«Kun.uz» muxbiri faoliyatiga to‘sqinlik qilindi

  • 10-08-2018, 11:57
  • 984
  • Jamiyat
  • «Kun.uz» muxbiri faoliyatiga to‘sqinlik qilindi
    Quyida Kun.uz saytida e’lon qilingan xabar to‘lig‘icha keltirilmoqda.

    Aholi murojaatlarini o‘rganish uchun vodiyga yo‘l olgan «Kun.uz» muxbiri faoliyatiga to‘sqinlik qilindi.

    8 avgust kuni muxbir Farg‘ona davlat politexnika institutiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tayotgan binosi oldida huquq-tartibot organlari xodimlari undan tegishli hujjatlarni ko‘rsatishni so‘rashgan.

    Gap orasida ichki ishlar organlari xodimi muxbirga hududdagi qoniqarsiz sharoitlardan noligan. Muxbir kichik intervyu tayyorlashga kirishganida esa, ichki ishlar organi xodimi esa aytgan so‘zlaridan tonib, «matohlarini yig‘ishtirish»ni talab qilgan va post-patrul xizmati xodimlarini chaqirgan.

    Shundan so‘ng, muxbirning qo‘llarini qayirib, Qirgulidagi militsiya tayanch punktiga olib ketishgan. Bu yerda uning yonidagi ish jihozlari, qo‘l telefoni hamda soati olib qo‘yilgan. Undan kimligi va nima maqsadda Farg‘onada yurganini qayta-qayta so‘rashgan, muxbirning javoblariga ishonchsizlik bilan qaralgan.

    Muxbir 4 soatdan oshiq vaqt davomida militsiya tayanch punktida qolgan. Muxbir «Kun.uz» tahririyatiga qo‘ng‘iroq qilinib, jurnalist haqidagi ma’lumotlar tasdiqlatib olinganidan keyingina, kech tushganda idoradan chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo muxbirga buyumlari qaytarib berilayotganida qo‘l telefoni olib qolingan - unda video va audioyozuvlar bo‘lib, organ xodimlari parol tufayli telefonga kira olishmagan va uni vaqtinchalikka qaytarib bermaslikka qaror qilishgan.

    Muxbirga javob berilayotganida, keyingi kuni turar joydan ma’lumotnoma olib kelish tayinlangan.

    9 avgust kuni muxbir ma’lumotnomani olib, Farg‘ona shahar ichki ishlar bo‘limiga borgan. Ammo uni bu shaharda yangi sarguzasht kutmoqda edi.

    Muxbir «Kun.uz» tahririyati bilan oxirgi marta telefon orqali bog‘langanida, soxta guvohlar ishtirokida o‘ziga qarshi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi bo‘yicha (Militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) ish ochilish xavfi paydo bo‘lgani, o‘zini sudga olib ketishmoqchi bo‘lishayotgani, bu ishlarning boshida Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i Hayotjon Qodiraliyevich Soliyev turgani haqida ma’lumot berishga ulgurdi. Ayni vaqtda u bilan yana aloqa uzilgan.

    Tahririyatning vaziyat yuzasidan Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatiga qilingan murojaatlari besamar ketmoqda.

    Ayni vaqtda ichki ishlar organlari nima uchun jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilayotganini izohlab bera olgani yo‘q.

    Bu shu kunlarda ro‘y berib turgan voqea. Kuppa-kunduzi ichki ishlar organlari xodimlari vakolatlarini suiiste’mol qilishib, jurnalistning erkin faoliyatiga qarshilik qilishdi. Uning keyingi ikki kun uchun rejalari o‘zgarib, tahririyat topshiriqlari bajarilmay qoldi.

    Tahririyat fikricha, Farg‘ona shahri ichki ishlar organlari bu harakatlari orqali keyingi yillarda respublikada amalga oshirila boshlagan islohotlar mohiyatini to‘g‘ri anglab yetmaganini, ishlar eskicha tartibda amalga oshirilayotganini ko‘rsatib qo‘ymoqda.

    Ko‘p ehtimol bilan muxbir bu vaziyatdan jarima to‘lash bilan qutiladi. Lekin, shunday voqea bo‘lgan ekan, bundan yomonrog‘i ham ro‘y berishi mumkin.

    «Kun.uz» bu holat yuzasidan adolat o‘rnatilishi uchun harakatlarini davom ettiradi.

    » » «Kun.uz» muxbiri faoliyatiga to‘sqinlik qilindi