"Oliy ta’lim to‘g‘risida"gi yangi nizomning tasdiqlanishi kutilyapti

  • 11-08-2018, 14:30
  • 1 261
  • Jamiyat
  • "Олий таълим тўғрисида"ги янги низомнинг тасдиқланиши кутиляпти
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

    Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq oliy ta’lim muassasalarida umumiy o‘rta (11 sinf) va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda ushbu nizom asosida amalga oshiriladi.

    Oliy ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

    - oliy ta’limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;
    - ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;
    - oliy ta’limni umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;
    - ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;
    - davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
    - ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;
    - bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish;
    - oliy ta’lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;
    - oliy ta’lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

    Qayd etilishicha, oliy ta’limning asosiy maqsadi mamlakatning istiqbolini hisobga olgan holda zamon talablariga javob bera oladigan malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, respublikaning ilm-fan, madaniyat, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma’naviyatga ega bo‘lgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.

    Oliy ta’limning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

    - davlat ta’lim standarti, malaka talablari, o‘quv reja va o‘quv fan dasturlarga muvofiq o‘qitish sifatini ta’minlash;
    - o‘quv jarayonini (amaliyot, stajirovka) kadrlar iste’molchilarining takliflarini inobatga olgan holda tashkil etish;
    - oliy malakali mutaxassislar, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
    - ilm-fan, madaniyat, texnika, texnologiyalar, iqtisodning zamonaviy yutuqlari, mamlakatning iqtisodi va madaniyatining ijtimoiy istiqbolini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash uslublarini tizimli takomillashtirish;
    - yoshlarda insonparvarlik ruhiyatini shakllantirish, ularning tarbiyasiga milliy vatanparvarlik g‘oyasi asosida umuminsoniy qadriyatlarni hamda Vatanga, jamiyatga, oilaga va atrof-muhitga muhabbatni singdirish;
    - o‘qitishning interfaol usullarini, innovatsion pedagogik hamda axborot kommunikatsion texnologiyalarini, mustaqil ta’lim olish, masofaviy ta’lim tizimini amaliyotga joriy qilish;
    - oliy ta’limda fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash;
    - ilmiy-pedagogik kadrlar va ta’lim oluvchilarning ilmiy–ijodiy faoliyati, ilmiy tadqiqotlari yordamida fan, texnika, texnologiyalarni rivojlantirish, olingan natijalarni mamlakat iqtisodiyotida va ta’lim jarayonida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;
    - davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish asosida ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni yuzaga keltirish;
    - oliy ta’lim muassasalarini boshqarishni takomillashtirish va mustaqilligini kengaytirish, jamoat boshqaruvini vasiylik kengashlar shaklida olib borish;
    - ta’lim va kadrlar tayyorlash sifatini ta’minlash borasida ilmiy, uslubiy tadqiqotlarni olib borish, bitiruvchilarni kasb yo‘llash hamda mehnat bilan bandligi monitoringini olib borish;
    - oliy ta’lim sohasida o‘zaro foydali xalqaro hamkorlik aloqalarni rivojlantirish.

    Oliy ta’lim tizimi quyidagilardan iborat:

    - davlat ta’lim standarti va malaka talablariga muvofiq ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim dasturlarining bajarilishini ta’minlaydigan davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari;
    - oliy ta’limni normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini bajaradigan ilmiy-tadqiqot muassasalari;
    - oliy ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari, shuningdek, ularga tegishli korxona, muassasa va tashkilotlari.

    Oliy ta’lim ikki bosqichdan iborat: bakalavriat va magistratura.

    O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim muassasalarining quyidagi turlari mavjud: universitet, akademiya, institut (qonunchilik hujjatlariga muvofiq mavqe (statusi) ularga tenglashtirilgan boshqa oliy ta’lim muassasalari).

    » » "Oliy ta’lim to‘g‘risida"gi yangi nizomning tasdiqlanishi kutilyapti