23:20 / 20.08.2018
7 410

Toshkent shahrida arzon uy-joylar nega qimmatladi?

Тошкент шаҳрида арзон уй-жойлар нега қимматлади?
Deputat Rasul Kusherbayev Facebook’dagi sahifasida arzon uy-joylarning narxi oshishi sabablari haqida fikr bildirdi.

Foto: Facebook /rasul.kusherbaev
Uning yozishicha, 2019 yili quriladigan ko‘p qavatli uylar joriy yilga nisbatan ancha arzon bo‘lishi kutilmoqda.

“Prezident qarori doirasida Toshkent shahrida (boshqa hududlarda ham) aholi uchun qurilayotgan arzon uy-joylarning narxlari keskin oshib ketganligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘rab Toshkent shahar hokimi va “O‘zshahar qurilish invest” IK direktoriga yuborgan deputatlik so‘rovining yakunlari haqida ma’lumot berishni aytib o‘tgandim”, - deya yozadi deputat.

U so‘rovlarning javobidan kelib chiqqan xulosalarni bildirgan.

“Boshdan aytib qo‘yay: Toshkent shahar hokimiga yuborilgan deputatlik so‘rovi natijasi haqida ko‘p to‘xtalmoqchi emasman. Sababi narx-navoni belgilash masalasida hokimlikning ishtiroki deyarli yo‘q bo‘lib, ustiga-ustak shahar hokimining mehnat jamoasi javob berishni ham “qalpoq” qilib qo‘ydi. Javob kech berilgani yetmaganday matndan ko‘rinib turibdiki, hokimlikda qonuniy belgilangan fuqaro murojaati va deputatlik so‘rovlarining farqini ajrata olmaslik kasali bor...O‘sha-o‘sha “hammom” xullas.

Shu bois, asosiy xulosalar “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi direktori Z.Narzullayevning batafsil tushuntirishlaridan kelib chiqmoqda”, - deydi R.Kusherbayev.

Demak Z.Narzullayevga ko‘ra, asosiy qurilish materiallari narxi joriy yilda, o‘tgan yilga nisbatan 185,5 foizga oshgan. Bunda asosan “O‘zmetkombinat” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, “Qizilqumsement” AJ hamda g‘isht yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan yetkazib berilayotgan mahsulotlarning narxi keskin oshirib yuborilgan bo‘lib, agar ular tomonidan mahsulot narxlari pasaytirilsa o‘z-o‘zidan qurilayotgan “arzon” uy-joylarning narxi ham tushirilishi ta’kidlangan.

Xususan, 2017 yilda sementning 1 tonnasi 135135,00 bo‘lgan bo‘lsa, 2018 yilda 305833,33 so‘mga yoki oshish koeffitsiyenti 226,3 foizga yetgan, 1 tonna metall 1901000,00 so‘mdan 4595000,00 so‘mga yoki oshish koeffitsenti 241,7 foizga yetgan, oddiy g‘isht 1 donasi 430,00 so‘mdan 880,00 so‘mga yoki oshish koeffitsiyenti 204,7 foizga yetgan va hokazo. Ushbu sabablar hamda valyuta siyosatini liberallashtirish natijasida import qilinadigan qurilish materiallari va anjomlarning narxi oshib ketgani uy-joy qurilishi narxlarining ko‘tarilishida asosiy sabablarni keltirib chiqargan.

Shundan kelib chiqib, davlat ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ko‘p kvartirali uy-joylarning 1 m. kv. narxi 3981,7 ming so‘mni tashkil etib bu 2017 yilga nisbatan rasman narxlar 142,5 foizga oshganligini ko‘rsatmoqda.

E’tiborli jihati, narxni pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijasida ma’lum bo‘lishicha, 2018 yilda loyiha hujjatlarini optimallashtirish natijasida yangi namunadagi loyihalar ishlab chiqilgan va respublikaning ayrim hududlarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning narxi 3524,6 ming so‘mni tashkil etmoqda. Va xayriyatki, 2019 yilda xuddi shu narxni saqlab qolgan holda respublikaning barcha hududlarida ushbu loyihalar bo‘yicha qurilish olib borish ko‘zda tutilmoqda ekan. Bu degani keyingi yili uylar joriy yilga nisbatan ancha arzon bo‘ladi, deb yozadi deputat.

Yana bir muhim jihat: yuqorida keltirilgan amaldagi narx, ya’ni uy-joylarning 1 m.kv. uchun ko‘zda tutilayotgan 3981,7 ming so‘m yakuniy narx emas. Kompaniya tasdiqlashicha, bu narx davlat ekspertiza xulosasi asosida belgilangan. Uy-joylar qurilishi bitkazilib, uyni fuqaroga sotish kuniga qadar hisoblangan bank kredit foizlari inobatga olinganidan so‘ng aniq narxlar ma’lum bo‘larkan. Bunda katta ehtimol bilan uyning haqiqiy narxi ekspertizadagi narxdan ko‘ra arzon bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Bu degani - hali umid bor bu yilgi narxning ham real xarajat asosida pasayishiga.

“Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri A.X.To‘xtayevga, “O‘zqurilishmateriallari” AJ raisi B.K.Zaripovga, “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi T.T.Azamatovga qurilish materiallari narxining oshirib yuborilganligi yuzasidan ham deputatlik so‘rovlari yuborildi. Agar ular tomonidan qurilish mahsulotlari narxini tushirish choralari ko‘rilsa qurilayotgan uylar narxi ham pasayadi. Bular haqida keyinchalik qo‘shimcha ma’lum qilaman”, - deb yozgan deputat.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent shahrida arzon uy-joylar nega qimmatladi?