10:28 / 28.07.2018
5 122

Abituriyentlar uchun foydali tavsiyalar

Abituriyentlar uchun foydali tavsiyalar
Sanoqli kunlardan keyin oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Oldinda turgan test sinovi kim uchundir ilk qadam bo‘lsa, yana kim uchun ikkinchi, uchinchi sinovdir.

Ayni paytda barcha abituriyentlarni test vaqtida o‘zini qanday tutish, savollarga qay usulda yondashish bo‘yicha turli savollar qiynayotgan bo‘lsa ajab emas.

Quyida abituriyentlik sinovidan muvaffaqiyatli o‘tib, hozirda yurtimiz OTMlarida tahsil olayotgan talabalar o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.

Zamira, O‘zMU kimyo fakulteti talabasi (kirish imtihonida 186,8 ball to‘plab, 1-o‘rinda davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan):

Imtihon paytida atrofimda meni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan narsalarga – shovqin, auditoriyada o‘tirgan boshqa abituriyentlarning g‘ala-g‘ovuriga e’tibor bermaslikka, hayajonlanmaslikka harakat qilganman. Test savollariga keladigan bo‘lsa, ularni eng osonlaridan boshlab yechganman. Masalan, kimyo fanidan avval nazariy savollarga javob bergan bo‘lsam, masalalarni keyinga qoldirganman.

Shahribonu, O‘zDJTU ingliz filologiyasi fakulteti talabasi (175,6 ball):

Imtihondan bir kun avval to‘yib uxlab olishni maslahat beraman. Imtihon boshlanishidan avval javoblar varaqasini to‘ldirish tartibi bilan tanishtirish bo‘lib o‘tadi, o‘sha vaqtda diqqat bilan quloq solish kerak. Javoblar varaqasini to‘ldirishda juda ehtiyot bo‘lish tarafdoriman, chunki texnik xato tufayli ball yo‘qotish hech gap emas. Shaxsan o‘zim test javoblarini avval boshqa qog‘ozga ko‘chirib, so‘ng javoblar varaqasiga belgilab chiqqanman.


Feruza, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi (259,7 ball):

Imtihon vaqtida o‘ziga ishonchni yo‘qotib qo‘ymaslik kerak, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak. Avval tanish bo‘lgan savollarga javob belgilab, so‘ng murakkablariga o‘tishni maslahat beraman. Javoblar varaqasini to‘ldirish uchun ham albatta alohida vaqt ajratib qo‘ying.

Talaba yoshlarimiz maslahatlarini umumlashtirgan holda, test vaqtida rioya qilish lozim bo‘lgan qisqa qoidalarni keltiramiz.

Osonidan boshlang

Savollarga javobni belgilashda, avval siz uchun oson va javobini aniq bilganlaringizdan boshlang. O‘ylantirib qo‘ygan, ikkilanib qolgan savollarga vaqtni ketkazib, to‘xtab qolmang. Xotirjam bo‘lsangiz, aqliy faoliyatingiz yaxshi ishlaydi va butun quvvatingizni sizga qiyin bo‘lgan savollarga qarata olasiz. Unutmang, hamma savollarga javob topib bo‘lmaydi, orasida albatta, siz bilmaydigani uchraydi. Bundan xavotirlanishning keragi yo‘q, aksincha, keyingi savollarga kuch bering. Ular navbatdagi ballarni to‘plashda muhimroq bo‘lishi mumkin.

Vaqtni taqsimlang

Berilgan vaqtda har bir savolga necha daqiqa ajratishingiz mumkinligini taqsimlab oling. Dastlab oson tuyulgan savolga kamroq daqiqa sarflab, keyin qoldirib ketgan va murakkab savollarni bemalol bajaring. Agar javobga ikkilansangiz, ichki sezish qobiliyatingizdan ham foydalanib ko‘ring.

Tekshiring

Javoblarni belgilab bo‘lgach, albatta, qayta tekshirib ko‘rishga ham vaqt qoldiring.

«Shpargalka»larga chalg‘imang

Test sinovlarida abituriyentlar «shpargalka»lardan foydalanishga urinadi. Biroq bu sizga qanchalik yordam beradi? Vaqtingizni behuda sarflashga, diqqatni chalg‘itishga sabab bo‘lmaydimi? Asosiysi, o‘z bilimingizga ishoning.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abituriyentlar uchun foydali tavsiyalar