06:00 / 26.07.2018
4 537

"Sadaqa emas, ishlab topishim kerak"

"Садақа эмас, ишлаб топишим керак"
Quyida maktublardan birini keltiraman. Sizning ham boshingizdan o‘tgan bo‘lishi mumkin. O‘sha holda qanday muomala qilganingizni eslab ko‘rarsiz.

Bir necha yil avval turmush o‘rtog‘im va farzandimni klinikaga olib borib, chiqishlarini kutib turdim. Mashina derazasi taqilladi, qarasam, 20-22 yoshlar chamasida ozg‘in, kiyimlari eskirib ketgan yigit turibdi. Undan nima gapligini so‘radim.

– Menga yumushmi, yo ish bersangiz!? - dedi.

– Nima gap o‘zi? - dedim.

– Kechgacha biror mehnatli ish ayting, bajarib beraman. O‘n besh ming so‘m bersangiz kifoya! Uyga yetib olsam bo‘ldi, - dedi. Savol-javobimizning qolgani shu tahlit davom etdi:

– Qayerliksan?

– Surxondaryolik.

– Bu yerda nima qilyapsan? Nega bu ahvolga tushding?

– Mardikorchilik qilib pul topgani kelgandim, afsus bozorda meni sig‘dirishmadi.

– Qachon kelding?

– To‘rt kun bo‘ldi. Hech qayerga sig‘magach, vokzalda yotib yurdim, u yerda ushlab olishib, borimni olib qo‘yishdi.

– Endi nima qilmokchisan?

– Uyga ketmoqchiman, - dedi kulib – Menga to‘g‘ri kelmas ekan. Shu, uyga yetib olish uchun biror ish bo‘lsa, o‘n besh ming so‘mga avtobusda uyga yetib olardim.

– Nega kelding? Sizlar tarafda ish yo‘qmi?

– Akam dehqon, ota-onam keksayib qolishgan. Men boriga sabr qilib yashayotgandim. Oyog‘im og‘rigach, doktorlar tekshirib, operatsiya zarurligini va bunga yuz ellik ming so‘m kerak bo‘lishini aytishdi. Bizda sharoit bo‘lmagani va qarz so‘rashni istamaganim uchun, shu pulni Toshkentga kelib ishlab topaman deb o‘yladim. Afsus, nasib qilmadi. Mayli, endi peshonamdagini ko‘raman.

Bu gapidan keyin men uning oyog‘iga razm soldim. O‘ng oyog‘i haqiqatdan chapiga nisbatan juda oriq, kasalmandligi ham ko‘zidan ko‘rinib turardi. Hujjatlarini so‘radim. Pasportiga qarasam, rostdan ham Surxondaryolik. Yigitga menda ish yo‘qligini, bir-ikki ming so‘m berishim mumkinligini aytdim. U:

– Rahmat aka, sadaqa emas, ishlab topishim kerak. Vaqtingizni olganim uchun uzr, - deb ketib qoldi. Ortidan kuzata boshladim. Mendan keyin turgan "Neksiya"ga yakinlashdi. Mashinada bir erkak kishi o‘tirardi. Yigit haydovchiga bir nimalar dedi. Haydovchi uni eshitib, ora-chora savol berib, yigitning oyog‘iga bir qarab qo‘yganidan bildim-ki, huddi men bilan bo‘lgan suhbat u yerda ham bo‘layotganini tushunib turardim. U ham huddi meningdek pasportiga ko‘z yugurtirib chiqgach, yigitga qo‘lini silkitib, bir nimalarni keskin tarzda gapirdi. Yigit yig‘lab yubordi. Haydovchining bu harakatini ko‘rib, u yigitni rosmana urushdi deb o‘ylab, biroz ranjidim. Keyin moshinasining tortmasini ochib, yigitga ikki tahlam mingtalik (200 ming so‘m) olib berdi. Hayron qoldim. Yigit bir nimalar demoqchi edi, haydovchi yo‘l qo‘ymadi. Yana keskin gapirib yigitni jo‘natib yubordi. Yigit ko‘zida jiqqa yosh, qo‘lini duoga ko‘targancha pulni olib uzoqlashdi.

Men lol bo‘lib qarab qoldim. U odamning keskin gaplarini o‘zimcha tahlil qildim, "menda ish yo‘q, lekin, men senga ikki yuz ming so‘m beraman, yuz ellik mingini davolashga, qolganini yo‘l kiranga va ota-onangga sovg‘a olib borishga ishlat, zinhor uyingdagilarga og‘irliging tushmasin"degan, deb bildim!

Men esa, yigitga ikki ming so‘mni ham eplab berolmadim...
Salim AYYuBIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Sadaqa emas, ishlab topishim kerak"