Pora bilan ushlangan deputat muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgani maʼlum boʻldi (video)

  • 02 oktyabr 2018, 23:06
  • 3 019
  • Jamiyat
  • Joriy yilning 22 sentyabr kuni Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati Olimjon Toʻxtanazarov Chust shahri markazida arizachidan 500 AQSH dollarini olgan vaqtda, ashyoviy dalil bilan ushlangandi.

    Bosh prokuratura matbuot xizmatining Kun.uzʻga xabar berishicha, 1969 yilda Namangan viloyati Pop tumanida tugʻilgan Olimjon Toʻxtanazarov bundan avval ham jinoiy javobgarlikka tortilgan.

    Maʼlum boʻlishicha, 2015 yilda u fuqaro K.Safoyevadan firibgarlik yoʻli bilan 1000 AQSH dollari olayotgan vaqtda ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.

    Ushbu holat boʻyicha Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi tomonlarning oʻzaro yarashuvi asosida tugatilgan.

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq qoʻlga olingan deputat nega pora talab qilganini aytgandi.

    “Bu ayolning ishonchiga kirib turib, oʻsha pulni olib, oʻzimning oilaviy ehtiyojimga ishlatmoqchi edim. Chin koʻngildan pushaymonman”, - degan u.

    Olimjon Toʻxtanazarov Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi aʼzosi, Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati, OʻzMTRK tarkibidagi kanallardan birida rejissyor boʻlib ishlagan. Ushbu deputat ijtimoiy tarmoqlarda faol boʻlib, jamiyat hayotidagi muammolar boʻyicha, xususan, korrupsiya masalasida oʻzining fikrlarini bildirib kelardi.


    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Pora bilan ushlangan deputat muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgani maʼlum boʻldi (video)