20:10 / 12.10.2018
11 385

Botir Qodirov hamda YPX xodimi oʻrtasidagi janjal qachon va qayerda yuz bergandi?

Botir Qodirov hamda YPX xodimi oʻrtasidagi janjal qachon va qayerda yuz bergandi?
Ijtimoiy tarmoqlarda taniqli xonanda Botir Qodirov va YPX xodimi oʻrtasidagi tortishuv aks etgan video tarqaldi. Ushbu videoda YPX xodimining iddao qilishicha, avtomobilini harakatlanayotganida belgilangan tezlikni oshirgan Botir Qodirov uning qonuniy talabiga boʻysunmay, hujjatlarini taqdim etishdan bosh tortgan. Jurnalist Mirolim Isajonov mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida surishtiruv oʻtkazdi.

Xonanda Botir Qodirov va yordamchilarining YPX xodimlari bilan janjallashgani aks etgan video bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarni “portlatmoqda”. 07:39 daqiqalik videoda YPX xodimining “Boshqa haydovchilardan nima farqingiz bor? Xonandalarga qonun yoʻqmi?” singari gap-soʻzlarini eshitish mumkin. Video ostida yozilishicha, xonanda belgilangan tezlik 50 kilometr/soat boʻlgan hududda soatiga 103 kilometr tezlikda harakatlangani uchun toʻxtatilgan. Hattoki Botir Qodirovning sheriklari YPX xodimiga kuch ishlatib, uni turtib yuborishga harakat qilgan. Guvohlarning fikricha, xonanda hujjatini koʻrsatmagan va YPX xodimi talablariga boʻysunmasdan mashinasini haydab ketib qolgan.

Facebookʻdagi bir qator guruhlar hamda Telegramʻdagi kanallarda tarqalgan ushbu manzara koʻplab foydalanuvchilarning qizgʻin baxs-munozaralarini yuzaga keltirdi. Ayrimlar YPX xodimining bu holatni videoga olib, tarqatib yuborganini qoralasa, aksariyat yurtdoshlarimiz xonanda oʻz obroʻsiga yarasha ish qilmaganini, burni “koʻtarilib” qolganini taʼkidlab, bu voqeaga albatta, qonuniy jazo koʻrilishini aytishgan.

Xoʻsh, aslida ushbu voqea qachon va qayerda yuz bergan? Mazkur holatda koʻproq Botir Qodirovni ayblash toʻgʻrimi? YPX xodimi esa “oppoqmi”? Shu va boshqa savollarga jurnalist Mirolim Isajonov javob topdi.

Fargʻona viloyati IIB matbuot xizmatidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ushbu voqea joriy yilning 23 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan. Videoda xonanda bilan janjallashgan shaxs Fargʻona viloyati IIB Yoʻl xarakati xavfsizligi boshqarmasi yoʻl patrul xizmati bataloni yoʻl-patrul xizmati ikkinchi otryadi, ikkinchi safarbarlik guruhi yoʻl-patrul xizmati inspektori, kichik serjant Akmaljon Obidov boʻlib, u oʻsha kuni Oltiariq tumani “Katput-Qapchugʻay” yoʻnalishida oʻziga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan Nexia rusumli transport vositasi va “Iskra-video-2” tezlik oʻlchash moslamasida xizmatga chiqqan.

U oʻzining xizmat faoliyatini olib borayotgan vaqtida soat 08:57 da “Fargʻona—Qoʻqon” yoʻnalishida transport vositalarining tezligi 50 km/soat tezlikgacha cheklangan hududda Toyota Prado transport vositasi 103 kilometr tezlikda hamda uning ortida Captiva rusumli transport vositasi soatiga 67 kilometr tezlikda harakatlanib kelayotganligini aniqlagan va ularni jezl yordamida toʻxtatgan. Ushbu avtomashinalar haydovchilariga oʻzini tanishtirib, ularga bu hududda soatiga 50 kilometr tezlikda harakatlanish belgilanganligi va haydovchilar tomonidan tezlikni oshirganliklari, amaldagi yoʻl harakati qoidalarini buzishganligini tushuntirgan.

Shu tufayli ularga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirganligini maʼlum qilgan vaqtida oʻzini qoʻshiqchi “Botir Qodirov Sheraliyevich” hamda “Prodyuser Asror Isaxoʻjayev Axmadovich”, deya tanishtirgan shaxslar safdor A.Obidovning qonuniy talabiga boʻysunmasdan, oʻsha yerda boʻlgan fuqarolar koʻz oʻngida safdor A.Obidovni haqorat qilib, uni obroʻsizlantirishgan.

Yuqoridagi holat boʻyicha videoradar tasvirlari inspektor tomonidan har ikkala haydovchilarga ham koʻrsatilgan. Mazkur holat yuzasidan Fargʻona viloyati IIB YXB xodimlari tomonidan qoʻshimcha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shundan soʻng biz xonandaning prodyusseri Asror Isaxoʻjayevga qoʻngʻiroq qildik. U hozir bu borada gapirolmasligini, ammo tez kunlarda voqea yuzasidan albatta, maʼlumot berishini taʼkidladi.

Mazkur videoning “oʻrgimchak toʻri”da yashin tezligidek tarqalib, koʻpchilikning gʻazabini qoʻzgʻatganiga salkam bir hafta boʻlgan boʻlsa-da, ammo shu vaqt oraligʻida IIB YHXB bu borada rasmiy maʼlumot bermaganiga kishini ajablantiradi. Yoki ular bu videoni koʻrmaganmi yohud vaziyatdan bexabarmi? Mutasaddilar ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan munosabatlar, salbiy fikrlar, xonandaning shaxsiyati-yu ijodiga nisbatan aytilayotgan “goʻzal” va “tesha tegmagan” soʻzlarni oʻqishmayaptimi? Yoki oʻqishsa ham mum tishlab olishganmi?

Kimlardir “Tasvirni koʻrganlar yana biror haftadan keyin buni unutishi mumkin”, degan fikrda yurgan boʻlishi shubhasiz. Ammo qonun hammaga teng ekanligini siz-u bizdan yaxshi biluvchi oddiy xalq, kunora qoida buzaverib, jarima toʻlayotgan haydovchilarning keskin noroziliklariga voqea boʻyicha mutasaddilar qachon yanada aniqlik kiritib, javob berishadi? Oʻylaymizki, ushbu vaziyat boʻyicha tegishli tashkilotlardan joʻyali javoblar kutib qolamiz.

Biz esa mavzuga yana qaytamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Botir Qodirov hamda YPX xodimi oʻrtasidagi janjal qachon va qayerda yuz bergandi?