"Qo‘shmachi qorovul" qo‘lga olindi

  • 12-08-2018, 20:53
  • 2 529
  • Jamiyat
  • "Қўшмачи қоровул" қўлга олинди
    Foto: «Xabar.uz»
    Katta hayotga qadam tashlayotgan, oila atalmish qo‘rg‘onni birga bunyod etishga ahdu paymon qilgan yigit va qiz eng avvalo o‘z yashash hududidagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga murojaat etadi. Ular tomonidan bog‘lanayotgan muqaddas rishta ana shu bo‘limda — binoda rasmiylashtiriladi.

    Biroq, Nishon tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limida qorovul bo‘lib ishlagan A.O. bo‘lim binosida boshqa «xizmat» turini ham yo‘lga qo‘yib olgan ekan. Kunduzgi ish jarayoniga mutlaqo zid ravishda tunlari bu yerga oila, nikoh, halollik, pokizalik kabi muqaddas qadriyatlarimizni oyoqosti qilgan, yengil-yelpi hayotga ruju qo‘ygan erkak va ayollar kelib turishgan. Bino qorovuli esa belgilangan «xizmat haqi» evaziga ularga joy hozirlab beravergan.

    Bu safar ham Qarshi shahri Paxtazor mahallasida yashovchi Yu.Z. Nishon tumani Talimarjon shaharchasida yashovchi N.D. bilan tungi soat 23 lar atrofida tuman markazida uchrashadi. Uchrashuvdan maqsad esa o‘zlarining hirsiy nafslarini qondirish edi. Buning uchun xilvat joy topishsa bo‘lgani.

    Joy masalasida biroz o‘ylashgandan so‘ng qiz tanishlaridan tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish idorasi qorovuli — «... aka» degan kishi pul evaziga joy berishi haqida eshitganligini aytadi. Shundan so‘ng ular ushbu binoga qarab yo‘l oladi va idora eshigini taqillatishadi.

    Bu paytda qorovul mahallasidagi to‘ydan biroz «otib olib», endigina kelib joyiga cho‘zilgan edi. Shunga qaramay, erkak va ayolning tashrifi uni bezovta qilmadi. Nima maqsadda kelishganini anglagan emasmi, chopqillab chiqib, darvozani ochdi.

    O‘zaro kelishuv 66 yoshli otaxonning 30 ming so‘m evaziga nevarasi tengi yigit va qizga o‘z joyini bo‘shatib berib, darvozaga qulf solgancha, tashqariga chiqib ketishi bilan yakunlandi.

    Ammo bu vaqtda tuman markazida yarim tunda bemaqsad yurgan yigit va qiz allaqachon hududda faoliyat olib borayotgan ichki ishlar xodimlarini shubhalantirgan, juftlikni kuzatishmoqda edi. Ular FHDYo binosi qorovulxonasiga kelib kirishgach, IIB xodimlari qorovuldan izoh talab qilishdi.

    Ko‘p o‘tmay, barcha holatga oydinlik kiritildi. A.O.ning pul evaziga fuqarolar — Yu.Z. va N.D ga fahsh ishlarini amalga oshirish uchun sharoit yaratib bergani o‘z isbotini topib, holat hujjatlashtirildi.

    Endi esa qo‘shmachi qorovul bu qilmishi uchun qonuniy jazoga tortilishi tayin.
    Ahror Sodiqov

    Manba: Xabar.uz

    » » "Qo‘shmachi qorovul" qo‘lga olindi