07:30 / 16.09.2018
5 540

Xohishga koʻra vakolatli shaxslarga pul berish poraga oʻtadimi?

Xohishga koʻra vakolatli shaxslarga pul berish poraga oʻtadimi?
Koʻpgina hollarda fuqarolar tomonidan: “Agar biz oʻz xohishimizga koʻra vakolatli shaxslarga pul bersak, bu ham pora berish hisoblanadimi?” – degan savol beriladi. Shu sababli ham pora berish jinoyati haqida qisqacha sharh berib oʻtishni maqsadga muvofiq deb topdik.

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasiga koʻra pora berish davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etishda ifodalanadigan qilmishdir. Har qanday moddiy qimmatliklar: pul, xorijiy valyuta, qimmatbaho buyumlar, qimmatbaho qogʻozlar, oziq-ovqat yoki sanoat mahsulotlari va boshqalar pora predmeti boʻlishi mumkin. Pora predmetiga, shuningdek, pora beruvchi tomonidan tekinga yoki past narxlarda amalga oshiriladigan mulkiy xarakterdagi turli xildagi xizmatlar ham kiritiladi.

Subyektiv tomondan pora berish jinoyati toʻgʻri qasddan sodir etiladi. Pora beruvchi mansabdor shaxsga pora predmetini mukofot sifatida, oʻzining mansab mavqeidan kelib chiqib uning manfaati yoʻlida biron-bir harakatni sodir etishi yoki etmasligi uchun berilayotganligini anglaydi va shuni xohlaydi. Jinoyat subyekti oʻn olti yoshga toʻlgan har qanday aqli raso shaxs boʻlishi mumkin.

Lekin pora berganlik uchun javobgarlikdan ozod qiluvchi holatlar ham nazarda tutiladi. Jinoyat kodeksining 211-moddasida quyidagicha norma keltirib oʻtilgan:

- shaxsga nisbatan pora soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda oʻttiz sutka mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

Agar shaxs oʻz xizmat vazifasini amalga oshirgandan soʻng, hech qanday manfaat yoki huquqlarga ega boʻlishni koʻzlamagan holda, minnatdorchilik uchun pul yoki boshqa qimmatliklar berilgan boʻlsa pora hisoblanmaydi. Amerika va Yevropa davlatlarida buni “tipping” deb ataydilar. Lekin mazkur tushunchaning ham mamlakatimizga kirib kelishi korrupsiyani avj oldirishi mumkin. Chunki bundan manfaatdor shaxslar oʻz qilmishlarini (pora berish jinoyatini) minnatdorchilik bildirishga yoʻyishi mumkin. Shu sababli ham har birimiz oʻz vazifamizni va fuqarolik burchimizni bajarishimiz lozim. Korrupsiya deb atalgan illatga qoʻl urib, qonun oldida javobgarlikka tortilgandan koʻra, Vatanimiz taraqqiyotiga oʻz hissamizni qoʻshishimiz ham farz, ham qarzimizdir.
Shamsinur Axtamov,
huquqshunos

Manba: 21asr.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xohishga koʻra vakolatli shaxslarga pul berish poraga oʻtadimi?