Tungi kapalaklar qoʻnalgʻasi…

  • 14-09-2018, 16:06
  • 3 028
  • Jamiyat
  • Tungi kapalaklar qoʻnalgʻasi…
    Bugungi globallashuv va axborot asrida oʻsib kelayotgan yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga har qachongidan-da ziyraklik ila yondashishni davrning oʻzi taqozo qilmoqda. Yoshlar ongu tafakkurini zaharlab, ularni tubanlik, razolat botqogʻiga yetaklayotgan omillar kun sayin qoʻziqorindek koʻpayib borayotgani hech birimizga sir emas. Kecha bir “ommaviy madaniyat” niqobidagi muammodan qutulgan boʻlsak, bugun yana bir maʼnaviyat kushandasining ildizini qanday quritish ustida bosh qotiryapmiz.

    Necha yillardan beri ijtimoiy xavfli illatlarning ildiz otishiga zamin yaratayotgan “ommaviy madaniyat”, yengil-yelpi hayot targʻibotini tijoratga aylantirishni “anʼana” tusiga kiritgan tungi klublar voyaga yetmagan yoshlarimizning sevimli maskaniga aylanib, ularni oʻz domiga tortib olib, ham maʼnan, ham jismonan qashshoqlashishida muhim oʻrin tutmoqda. Maishat koʻzini koʻr qilgan, shahvoniy his-tuygʻularini jilovlay olmaganlarning koʻngilxushlik qilishiga, emin-erkin boʻlishiga yetarlicha sharoitu qulayliklar yaratilgan bu kabi tungi kapalaklar qoʻnalgʻasida oxirgi paytlarda yuz berayotgan dahshatli jinoyatlar barchamizni sergak torttirmoqda.

    TANIQLI SPORTCHINING OʻLIMI KЕNG JAMOATCHILIKNI “UYGʻOTDI”

    Joriy yilning 8 avgustdan 9 avgustga oʻtar kechasi taxminan soat 00:25 larda Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi “Aurum 898” tungi klubi oldida janjal chiqib, klub qoʻriqchilari va mehmon oʻrtasida mojaro yuzaga keladi. Natijada ikki nafar qoʻriqchi tan jarohati oladi. Erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi hisoblangan Jamshid Kenjayev esa ayanchli vafot etadi. Ayni vaqtda oʻsha mudhish voqea boʻyicha jinoyat ishi ochilgan boʻlib, sportchining oʻlimida ayblanayotgan qoʻriqchilar ustidan sud ishlari boshlangan.

    Ushbu mudhish manzara haqida ijtimoiy tarmoqlarda maʼlumotlar tarqalgach, bu holat millionlab insonlar tomonidan katta bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Toshkentdagi klublar faoliyatiga boʻlgan tanqidiy eʼtibor har qanchongidan jiddiy tus oldi. Tungi klublar OAVning asosiy mavzusiga aylandi, hukumat vakillariyu mutasaddi tashkilotlar bu borada jiddiy ishlar qilishga bel bogʻladi. Asosiysi, tungi klublar bilan bogʻliq hali qilinajak ishlarimiz talay ekanligi tan olindi.

    Xabarlarga koʻra, “Aurum 898” tungi klub binosi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan atroflicha oʻrganilib, uning faoliyati toʻxtatib qoʻyilgan. Hafta davomida soat 22:00 dan soat 5:00 gacha faoliyat olib borgan Toshkentdagi ushbu eng yirik klub peshtoqidan nomi va reklama bannerlari olib tashlangan.

    Sodir etilgan qotillik tafsilotlari OAVda eʼlon qilinganidan soʻng klub haqida har kim oʻz munosabatini bildirdi. Kimdir “Tungi klublarni yopish zarur. Farzandlarimizga foydasi yoʻq bunday joylarning”, desa, yana kimdir “Sportchilarning ruhiy tarbiyasi bilan chuqurroq shugʻullanib, ularni ham nazorat ostiga olish kerak”, deya taklif qildi. 11 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlar alkogolli mahsulotlar sotishni 21:00 dan soʻng, ovqatlanish shoxobchalarida 22:00, restoran, kafe, bar va tungi klublar tomonidan mijozlarga xizmat koʻrsatish soat 23:00 dan keyin qatʼiy cheklash toʻgʻrisida ogohlantirildi.

    Quyida ayrim yurtdoshlarimizning mavzuga oid fikr-mulohazalarini eʼtiboringizga havola etamiz.

