07:01 / 26.09.2018
5 863

Yoshlar ittifoqi yetakchilariga “paxta soligʻi” solingani haqidagi xabar oʻrganildi

Yoshlar ittifoqi yetakchilariga “paxta soligʻi” solingani haqidagi xabar oʻrganildi

Oʻtgan haftada internetda Andijon viloyati, Qoʻrgʻontepa tumani Yoshlar Ittifoqi kengashi yetakchisi Nazarbek Mirzaqobulov tumandagi 59ta maktab yetakchilariga paxtaga odam chiqarish boʻyicha xat yoʻllagani haqida xabar tarqalgandi.

Telegram orqali yoʻllangan xat skrinshotida, tuman yetakchisi barcha maktab yetakchilariga paxta terimiga bir nafardan terimchi jalb etish, agar odam topolmasa, 100 ming soʻmdan olib kelish boʻyicha topshiriq bergani, topshiriqni bajarmaganlar darhol lavozimdan ozod etilishi, bu hokimning buyrugʻi ekanidan ogohlantirgani yozilgandi.

“Kun.uz”ga maʼlum boʻlishicha, aynan shu skrinshot boʻyicha Qoʻrgʻontepa tumani prokuraturasi va Andijon viloyat Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat huquq inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida surishtiruv olib borilgan.

Oʻrganish davomida maʼlum boʻlishicha, Yoshlar ittifoqi yetakchilari tuman kengashi N.Mirzaqobulov tomonidan maktab yetakchilariga paxta terimi uchun bir nafardan odam jalb etish boʻyicha topshiriq berilgani, ammo bu topshiriq telegram orqali emas, telefon qoʻngʻirogʻi orqali yetkazilganini aytishgan. Ular odam oʻrniga 100 ming soʻmdan mablagʻ yigʻilishi haqidagi maʼlumotni tasdiqlashmagan. Ular SMS-xabar tarzida topshiriq olishmagani, keyinchalik ularga terimchilarni targʻibot tadbirlari orqali jalb qilish kerakligi tushuntirilganini bayon qilishgan.

Mirzaqobulovning oʻzi ham 19 sentyabr kuni maktab yetakchilariga paxta terimiga Yoshlar ittifoqi tuman kengashi otryadi tashkil qilish maqsadida qoʻngʻiroq qilib, bir nafardan terimchi jalb etish boʻyicha topshiriq berganini tan olgan. Ammo u odam oʻrniga 100 ming soʻmdan pul yigʻilishi haqidagi gaplarni inkor etgan. U topshiriqni telegram orqali berganini ham tan olmagan.

Uning kompyuter va uyali aloqa qurilmalari mutaxassislar ishtirokida tekshirilgan, u telegram orqali topshiriq yuborgani aniqlanmagan. Shu bilan birga, u 20 sentyabr kuni qabriston tozalash uchun jalb qilish boʻyicha yetakchilarga yuborgan xabar mavjudligi aniqlangan.

Endilikda, aniqlangan holatlarda (telefon qoʻngʻirogʻi orqali paxtaga bir nafardan odam jalb qilish boʻyicha topshiriq va qabriston tozalash uchun yetakchilarni jalb qilish boʻyicha topshiriq) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasida (mehnatga maʼmuriy tarzda majburlov) koʻrsatilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi sababli Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasining qarori bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlangan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yoshlar ittifoqi yetakchilariga “paxta soligʻi” solingani haqidagi xabar oʻrganildi