12:24 / 13.10.2018
2 980

Daftar muqovasidagi xavf

Daftar muqovasidagi xavf
Ruchkani sal qattiqroq bossa, qogʻozi teshilarkan. Buning ustiga, yozuv izlari varaq orqasiga ham oʻtib ketgan. Yaxshilab eʼtibor bersam, sifati yaxshi emas. Juda yengil, varaqlari yupqa. Orqa tarafida esa daftarni ishlab chiqargan korxona manzili, qanday standart asosida tayyorlangani bilan bogʻliq hech qanday maʼlumot yoʻq. Faqat “CHP Abdumalikov” degan yozuv bor, xolos. Demak, bu nostandart, qoʻlbola usulda ishlab chiqarilgan».

Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan matbaa korxonalarining umumiy soni 1718 tani tashkil etadi. Shulardan 82 tasi kitob va darsliklar, 294 tasi davriy bosma nashrlar, 51 tasi daftar, 91 tasi kanselyariya va blanklar, 385 tasi reklama, 815 tasi esa boshqa yoʻnalishdagi matbaa mahsulotlarini chop etishga ixtisoslashgan.

— Qonuniy asosda faoliyat yuritib, jamiyat va mamlakat rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan hamda shu orqali yaxshigina daromad topayotgan biznes subyektlari soni koʻp, — deydi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori oʻribosari ­Oʻktam Xamrayev. — Ammo guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, sohada qonun talablariga amal qilmaydigan, shaxsiy manfaat yoʻlida iqtisodiyotga zarar yetkazishdan toymaydiganlar ham uchrab turibdi.

Respublikamiz hududiga kontrafakt matbaa mahsulotlarini olib kirish, ishlab chiqarish, tarqatish manbalarini aniqlash va oldini olish boʻyicha agentlik tomonidan hamkor tashkilotlar bilan doimiy ravishda turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada joriy yilning oʻtgan davrida oʻndan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Navoiy viloyatida yakka tartibdagi tadbirkor G. Isayeva “Bayoz” nashriyoti grifi ostida chop etilgan qalbaki kitob savdosi bilan shugʻullangan. Qashqadaryo viloyati Qamashi shahrida joylashgan “Kitoblar durdonasi” doʻkonida esa qoʻlbola usulda tayyorlangan maktab darsliklari sotilayotgani aniqlangan. Yoki “Smart Brain” OK, “Sun Trade Group”, “Brok class servis” va “Qogʻoz Kapital Biznes” kabi masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan davlat standartlariga zid ravishda ishlab chiqarilgan 12 hamda 48 varaqli daftarlar poytaxt bozorlarida sotuvga chiqarilgan. Toshkent shahridagi “Chorsu” bozori atrofida joylashgan savdo doʻkonlari va rastalarida, Toshkent viloyati hududida joylashgan “Ilm shuʼlasi” ulgurji bozorida ham bir qator faktlar aniqlanib, qonuniy chora koʻrish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.

— Koʻrilayotgan choralarga qaramay, bozor va savdo rastlarida turli xildagi sifatsiz, milliy maʼnaviyatimizga zid, “ommaviy madaniyat”ni targʻib etuvchi mahsulotlar savdosi kamaymayotgani kuzatilmoqda, — deydi Oʻktam Xamrayev. — Bunday holatlarning yuzaga kelishi, avvalo, ayrim olgʻir tadbirkorlarning yashirin sexlarda oʻzganing mahsulotidan nusxa koʻchirib, soliqdan qochib savdo qilayotgani, koʻproq foyda olish ilinjida standartda belgilangandan koʻra, yengil va sifatsiz qogʻozni ishlatayotgani, turli qingʻir yoʻllar bilan xorijdan milliy standartlarimizga zid mahsulotlar kirib kelayotgani bilan bogʻliq. Shuning uchun kontrafakt matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishi va savdosiga qarshi kurash boʻyicha bir nechta samarali, taʼsirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Birinchidan, kontrafakt matbaa mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish kerak. Buning uchun ota-onalarni ularni xarid qilmaslikka chaqirib, bu mahsulotlar yetkazishi mumkin boʻlgan zararlar haqida ijtimoiy roliklar tayyorlash, ularni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqatish zarur. Ikkinchidan, kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarganlik yoki uning savdosi bilan shugʻullanganlik uchun jarima miqdorini oshirish lozim. Uchinchidan, ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish zarur. Keyingi tadbir bu — bosmaxona-nashriyot-xaridor oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuzilsa, maqsadga muvofiq. Bu isteʼmolchi sotuvchidan sotib olayotgan mahsuloti davlat standartlariga toʻla javob berish-bermasligini bilmoqchi boʻlganda asqatadi.
Shahobiddin RASULOV

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Daftar muqovasidagi xavf