    “KLUBLARNING KOʻP SIRIDAN VOQIF BOʻLGANMAN”

    Tohir MALIK, Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi:
    — Bundan 10-15 yil oldin “Talvasa” romanini yozish jarayonida asarim uchun bir qancha tungi klublarga muhitni oʻrgangani borganman. Oʻshanda u yerdagilarning insonlar emas, odam shaklidagi maxluqlar ekanligiga ishonganman. Men u joyni tungi klub demasdim, “buzuqlik klubi”, deya nomlardim. Tashrifim chogʻida koʻp sirlarning shohidiga aylanganman. Tungi klublarga kirganlar biladi, uning oʻziga tortadigan ohanrabosi bor. Bu nima, bilasizlarmi? Afyun. Ular afyun zarralarini havo sovutkichlarining (konditsioner) ustiga sepib qoʻyishadi.

    Keyin havoga qoʻshilgan mast qiluvchi hid klubga kirganlarning hushini oʻgʻirlaydi, dimogʻiga urilgach, ularda allaqanday xursandchilik kuzatiladi, kayfiyati koʻtariladi. Ertaga yana kelgisi keladi. Tadbirkor niqobi ostida tungi klublarni ochib qoʻyib, falon soʻm pul topayotgan doʻstlarimiz Prezident ularga yaratib berayotgan imkoniyatlarni suisteʼmol qilmasa, yaxshi boʻlardi. Bizga bunday klublarning umuman keragi yoʻq!

    “TAQIQLASH BILAN MUAMMO HAL BOʻLMAYDI!”

    Oʻtkirbek XOLMIRZAYEV, huquqshunos:
    — “Aurum 898” va boshqa tungi klublardagi qotilliklar barcha mamlakatlarda ham sodir boʻlib turadi, bir qarashda kishilarning oʻzaro janjallashuvi oqibatida yuz beradigan holatlar ajablanarli emas. Lekin ayni vaziyatda ushbu qotillikning oldini olish, sodir boʻlmasligini taʼminlash zarur edi. Yoki bu kabi hodisa tungi klub emas, boshqa umumiy ovqatlanish joyida ham sodir boʻlishi mumkin.

    Xususiy qoʻriqlash faoliyatiga qoʻyilgan taqiqlarni qayta koʻrib chiqish va tartibga solish orqali bu kabi voqealarning oldini olishga erishsa boʻladi. Tungi klublar, koʻngilochar maskanlar va boshqa umumiy ovqatlanish joylarini yopish, qoʻriqchilar faoliyatini taqiqlash kabi choralar mazkur muammoni yechishda yordam bermaydi, qaytanga bunday maskanlar “yer ostiga” koʻchib oʻtadi, tartibsizlik va shafqatsiz qotillik holatlari koʻpayishi ehtimoli oshadi.

    Koʻngilochar maskanlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda qaltis vaziyatni toʻgʻri baholab, mutanosib harakat qiladigan, tashrif buyuruvchilar va boshqa shaxslar sogʻligʻi, mol-mulklari xavfsizligini qonun doirasidan chetga chiqmay qoʻriqlay oladigan, maxsus tayyorgarlikka ega, ruhiy holati barqaror qoʻriqchi professionallarni qoʻriqlash faoliyatiga jalb qilish, buning uchun esa xususiy nodavlat qoʻriqlash faoliyatiga oʻrnatilgan litsenziyalanadigan faoliyat turi sifatida ruxsat berish toʻgʻri boʻladi. Taqiqlash yoʻli bilan emas, balki qoʻriqchilarni tayyorgarlikdan oʻtkazish, doimiy oʻqitish, faoliyatini tizimli tartibga solish orqali bu muammoni yechish lozim.

    “YoSHLARNING MIYASINI QANDAY NAZORAT QILASIZ?”

    Shahnoza TOʻRAXOʻJAYEVA, bloger:
    — Bir marta odam oʻldirilgan klub umuman qayta ochilmaydigan qilib yopilishi kerak. Lekin bu degani tungi klublardagi muammolarni ularni yopish bilan hal qilish mumkin, degani emas. Tungi klubga borib nasha chekkan, zino qilgan va yoki odam oʻldirgan odam tungi klubsiz ham shu ishini qiladi. Tungi klublarni nazorat qilish mumkin, lekin yoshlarning miyasini, qiziq qonini qanday nazorat qilasiz?

