21:21 / 17.10.2018
5 488

Endi yerlar bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi

Endi yerlar bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi
O‘zbekistonda yerlarni sotish bosqichma-bosqich boshlanadi. Xususan, investitsiya muhitini yaxshilash uchun qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yerlarni davlat mulkidan chiqarib tashlash boshlanadi. Bu haqda Kun.uz nashri ma’lum qildi.

Adliya vazirligi tomonidan «Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi tayyorlandi.

Hujjatda 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagilarni belgilash taklif etilmoqda:

yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar – rezidentlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar – O‘zbekiston rezidentlari, shuningdek, mamlakat fuqarolari yer uchastkalari bilan birgalikda xususiylashtirish tartibida davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotib olishlari mumkin.

Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida bo‘lmagan yer uchastkalarining xususiylashtirilishi respublikada biznes yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir.

Loyihaning maqsadi yerlarni fuqarolik aylanmasiga jalb qilish, ulardan samarali foydalanishni ta’minlash, investitsion imkoniyatlarni kengaytirish va yer qonunchiligini yanada takomillashtirishdir.

Yer uchastkasining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, yer uchastkalari va ular bilan mustahkam bog‘langan ob’ektlar birligi prinsipi belgilanadi, unga binoan joylashgan yer uchastkasi mulkdoriga tegishli bo‘lgan bino yoki inshootga mulkdorlik huquqi berilganda, bino yoki inshoot bilan band hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasiga egalik huquqi bino yoki inshootni sotib oluvchiga o‘tadi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarorlari asosida pullik asosda amalga oshiriladi.

Loyiha bilan aniqlashtirilishicha, yer uchastkalarini xususiylashtirish faqat bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari, shuningdek, ko‘chmas mulk kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan aholi punktlarida joylashgan yer uchastkalariga nisbatan amalga oshiriladi.

2021 yil 1 yanvargacha yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun to‘lov, ularning joylashgan joyi, kommunikatsiyalar va boshqa sharoitlar mavjudligiga qarab aniqlanuvchi kadastr baholanishi bo‘yicha, 2021 yil 1 yanvardan keyin bozor qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi.

Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi doirasida 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, shu jumladan, 1 mlrd so‘mgacha aylanma (daromad)ga ega yuridik shaxslar uchun yer solig‘i joriy etiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarni yer uchastkalarini xususiylashtirishga rag‘batlantirish, shuningdek, yer uchastkasining egasi va foydalanuvchisi maqomini aniq belgilash uchun yer uchastkalari mulkdorlariga belgilangan yer solig‘i stavkasini 1/2 qismga kamaytirish taklif etildi.

Bundan tashqari, yer umummilliy boylik hisoblanishi hisobga olinib, loyiha bilan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini sotib olishda cheklovlar belgilash nazarda tutiladi. Shuningdek, qaror bilan xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalari belgilanadi.

Ushbu loyihaning qabul qilinishi respublikaga xorijiy investitsiyalar uchun yanada jozibador bo‘lish va iqtisodiyotga ichki investitsiyalarni safarbar etish, eskirgan yer qonunchiligi normalarini bartaraf etish, shuningdek, yerlarni fuqarolik aylanmasiga jalb qilishga yordam beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi yerlar bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi