23:40 / 15.10.2018
2 692

Toyloq hokimi ayolini chet elga yuborib “uy bekasi” boʻlib oʻtirgan erkaklarni tanqid qildi

Toyloq hokimi ayolini chet elga yuborib “uy bekasi” boʻlib oʻtirgan erkaklarni tanqid qildi
Toyloq tuman hokimi Bahodir Bobonazarov tuman aholisiga murojaatida xorijda faoliyat olib borayotgan muxoejir-ayollar masalasini koʻtardi, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston nashri.

Hokimning murojaati “Xalq bilan muloqot” guruhida eʼlon qilingan.

Hokim oʻz murojaati avvalida bugungi kunda mamlakatda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “xalq xoʻjaligining barcha jabhalarida, iqtisodiyotda, ichki va tashqi siyosatda misli koʻrilmagan hayotbaxsh islohotlar” amalga oshirilayotganini qayd etgan va mazkur oʻzgarishlar jarayonida faqatgina davlat hokimiyati organlari, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari-yu xodimlarigina emas, barchamiz, shu jumladan, mehnat faxriylari, hoji ota, hoji onalar, keng jamoatchilik, hatto, uy bekalari ham faol ishtirok etib, unga munosib hissa qoʻshishlari shart, deya taʼkidlagan.

Hokim oʻz murojaatida chet ellarda ishlayotgan ayollar masalasinini ham koʻtargan.

“Bugun xotin-qizlarning xorijda ishlashi degan balo boshimizga soya solyaptiki, uning ortidan qancha-qancha muammolar, dilxiraliklar kelib chiqmoqda. Baʼzi oriyatsiz erkaklar ayollarini chetga ishlashga joʻnatib, oʻzlari uy ”sohibasi" boʻlib oʻtirishibdi. Togʻni ursa talqon qilgulik kuchga ega notavonlar xotini yuboradigan pulga koʻz tikib oʻtirishibdi. Ayting, ularning oilasi oldidagi burchi, or-nomusi, gʻururi qayerda qoldi?! Nahotki, bunday tubanlik bizga yarashsa?! Chet elda yashab, ishlab yurgan opa-singillarimiz, u yerdagi yengil-yelpi hayotga uchib, oilasidan, bolalaridan voz kechib ketish holatlarini qanday izohlaymiz? Xonadonning farishtasi boʻlishga munosib onalarimizning beshikdagi emizikli goʻdagini tashlab, boylik izlab yurishi fojia emasmi? Buning natijasida oilaviy ajrimlar soni ortib, xonadonlar bekasiz, farzandlar qarovsiz qolmoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 9 oyi davomida tumanimizda er-xotin oʻrtasidagi ajrimlar soni 181 taga yetgan. Shuningdek, hozirgi kunda 4650 nafar xotin-qizlarimiz ishlash maqsadidaketgan boʻlib, shundan 1851 nafari Turkiya davlatida, 1307 nafari Rossiya federatsiyasida, 230 nafari Isroilda, 195 nafari Koreya mamlkatida, qolgani esa turli oʻlkalarda oʻzga yurtlarda sarson-sargardon yurishibdi.

Axir biz, saxovati va bagʻrikengligi bilan yetti iqlimda dovrugʻ qozongan buyuk zotlar avlodi, bitta mayizni qirq boʻlib yegan ajdodlarning farzandlarimiz-ku! Yoʻqchilik, ocharchilik davrida ham yetimlarni ba²riga olib, boshini silagan, boriga shukr, yoʻgʻiga sabr qilgan xalq zuryodlari endilikda oʻz bolasidan yuz oʻgirib, norasidalarini tirik yetim qilib tashlab ketmoqda.

Turli sabablarga koʻra parokanda boʻlgan oila farzandlarining kelajagini kim oʻylaydi? Pushti kamaridan boʻlgan zuryodlariga toʻgʻri tarbiya berish u yoqda tursin, hatto ularning moddiy taʼminotini oʻylamay, rizqini qiyayotgan, aliment toʻlashdan bosh tortayotgan kimsalarni qanday ota deb atash mumkin?", - deb yozilgan hokim murojaatida.

Bobonazarov tuman aholisini xulosa chiqarishga va ezgu maqsad yoʻlida birlashib, yurtda hukm surayotgan osoyishtalikning qadriga yetib, baxtli yashash uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishga chaqirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toyloq hokimi ayolini chet elga yuborib “uy bekasi” boʻlib oʻtirgan erkaklarni tanqid qildi