    Ular koʻchada, yertoʻlada, chordoqda, pana-pastqamda davom ettirishadi shu ishlarini. U yerlarga kamera qoʻyolmaysiz, qoʻriqchi qoʻyolmaysiz. Yopish oson, tartiblash qiyin, muammolarni bartaraf etishda oson yoʻllardan boraverib, yetib kelganimiz shu joy boʻldi.

    “XOHLAGAN ISHINGIZNI QILISHINGIZ MUMKIN…”

    Timur JOʻRAYEV, 27 yosh, tadbirkor:
    — Bundan 5-6 yil oldin abituriyentlik davrimda poytaxtga borganimda oshnalar bilan bir necha marta tungi klublarga borganman.
    Klubga kirishim bilan dimogʻimga sigareta va turfa yoqimsiz hid urilgan. Kuchli shovqin-suron, gʻarb qoʻshiqlaridan qulogʻim bitib qolgan, rangli lazerlarning jimirlashidan esa koʻzlarim tinib ketgan. Turli yoshdagi yigit-qizlarning baqirishlari, tushunarsiz qiliqlarini koʻrib, hayron qolganman.

    Bir tomonda fahsh ishlar bilan band erkak-ayollar, bir tarafda hali aqlini tanimagan zurriyodlari bilan bayram qilayotgan butun bir oilaning tantanali oʻtirishi hayratimni oshirgan. Oziq-ovqat, ichimliklarga qoʻyilgan narxlarni koʻrib, bunday maskanlar ortidan million-million daromad kelishini anglab yetganman. Shuningdek, u yerlarda sahargacha xohlagan kishingiz bilan xohlagan ishingizni qilishingiz mumkin ekan. Klub mehmonlari egnida “dress cout”, yaʼni tungi klub belgilab bergan kiyim boʻlsa, kifoya.

    Baxtga qarshi, oʻsha yili oʻqishga kira olmadim. Keyingi yili esa Andijon davlat universiteti talabasi boʻldim. Shu-shu, klublarga bormay qoʻyganman. Nazarimda, viloyatlarga nisbatan Toshkent shahrida tungi klublarni koʻproq uchratish mumkin.

    “BORGANIMIZ QIMMATGA TUSHGAN”

    Ismini sir tutgan 22 yoshli yigit:
    — Tungi klubga bir marta sinfdoshimning tugʻilgan kunida borganman. Azizning 20 yoshini oʻsha yerda nishonlaganimiz qimmatga tushgan. Oʻsha kuni soat 01:00 gacha sakkiz nafar doʻst oʻtirganmiz. Yonimizdagi stolda oʻtirgan bir juvon Umarning oldiga kelib, qoʻshiq zakaz qilishi va buning uchun 10 ming berishini soʻrab, asta suykala boshlagan. Biz u ayolga jiddiy ohangda rad javobini berganmiz. U esa shirakayfligi uchun jazavaga tushib, janjal koʻtargan. Bu holatni tomosha qilib turgan bizdan bir necha yosh katta yigitlar Umarni tashqariga olib chiqib ketishgan. Tashqarida esa ancha vaqtgacha razbor boʻlgan. Nazarimda, ular bizdan pul talab qilgan ayolning sheriklari edi. Munozaraga qoʻriqchilar nuqta qoʻyib, bizlarga yaxshi gapirgan va tinchgina bu yerdan ketishimizni taʼkidlashgan. Oʻshandan beri biror marta ham tungi klublarga bormay qoʻydim.

    Bugungi zamonaviy dunyoda tungi klublar, dam olish muassasalari ham oʻz oʻrnida kerak. Biroq ularning faoliyatini nazoratga olish va toʻgʻri ishlashlarini taʼminlash ham lozim. Shundagina noxush holatlarga oz boʻlsa-da, barham berilardi.

    Bunday makonlar allaqachon fahsh, jinoyat, huquqbuzarlik, maʼnaviyatsizlik, hayosizlik bozoriga aylanib boʻlgan. U joylar yer yuzining ajralgan bir boʻlagi sifatida kishida tasavvur uygʻotadi. Ayrimlar koʻngilxushlik uchun kelsa, baʼzilar pul topish ilinjida har kuni kelishdan sira zerikmaydi.
    Mirolim ISAJONOV

    Manba: hordiq.uz

    » » Tungi kapalaklar qoʻnalgʻasi…