13:26 / 08.09.2018
8 393

Sizni ichki ishlar xodimi toʻxtatdi: nima qilish kerak?

Sizni ichki ishlar xodimi toʻxtatdi: nima qilish kerak?
Ichki ishlar xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun koʻchada har kimni toʻxtatishi mumkin. Bu vaziyatdan tezroq va iloji boricha talafotlarsiz chiqib ketish yoʻllari bor.

Eng avvalo, sizni nega toʻxtatishlari mumkin?

Bugungi kunda tez-tez uchraydigan holat: ichki ishlar xodimi koʻcha yoki metroda hujjatlaringizni tekshirish uchun sizni toʻxtatdi. Masalan, “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq xodim sizni qidiruvdagi shaxs deb gumon qilsa, toʻxtatib hujjatlaringizni tekshirish huquqiga ega.

Agar yoningizda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat boʻlmasa, huquq-tartibot organi xodimi shaxsingizni aniqlash maqsadida 3 soatgacha ushlab turish huquqiga ega. Hujjatlaringiz borasida muammo boʻlmasa, sizni darhol qoʻyib yuborishi shart. Biroq ichki ishlar xodimi sizni uzoqroq ushlab turish uchun har doim sabab topishi mumkin – masalan, u pasportingiz soxta ekanligiga shubha bildirishi mumkin. Shunda sizni tuman ichki ishlar boʻlimi yoki tayanch punktiga olib ketishadi.

Ichki ishlar xodimi hujjatlaringizni tekshirish uchun yuzlab sabab topishi mumkin. Agar sizning pasportingiz yoki shaxsingiz xodimga yoqmasa, unda ichki ishlar boʻlimiga borishga majbur boʻlasiz.

Koʻchada ichki ishlar xodimi toʻxtatganda oʻzingizni qanday tutishingiz kerak?

“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonunning 8-moddasiga muvofiq ichki ishlar xodimi, eng avvalo, unvoni, lavozimi, ism-familiyasini aytib, fuqaroning talabiga koʻra xizmat guvohnomasini taqdim etishi shart, shundan soʻng toʻxtatish sababi va murojaat maqsadini aytadi.

Agar sizni patrul-post xizmati xodimi toʻxtatsa, u xizmat nishoniga ega boʻlishi va xizmat guvohnomasini koʻrsatishi shart, siz esa uni suratga olish yoki maʼlumotlarni yozib olish huquqiga egasiz.

Agar ichki ishlar xodimi oʻzini tanishtirish va guvohnomasini koʻrsatishdan bosh tortsa, 102 raqamiga qoʻngʻiroq qiling va “nomaʼlum shaxs mening hujjatlarimni tekshirishga urinayapti” deb xabar bering.

Pasportingizni ichki ishlar xodimi qoʻliga bermang. Qonunga koʻra siz begona shaxslarga hujjatingizni berishingiz mumkin emas. Agar siz boshqa viloyatdan kelgan boʻlsangiz, yoningizda doimo poyezd (samolyot) chiptasi yoki vaqtincha roʻyxatga qoʻyilganlikni tasdiqlovchi hujjat boʻlishi kerak.

Ichki ishlar xodimi oʻzini tanishtirishi shart. Agar bosh tortsa 102 raqamiga qoʻngʻiroq qiling. Hujjatingizni oʻzingizda saqlang va uni ichki ishlar xodimi qoʻliga bermang.

Sizni qoʻyib yuborishmadi. Nima qilish kerak?

Baqir-chaqir qilmang, asabiylashmang va hujjatingizni koʻrsatishdan bosh tortmang. Agar shunday qilsangiz, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 195-moddasiga koʻra sizni ichki ishlar xodimiga qarshilik koʻrsatishda ayblab 15 sutkaga qamashlari mumkin.

Ichki ishlar xodimining hujjatni tekshirish va shaxsni koʻrikdan oʻtkazish huquqi “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi qonunning 18-moddasida koʻrsatilgan. Agar siz ushbu qonundan xabardor ekanligingizni koʻrsatsangiz, huquq-tartibot xodimlari siz bilan ehtiyotkor munosabatda boʻlishadi yoki hujjatlaringizni tekshirmasliklari ham mumkin.

Ichki ishlar xodimlari choʻntagingiz, sumka va telefoningizni ham koʻrikdan oʻtkazishni (tekshirishni) talab qilishlari mumkin. Siz rad etish huquqiga egasiz. Advokat bilan bogʻlaning. Shaxsni koʻrikdan oʻtkazish koʻrikdan oʻtkazilayotgan shaxs bilan bir jinsda boʻlgan shaxslar tomonidan va shu jinsdagi ikkita xolis guvoh ishtirok etgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Agar xodimlar bu koʻrik (tekshiruv) emas, balki tintuv ekanligini aytayotgan boʻlsa, ular tintuv uchun ajrimni koʻrsatishi va xolislarni keltirishlari shart.

Tintuv surishtiruvchi yoki tergovchining qarori yoxud sudning ajrimiga koʻra oʻtkaziladi. Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda bu harakatlar qayerda va kimnikida oʻtkazilishi zarurligi, qaysi narsa yoki hujjatlarning qidirib topilishi va olib qoʻyilishi lozimligi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.

Navbatchi prokurorning yoki Bosh prokuraturaning ishonch telefoni raqamlari doimo yoningizda boʻlsin. Agar sizni toʻxtatgan organ xodimi qonunni buzayotganini payqasangiz prokurorga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin. Baʼzan qoʻngʻiroq qilayotganingizning oʻzi huquq-tartibot xodimlariga taʼsir koʻrsatishi va ular sizni qoʻyib yuborishi mumkin.

Agar ichki ishlar xodimlari maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzsa, siz ushbu bayonnomaga ilova qilinadigan tushuntirish va mulohazalarni kiritish huquqiga egasiz.

Bayonnoma tuzishdan avval sizga oʻz huquqlaringizni tushuntirib berishlari shart. Agar sizga tushuntirib berilmasa, siz hujjatga imzo qoʻyishdan bosh tortib, buning sabablarini bayon etishga haqlisiz. Sud siz tarafda boʻlishi mumkin.

Eng muhimi, asabiylashmang, advokat kelguncha sukut saqlang va tintuv qilinishingizga yoʻl qoʻymang.

Manba: Turon24.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sizni ichki ishlar xodimi toʻxtatdi: nima qilish kerak?