodalar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha elektron shakldagi ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirish va ma’muriy ish yuritish tartibini belgilaydi.

Piyodalar huquqbuzarlik sodir etgani uchun rasmiylashtiriladigan elektron shakldagi bayonnomalar tartibi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, YPX xodimi fuqaroni maxsus moslama yordamida suratga oladi. Bu fotosuratda piyoda tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikning vaqti, joyi aks etgan bo‘ladi, u mazkur qoidabuzarlikni tasdiqlovchi dalil hisoblanadi.

Shundan so‘ng xodim qoidani buzgan fuqaroga o‘z lavozimi, unvoni, familiyasini tanishtiradi va uning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatadi hamda nima sababdan piyodani to‘xtatganligini izohlab, u tomonidan yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarlik xususida tushuncha beradi.

Suhbat davomida yo‘l-patrul xizmati xodimi piyodadan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, ya’ni fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, harbiy bilet va hokazolardan birini so‘raydi. Agar piyodada ularning hech biri bo‘lmasa, xodim uni o‘zi haqida to‘g‘ri ma’lumot berishini, mabodo noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etsa, shaxsini aniqlashtirish uchun tegishli hududiy ichki ishlar organiga olib borilishi haqida ogohlantirib, og‘zaki tarzda u haqdagi ma’lumotlarni so‘rab, maxsus moslamaga kiritadi.

Ushbu tizim zamon talabiga to‘liq mos bo‘lib, maxsus moslamaga kiritilgan fuqaro haqidagi ma’lumotlar «onlayn» tarzda Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi ma’lumotlar bazasi orqali tekshiriladi.

O‘z navbatida, elektron bayonnomani rasmiylashtirishda fuqaro haqida qanday ma’lumotlar kiritilishi va aynan qanday holatlar qoidabuzarlik hisoblanishiga to‘xtalib o‘tsak. Piyodalar yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, harakat ruxsat etilmagan joylardan kesib o‘tish, piyodalar yo‘lagida telefondan foydalanish, kitob yoki davriy nashrlarni o‘qish, video materiallarni tomosha qilish va audio fayllarni eshitish, shuningdek, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish qoidabuzarlik hisoblanadi.

Shuningdek, moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallariga bo‘ysunmaslik, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmaslik hamda har xil xizmat ko‘rsatish maqsadida yo‘lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo‘llarga ajratilgan hududlarda chorva mollarini boqishi huquqbuzarlikning yana bir ko‘rinishidir.

Agar yuqorida qayd etilgan harakatlardan biri sodir etiladigan bo‘lsa, xodim tomonidan piyoda nomiga elektron bayonnoma rasmiylashtiriladi va unga piyodaning shaxsiy ma’lumoti, huquqbuzarlik sodir etilgan joyning aniq tafsiloti kiritiladi. Moslamada esa avtomatik tarzda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik qayd etilgan vaqt, bayonnomani rasmiylashtirgan xodim haqidagi ma’lumot hamda huquqbuzarlikka nisbatan belgilanadigan ma’muriy jazo turini nazarda tutuvchi qonun hujjatidan havola paydo bo‘ladi.

Rasmiylashtirilgan bayonnoma bilan fuqaro tanishtirib chiqilgach, agar unda hech qanday e’tiroz bo‘lmasa, u bu haqda maxsus moslamaning belgilangan joyiga bosh barmog‘ini bosish orqali tasdiq qo‘yadi. So‘ng holatga nisbatan shakllangan jarima qog‘ozi hujjat ko‘rinishida piyodaning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga yoki uch ish kunida pochta orqali doimiy yashash manziliga jo‘natiladi hamda tegishli tarzda jarima to‘lovi amalga oshirilishi nazorat qilinadi. O‘z vaqtida undirilgan jarima «billing» tizimi orqali avtomatlashtirilgan tarzda nazoratdan olinadi.

Agar piyodaning o‘zi tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik fakti bo‘yicha e’tirozi mavjud bo‘lsa, u holda tuzilgan elektron shakldagi bayonnoma taalluqliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun tegishli tarzda ma’muriy sudga yuboriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoidabuzar piyodalarni jarimaga tortish tizimi o‘zgartiriladi