11:33 / 15.10.2018
6 403

O‘zbekiston yo‘llari bo‘yida nimalar sotilmoqda? (Fotosayohat)

O‘zbekiston yo‘llari bo‘yida nimalar sotilmoqda? (Fotosayohat)
“Qovunni Sirdaryodan olamiz, asalni Jizzaxdan, kartoshkani esa Bulung‘urdan”.

Deylik, Toshkentdan Samarqand tomon jo‘nagan oila ro‘zg‘or yoki sovg‘a uchun ana shunday yo‘l-yo‘lakay bozor qilish rejasini tuzib olishi mumkin. Binobarin, masofa qancha uzoq bo‘lsa, mahsulotlar assortimenti ham shunchalik kengayib boraveradi.

Masalan, “M-39” (Toshkent — Termiz) xalqaro avtoyo‘lining Sirdaryo viloyati hududidagi qismida qovun, anor, baliq xarid qilish mumkin. Yana yaqinda Mirzaobod tumanida tuya suti bilan savdo qiladigan do‘kon ham ish boshladi.

So‘ngra Jizzax dovonida qurt va asal sotadigan shahobchalar bor. G‘allaorolning Zargar qishlog‘ida esa maxsus tokchalarga marjondek terilgan asl Baxmal olmalari peshvoz chiqadi.

Bulung‘urda mashinaningiz yukxonasiga kartoshka joylashtirishingiz mumkin bo‘lsa, Samarqand shahrining har bir ostonasida o‘sha mashhur kuhna kent nonlari e’tiboringizni jalb etadi.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘zbekona go‘ja va ayron taklif qilishadi.

Qashqadaryo tomonlarda esa yo‘l ustida qadimiy taom- tandir go‘shtdan tatib ko‘rish imkoniyati bor.

Zomin tog‘lariga chiqsangiz, albatta, qozon patir, echki qurti va shifobaxsh giyohlardan olmay qaytmang.

O‘sha hududga xos milliy kiyim boshlar — cho‘girma va kamzul (chakmon)lar Qorqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanidan o‘tuvchi yo‘l chetidagi bozorda sotiladi.

Xorazm viloyatidagi Yangibozor — Gurlan yo‘nalishida sotiladigan, shu yerlarda o‘sadigan qoratol novdalaridan to‘qilgan savatchalar ham o‘tgan-ketganlarning sevimli anjomiga aylangan.

Farg‘ona viloyatidagi Bag‘dod — Rishton yo‘lining ikki tomonida to‘rnaqator kulolchilik mahsulotlariga ko‘zingiz tushsa, bilingki, siz o‘sha mashhur Rishton kulollari istiqomat qiladigan hududdan o‘tib borayapsiz.

Farg‘ona — Quva oralig‘ida qadimiy usulda tayyorlangan anor va o‘z mavsumida boshqa joyda uchramaydigan shotut sharbatidan ham tatib ko‘ring. Bog‘ qilmoqchi bo‘lsangiz, izlab o‘tirishga hojat yo‘q: quvaliklar o‘zlari yetishtirgan sarxil meva tuguvchi neki daraxt bor, barchasining niholini ana shu yo‘l ustiga olib chiqishadi.

Qo‘qon — Buvayda orasida harakalanayotgan bo‘lsangiz, Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida bir zum to‘xtab anjir yeb keting.

Hatto, Bag‘dod yo‘lida yana bir ro‘zg‘or uchun zarur anjom — supurgi ham xarid qilish mumkin.

“Qo‘qon patir”ni esa “Huqandi latif”ning dovon sari yurishdagi ostonasidan oling. Masalan, og‘izda yog‘dek eriydigan ushbu ne’mat yana kerak bo‘lsa, patir o‘rtasiga qarang, ismi-yu telefon raqamigacha yozilgan. Ya’ni xalqona reklama, deylik, eng mashhuri bo‘lgan “Akmal patir...”.

Ha, O‘zbekiston yo‘llari bo‘ylarida har bir hududning o‘ziga xos “brend”lari o‘z aksini topgan. Bu albatta, xalqimizning yaratuvchilik salohiyati yuqoriligi va ona — zaminimizning beqiyos sahovatidan dalolatdir. Ayni chog‘da, yo‘l bo‘ylaridagi ayrim betartib savdo holatlari markazlashtirilgan bozorlar holiga keltirilsa, bu yo‘lovchilar uchun ham, sotuvchilar uchun ham birdek qulay bo‘lar edi. Masalan, Sirdaryo viloyatida so‘nggi yillarda paydo bo‘lgan qovun bozorlari kabi rastalar qurilsa, ayni muddaodir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston yo‘llari bo‘yida nimalar sotilmoqda? (Fotosayohat)