16:53 / 12.08.2018
28 627

Har oy 1500 bosh jo‘ja boqib...

Har oy 1500 bosh jo‘ja boqib...
Keyingi paytlarda yurtdoshlarimiz orasida aholiga parhezbop go‘sht yetkazib berish maqsadida broyler jo‘ja boqish ommalashmoqda. Odatda, ular sanoat miqyosida boqiladi, inkubatorlarda tuxumidan jo‘jalar ochiriladi. Buning uchun turli maxsus qurilma komplektlari ham mavjud. Ammo broyler jo‘jalarni o‘z tomorqa-hovlisida boqib, daromad olayotgan yurtdoshlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

— Yaqinda «O‘zsanoat­qurilish­bank»dan imtiyozli kredit olib, broyler jo‘ja boqishni yo‘lga qo‘ydik, — deydi Qibray tumanida yashovchi oilaviy tadbirkor Sarvar NAJMETDINOV. — Broyler jo‘ja boqish oddiy tovuq parvarishidan birmuncha farq qiladi. Tuxumdan chiqqaniga 1 sutka bo‘lgan 1500 bosh «Ross-308 Belarus» zotli jo‘jalarni xarid qilib, bir oy boqdim va shu vaqt ichida ularning vazni 1,5-2 kilogrammga yetdi. Xullas, birinchi partiyani sotib bo‘ldim. Hozirda ikkinchi partiyasining parvarishiga kirishganmiz.

— Birinchi partiyadan daromad qanday bo‘ldi?
— Ishni boshlaganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Daromad borasida gapirishga biroz erta. Ozroq daromad bo‘ldi, albatta. Ammo mehnatimiz qilingan xarajatni bemalol oqlayapti. Nasib qilsa, bu yog‘iga daromad olishga umid qilyapmiz.

— Qancha muddat boqiladi?
— Odatda, ko‘p boqilmaydi. Ko‘pi bilan 30 yoki 45 kun. Shaxsan biz bir oy davomida boqamiz. Bunda bitta broylerga 2-3 kilogramm yem ketadi. Agar 45 kun boqilsa, bu orada ular 3-3,5 kilogramm vazn olib, bitta broylerga 5 kilogramm yem ketadi.

— Broyler jo‘ja boqishning o‘ziga xos nozik jihatlari bo‘lsa kerak?
— Nozik jihatiga kelsak, jo‘jalar keltirilgandan keyin dastlabki 10 kuni tadbirkordan sal hushyorlikni talab etadi. Gap shundaki, broyler jo‘jalar juda uyquchi bo‘ladi. Ular ko‘p uxlasa, semirmaydi va qilingan sarf o‘zini oqlamasligi mumkin. Shu bois birinchi o‘n kun davomida ularni har 20-30 daqiqada qo‘zg‘atib-qo‘zg‘atib turish kerak. Shunda ularning ishtahasi ochilib, ozuqa yeydi va vazn olib kattalasha boshlaydi. Katak ichi esa doim yorug‘ va toza bo‘lishi kerak.

— Ularga turli dori va vitaminlar ham beriladimi?
— Ha, 3, 7, 11, 17 kunligida beriladigan maxsus vitamin va dorilari mavjud.

— Jo‘jalarni qayerda boqasiz?
— 16 sotixli tomorqa-hovlida ular uchun 22 x 6 metr qilib maxsus katak qurganmiz.

— Boqish tartibi qanday? Har oyda yangi partiya jo‘jalarmi?
— Shunday desa ham bo‘ladi. Ammo har bir partiya broylerlari parvarishini boshlashdan oldin katakni yaxshilab tozalab, dezinfeksiya qilib, 3-4 kun shamollatib olish talab etiladi. Jo‘jalar ostiga yog‘och qirindisi solinadi.

— Tomorqada ham ul-bul yetishtirsangiz kerak?
— Kartoshka, pomidor, baqlajon, bulg‘or qalampiri ekkanmiz. Mevali daraxtlarimiz bor. Xullas, tomorqadan olingan sabzavotlar o‘zimizning ehtiyojimizni to‘la qoplaydi. O‘zimiz ekkan kartoshka hosili bilan har yili qishdan chiqib olamiz.

— Daromadi-chi?
— Yiliga 45-50 million so‘m daromad olish mumkin. Shuningdek, daromad bozordagi narx-navoga ham bog‘liq. Masalan, birinchi partiyada har bir jo‘jani 3900 so‘mdan sotib olgan bo‘lsam, ikkinchi partiyasi 2800 so‘mdan tushdi. Sababi, kunlar isib ketgach, uncha ko‘p yashamaydigan broylerlarni boqish ancha qiyinlashadi. Negaki, ular issiqqa juda chidamsiz va tez nobud bo‘ladi. Shu bois katak ichida doim bir xil haroratni ushlab va muntazam shamollatib turish kerak.

— Kelgusida faoliyatingizni kengaytirasizmi?
— Nasib qilsa, kattaroq joy qurib, jo‘jalar sonini 5-6 mingtaga yetkazish niyatidaman. Agar 2 ming bosh jo‘jani bitta xodim bemalol eplashini hisobga olsak, demak, bunda 3 ta yangi ish o‘rni ham paydo bo‘ladi.
Nurpo‘lat NURQULOV

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Har oy 1500 bosh jo‘ja boqib...