17:15 / 12.10.2018
3 987

Advokat qanday holatlarda soʻrov yuborishga haqli ekani belgilandi

Advokat qanday holatlarda soʻrov yuborishga haqli ekani belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Xalq soʻzi” xabar bermoqda.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 21 sentyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 27 sentyabrda maʼqullangan.

Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Advokatura toʻgʻrisida”gi 349–I-sonli Qonuni quyidagi mazmundagi 7(1)-modda bilan toʻldirildi:

«7(1)-modda. Advokat soʻrovi

Advokat davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga mazkur organlar hamda tashkilotlarning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan advokat tomonidan malakali yuridik yordam koʻrsatilishi uchun zarur boʻlgan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni taqdim etish masalalari yuzasidan advokat soʻrovini yuborishga haqli.

Axborot (hujjatlar), shuningdek ularning koʻchirma nusxalari advokat soʻrovi olingan sanadan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay taqdim etiladi.

Agar davlat organi yoki boshqa organ, shuningdek korxona, muassasa, tashkilot soʻralayotgan axborotga (hujjatlarga) ega boʻlmasa, ular oʻzlariga murojaat etgan advokatga soʻrov olingan sanadan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay bu haqda xabar qilishi shart.

Advokat tomonidan ish boʻyicha surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi boshlanganligi toʻgʻrisida dalolat beradigan hujjat taqdim etilgan taqdirda, soʻrovda koʻrsatilgan axborot (hujjatlar) uch ish kunidan kechiktirmay taqdim etilishi kerak.

Advokat soʻrovida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

soʻrov yuborilayotgan davlat organi yoki boshqa organning, shuningdek korxona, muassasa, tashkilotning nomi va pochta manzili;

advokatning familiyasi, ismi, otasining ismi;

advokat oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan advokatlik tuzilmasining nomi, pochta manzili, elektron pochta manzili, telefon raqami;

advokat soʻrovini qayd etish daftaridagi advokat soʻrovining roʻyxatdan oʻtkazilganlik raqami va sanasi;

advokat kimning manfaatlarini koʻzlab harakat qilayotgan boʻlsa, oʻsha jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxsning nomi;

yuridik yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborot (hujjatlar);

soʻralayotgan axborotni (hujjatlarni) berish usuli (pochta joʻnatmasi, faksimil aloqa, elektron pochta, bevosita topshirish);

advokatning imzosi.

Advokat soʻroviga orderning koʻchirma nusxasi ilova qilinadi.

Agar advokatlik soʻrovini olgan subyekt soʻralayotgan axborotga (hujjatlarga) ega boʻlmasa yoki maʼlumotlarda davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir mavjud boʻlsa, shuningdek advokat soʻrovida ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida nazarda tutilgan axborot (hujjatlar) koʻrsatilmagan boʻlsa, soʻralayotgan axborotni (hujjatlarni)advokatga taqdim etish rad etilishi mumkin.

Advokat soʻrovi advokatlik siriga rioya etilgan holda axborot tizimi orqali elektron shaklda ham berilishi mumkin.

Advokat soʻroviga axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, oʻz vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot (hujjatlar) taqdim etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Advokat qanday holatlarda soʻrov yuborishga haqli ekani belgilandi