23:43 / 31.07.2018
5 732

1 avgustdan suyultirilgan gaz narxi oshadi. Nima sababdan gaz qimmatlashmoqda?

1 avgustdan suyultirilgan gaz narxi oshadi. Nima sababdan gaz qimmatlashmoqda?
Aslida, gaz narxi qanday asoslarga tayanib shakllantiriladi? Aholining gaz bilan ta’minlanish darajasi qanday? Bu kabi savollarga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining chuqur qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Odil Temirovning quyidagi fikrlaridan javob olish mumkin.

— Shu yilning 1 avgustidan O‘zbekistonda suyultirilgan gazning aholi ehtiyoji uchun ajratiladigan yagona qiymati etib, bir kilogramm uchun 800 so‘m belgilandi.

Aholi ehtiyoji uchun ajratiladigan suyultirilgan gaz qiymati Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilanadi. Hozirgi kunda 20 kilogrammlik gaz ballonining hududga qarab qiymati 6500, 14500 so‘mni tashkil etadi.

Gaz iste’molchilarini uch yo‘nalishga ajratish mumkin: aholi (ovqat tayyorlash uchun), avtomobil gaz quyish shoxobchalari hamda eksport. May–iyun oylarida ichki birja savdolarida suyultirilgan gaz qiymatining o‘sishi qayd qilingan edi. Bu yoqilg‘iga bo‘lgan narxning ko‘tarilishida o‘z aksini topmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ajratilayotgan gaz hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan 26 foizga ortgan. Demak, ushbu turdagi yoqilg‘i taqchilligi haqida gapirishga asos yo‘q.

Shu bilan birga, 2017 yil bilan solishtirilganda, suyultirilgan gaz quyadigan mashinalar soni 11 ming donaga qisqargan. Shunga qaramay, biz tovar-xom ashyo birjasida narxlaring o‘sishini kuzatmoqdamiz. Birja savdolariga suyultirilgan gazning bir tonnasi tannarxi 500 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha bo‘lgan qiymatda chiqariladi. Savdo vaqtida mijozlarning o‘zi narxlarni belgilaydi va eng yaxshi taklif bergani sotib oladi.

Hozirgi kunda ishlab chiqaruvchi va ta’minotchilar birjadagi qiymat shakllanishini boshqarish imkoniga ega emas. Shuningdek, gaz quyish shoxobchalaridagi narxlarni ham.

Suyultirilgan gaz asosan qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi. Bu yil ichki birja savdolariga o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 38 ming tonna ko‘proq suyultirilgan gaz qo‘yildi. Gaz quyish shoxobchalarida katta navbatlar paydo bo‘lishining oldini olyapti. Qolaversa, benzin ishlab chiqarish hajmi ham ko‘paytirildi.

Suyultirilgan gaz “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJ korxonalari tomonidan qazib chiqariladi va qayta ishlanadi. “O‘ztransgaz” AJning gaz ta’minoti bo‘yicha hududiy bo‘linmalari respublika bo‘ylab suyultirilgan gazga bo‘lgan talabni monitoring qilish asosida buyurtma beradi va shu asosda transportirovka qilinadi. O‘tgan yilda aholiga 366 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bu yili ushbu ko‘rsatkichni 406 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yili aholiga 750 ming donadan ortiq yangi suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan, bu yilgi reja esa 634 ming dona. Ta’kidlash kerakki, gaz ballonlari sotilmaydi. Iste’molchilar faqat uning ichidagi gazni xarid qiladilar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 1 avgustdan suyultirilgan gaz narxi oshadi. Nima sababdan gaz qimmatlashmoqda?